Mamlakatimizda yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirish, “Xavfsiz va ravon yo‘l” tamoyili asosida yo‘llarda inson xavfsizligini ta’minlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Namangan shahrida fuqarolarga tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida barpo qilingan ma’muriy amaliyot markazi o‘z faoliyatini boshladi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali ochilish marosimida ichki ishlar organlari mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari hamda soha faxriylari ishtirok etdi. Tadbir avvalida respublika Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Davron Nazarmuhammadov yangi markaz faoliyati bilan bog‘liq muhim vazifalar haqida to‘xtalib, ushbu yo‘nalishda xizmat qilayotgan xodimlarni tabrikladi.
Prezidentimizning 2024 yil 18 dekabrdagi “Ichki ishlar organlarining yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish sohasidagi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan mazkur markaz fuqarolarga sifatli, qulay va shaffof xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yishni asosiy maqsad sifatida belgilab olgani bilan ahamiyatga ega.
Yangi markaz faoliyatida innovatsion yondashuvlar, raqamli texnologiyalar va ilm-fan yutuqlariga tayangan holda xizmat ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu o‘z navbatida, nafaqat yo‘l harakati qoidalarining buzilishi bilan bog‘liq holatlarni tezkor hal etish, balki fuqarolarning hayoti va qadr-qimmatini ishonchli himoya qilishda ilg‘or xorijiy tajribalarni amaliyotga joriy etishga xizmat qiladi.
Markaz zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan bo‘lib, xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash uchun qo‘shimcha kadrlar bilan to‘ldirildi. Shuningdek, odamlarga qoidabuzarliklar bilan bog‘liq har qanday savollariga yechim topib ketishlari uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Ma’muriy amaliyot markazi xodimlariga bir qator muhim vazifalar yuklatilgan.
Ta’kidlash joizki, ma’muriy amaliyot markazining ochilishi yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqishni samarali va shaffof tashkil etishda muhim qadam bo‘lib, fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, ularga tez va sifatli xizmat ko‘rsatishda yangi imkoniyatlarni ochadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA