Mamlakatning kuchli gandbol jamoalari Namanganda aniqlandi
Namanganda gandbol bo‘yicha 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar va o‘g‘il bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida Andijon va Surxondaryo viloyati jamoalari g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
Chempionatning qizlar birinchiligida 11 ta, o‘g‘il bolalar musobaqasida esa 10 ta jamoa chempionlik uchun kurash olib bordi.
Shiddatli bahslar yakuniga ko‘ra, qizlar orasida andijonlik gandbolchilar chempionlikka erishdi. Ikkinchi o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakilalariga, uchinchi o‘rin esa Namangan viloyati jamoasiga nasib qildi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasida Surxondaryo viloyati jamoasi g‘oliblikka erishgan bo‘lsa, Andijon viloyati ikkinchi, Namangan jamoasi uchinchi o‘rin sohibiga aylandi.
Chempionatning g‘olib va sovrindor jamoalari qimmatbaho sovg‘alar, tegishli darajadagi medal va diplomlar bilan taqdirlandi, deyiladi Yoshlar siyosati va sport vazirligi xabarida.
T. Ro‘ziyev, O‘zA