French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatimizning xalqaro doirada obro‘yi oshib bormoqda
11:57 / 2025-04-11

Bir hafta davomida respublikamiz muhim geosiyosiy maydonga aylanib ulgurdi. Iftixor bilan aytishimiz mumkinki, bugun dunyoning nigohi, O‘zbekistonga qaratilgan.

Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi shunchaki oddiy anjuman emas. Odatda bu yiliga ikki marta o‘tkazilib, parlamentarizm va barqaror rivojlanish tajribasiga ega bo‘lgan davlatlarda tashkil etiladi. Mamlakatimizning Parlamentlararo Ittifoqqa a’zoligi 2017 yilda, ya’ni O‘zbekiston o‘z taraqqiyotida yangi bosqichga o‘tgan vaqtda, izchil islohotlarni dadil boshlagan paytda qayta tiklandi. 

O‘tgan qisqa davr ichida, jumladan, milliy parlamentarizm va barqaror rivojlanish sohasida ulkan tajriba to‘plandi. Yurtimizning qator sohalarda erishgan yutuqlari yirik xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar tomonidan alohida e’tirof etilmoqda.

Xususan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida parlament institutini rivojlantirishni muhim vazifa sifatida alohida belgilandi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatning jamiyat va davlat hayotidagi o‘rnini oshirishga qaratilgan yigirmadan ziyod qonun qabul qilindi.

Ayniqsa, 2023 yili umumxalq referendumi orqali qabul qilingan yangi Konstitutsiyada parlament vakolatlari keskin oshirildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 tadan 12 taga, Senat vakolatlari esa 14 tadan 18 taga yetkazildi. Sud, korrupsiyaga qarshi kurash va raqobat organlarini shakllantirish bo‘yicha Prezidentning qator vakolatlari qonun chiqaruvchi hokimiyatga o‘tkazildi. Parlamentning Hukumatni shakllantirishdagi ishtiroki, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ustidan nazorat mexanizmlari yanada kuchaytirildi. 

Natijada, O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyat o‘rtasida nufuzi oshib bormoqda. Davlatimizga bo‘lgan ishonch va do‘stona munosabat rivojlanmoqda. Bu esa Parlamentlararo Ittifoqning diqqatini yurtimizga qaratdi. Parlamentlar o‘rtasidagi aloqalarni rag‘batlantirish va tinchlik hamda hamkorlikni mustahkamlash ishida birgalikda faoliyat ko‘rsatish uchun ularni birlashtirish Parlamentlararo ittifoqning asosiy vazifalaridan biridir. Mamlakatimiz bu anjumanga eshik ochibgina qolmay, tinglaydigan muhit, mas’uliyatli diplomatiya va keng muloqot fazasini taklif qiladigan maskanga aylandi. 181 ta parlament, 14 ta kuzatuvchi davlat, 25 ta xalqaro tashkilot, jami 2 ming nafardan ortiq delegat barchasi Assambleya sessiyalarida global kelajak haqida fikr almashdi.

Assambleyaning asosiy mavzusi “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” deb nomlanib, uning doirasida butun dunyo parlamentlari delegatsiyalari aholini ijtimoiy himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish, huquq ustuvorligini ta’minlash borasida tajriba almashdi. Shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish, gender tenglikka erishish, ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirish hamda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kabi hayotiy muhim mavzular muhokamada bo‘ldi. 

Har bir nutq – kelajak uchun dastur, har bir deklaratsiya – insoniyatga murojaat. Assambleya doirasidagi 70 ga yaqin turli tadbir va debatlar o‘zaro tajriba almashish va dunyo mamlakatlari manfaatli aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Sag‘indiq Turmanov,

O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi.

O‘zA.