Mamlakatimizda barcha sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘z samarasini berib, yuksak natijalarga erishilmoqda. Bunda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab bergani alohida ahamiyat kasb etadi.
Mazkur strategiya doirasida olib borilgan amaliy sa’y-harakatlar qisqa muddat ichida sezilarli ijobiy natijalarni namoyon etdi. Birgina kambag‘allik darajasining 11 foizdan 5,8 foizga tushgani, yalpi ichki mahsulot hajmining 145 milliard dollarga yetgani va boshqa ko‘plab fakt va raqamlar strategiyaning qanchalik hayotiyligi va natijadorligini ko‘rsatadi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini yanada takomillashtirish bo‘yicha taklifni ilgari surdi. Shundan kelib chiqib, bugungi kunda ushbu hayotiy strategiyani yanada mukammal va puxta holatda boyitish, davrning o‘zi taqozo qilayotgan muhim maqsad-vazifalarni aks ettirish maqsadida uning yangilangan, takomillashtirilgan loyihasi ishlab chiqildi. Eng muhimi, strategiyani xalqimiz bilan birgalikda takomillashtirish maqsadida keng jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etildi.
— Prezidentimiz o‘z Murojaatnomasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini zamon talablariga muvofiq qayta ko‘rib chiqish muhimligini alohida ta’kidlagani tasodifiy emas, albatta. — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Dilmurod Artikov. — Bunga bir qator ob’ektiv omillar sabab bo‘lmoqda. Birgina misol, bir necha yil oldin 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazish strategik maqsad sifatida belgilangan edi. Bugun esa ushbu marraga 2026 yilning o‘zida erishilishi kutilayotgani mamlakat taraqqiyotining sur’ati qanchalik tez ekanini yaqqol namoyon etmoqda. Bu holat strategiya doimiy ravishda qayta tahlil qilinishi, real vaziyat va yangi imkoniyatlarga moslashtirilishi zarurligini ko‘rsatadi.
Ta’kidlash lozimki, aniq va ochiq-oydin belgilab olingan strategiya davlatning faqat joriy muammolarini hal etishga emas, balki uzoq istiqbolni ko‘zlab ish yuritishiga dalolat qiladi. Fuqarolar davlat siyosatining maqsadlarini, ustuvor yo‘nalishlarini, kutilgan natijalarini anglab yetgan sari, qarorlar qabul qilish jarayonida izchillik va mantiqiylikni his qiladi. Bu esa jamiyatda davlat siyosatiga nisbatan ishonch va qo‘llab-quvvatlashni kuchaytiradi.
Albatta, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini muhokama qilish jarayonida xalq vakillarining faol ishtiroki alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki bu hujjat — mamlakatimizning kelajak yo‘lini belgilab beruvchi muhim dasturdir, — deydi deputat.
Darhaqiqat, mamlakatimiz kelajagini, ertangi ravnaqini belgilab beradigan mazkur strategik hujjat barcha sohalarda yangidan-yangi marralarni zabt etishga zamin bo‘ladi. Shunday ekan, uning loyihasini takomillashtirishda shu yurt taqdiriga daxldor bo‘lgan barcha fuqaro faol ishtirok etishi, o‘z takliflari bilan kelajagimiz ravnaqiga hissa qo‘shmog‘i lozim bo‘ladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA