Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi imijini oshirish yo‘lida hammamiz bir musht bo‘lishimiz kerak
16:32 / 2023-05-01

Joriy yilning 6-8 may kunlari Guliston shahrida III Xalqaro baxshichilik san’ati festivali bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda mazkur nufuzli tadbirga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Festival oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida bu haqda atroflicha ma’lumot berildi.

Baxshichilik san’ati umumbashariy madaniyatning uzviy qismi sifatida barchamiz uchun qadrlidir. Bu san’at turi yoshlarni ona yurtga, milliy-madaniy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularni ezgulikka chorlashda beqiyos o‘rin tutadi. Afsuski, “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta’siri kuchaygan globallashuv davrida folklor san’atiga e’tibor va qiziqish susayib, himoya va muhofazaga muhtoj bo‘lib qolgan paytlar ham kuzatildi. Ushbu holat, tabiiyki, baxshilarimizni ham jiddiy xavotirga soldi.  

Quvonarlisi, bevosita Prezidentimiz tashabbusi bilan bu qadimiy san’at turi yana e’zoz topdi. Uni asrab-avaylash, rivojlantirish va ommalashtirish maqsadida qabul qilingan qator farmon va qarorlar soha rivojiga yangi hayot bag‘ishladi. Yurtimizda YUNESKO shafeligida Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish yaxshi an’anaga aylandi. 2019 yilda Termiz shahrida, 2021 yilda Nukus shahrida tashkil etilgan festivallar xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uyg‘otdi.  

Bu boradagi ezgu ishlarning natijasi o‘laroq, baxshichilik san’ati Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi. Bu juda katta tarixiy voqea bo‘ldi.  

Biz Guliston shahri mezbonlik qiladigan festivalni ham yuksak saviyada o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz. Bu kabi san’at bayramlari yana shu jihati bilan ham muhimki, u xalqaro miqyosda mamlakatimiz imijini oshirishga, sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi. Turistlar safi kengaysa, qo‘shimcha tarmoqlar ravnaq topadi. Bu esa aholi turmush farovonligi yanada oshishiga katta turtki beradi. Chunki turizm iqtisodiyotni rivojlantirishning drayver sohalaridan biridir.  

Shular haqida so‘z yuritar ekanmiz, hurmatli jurnalistlarimiz, blogerlarimizni Vatan manfaati yo‘lida bir musht bo‘lib, shu kabi festivallarning mazmun-mohiyati, ahamiyatini yanada kengroq ochib berishga hissa qo‘shishga, biz bilan yaqin hamkorlik qilishga chorlaymiz. O‘z navbatida, ularning taklif va mulohzalarini tinglashga ham doimo tayyormiz.  

O‘ylaymizki, III Xalqaro baxshichilik san’ati festivalida OAV vakillari har qachongidan faol bo‘lishadi. Bu borada ularga ijodiy muvaffaqiyat tilaymiz.  

Ozodbek Nazarbekov,

madaniyat va turizm vaziri