Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatning eng kuchli sambochilari saralanmoqda
08:51 / 2026-02-13

Farg‘ona shahrida joylashgan Samo sport majmuasida kattalar yosh toifasida sambo va jangovar sambo bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Unda yurtimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan mahoratli sambochilar g‘oliblik uchun bellashmoqda.

Mazkur musobaqa mamlakatimizda sambo sport turini yanada ommalashtirish, milliy terma jamoa safiga iqtidorli sportchilarni saralab olish hamda yil davomida o‘tkaziladigan xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tashkil etildi. Shu jihatdan chempionat muhim saralash bosqichi vazifasini ham bajarmoqda.

14-fevral kuniga qadar davom etadigan musobaqaning ilk kuniyoq bir qator vazn toifalarida g‘olib va sovrindorlar nomi aniqlandi. Sambo yo‘nalishida S.Olimjonov, I.Parmonov, I.Agajanova hamda S.Isroilava o‘z vazn toifalarida oltin medalga sazovor bo‘ldi. Jangovar sambo bahslarida esa I.Nosirov, A.Qudratov, M.Aralova va M.Abdullayevaga teng keladigan raqib topilmadi.

O‘zbekiston chempionatining tantanali ochilish marosimi ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Tadbir doirasida soha mutasaddilari sambo sport turini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, mamlakatimiz sambo assotsiatsiyasi rahbariyati ilk g‘olib va sovrindorlarni munosib taqdirladi.

Musobaqa davomida yana qator vazn toifalarida bellashuvlar o‘tkazilib, mamlakatning eng kuchli sambochilari nomi aniqlanadi.

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA