Aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari, yashash darajasi va farovonligi, qishloq xo‘jaligi holati, tarkibi hamda yurtdoshlarimizni ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan ta’minlash istiqbollarini baholash tizimini yaratish uchun zarur ma’lumotlar bazalarini shakllantirish maqsadida shu yilning 15 yanvaridan 28 fevraligacha mamlakatimizda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilmoqda.
Odatda, aksariyat rivojlangan davlatlarda aholi har o‘n yilda bir marta ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Bu tadbir mamlakatning demografik, iqtisodiy va ijtimoiy ma’lumotlarini yig‘ish, umumlashtirish, baholash va tahlil qilish, qolaversa, kelgusi rivojlanish prognozlarini belgilab olish uchun muhim hisoblanadi.
Mamlakatimizda esa so‘nggi bor aholini umummilliy ro‘yxatga olish tadbiri 1989 yilda o‘tkazilgan. Shundan keyin bunday keng ko‘lamdagi ro‘yxatga olish amalga oshirilmagan. 2021 yilda aholini, 2022 yilda esa qishloq xo‘jaligini sinov tariqasida qisman ro‘yxatga olish tadbirlari o‘tkazildi. To‘laqonli ro‘yxatga olishni tashkil etish uchun xalqaro tajriba o‘rganildi, tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqildi, huquqiy asos yaratildi. Xususan, “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonunda aholini har 10 yilda, qishloq xo‘jaligini esa har 5 yilda kamida bir marta ro‘yxatdan o‘tkazish belgilandi.
2025 yil 19 sentyabr kuni esa davlatimiz rahbari “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi va bu umummilliy tadbirni 2026 yilning 15 yanvar – 28 fevral kunlari ikki bosqichda o‘tkazish belgilandi.
Bungacha esa butun mamlakatimizda jarayonga puxta hozirlik ko‘rildi, aholi o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borildi, ro‘yxatga olishda bevosita qatnashadigan mahalla yettiligi a’zolari o‘qitildi, maxsus platforma yaratildi.
Samarqand viloyatida ham bu muhim tadbirga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilgan holatda ayni paytda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning birinchi bosqichi davom etmoqda.
– Ro‘yxatga oliy jarayoni ikki bosqichda tashkil etilishi belgilangan bo‘lib, dastlabki bosqichda 15 yanvardan 1 fevralga qadar fuqarolarning o‘zi census.stat.uz sayti orqali OneID tizimi yoki jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqami (JSHSHIR) yordamida onlayn ro‘yxatdan o‘tmoqda, – deydi Samarqand viloyat statistika boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Muzrob Salimov. – 1-28 fevral kunlari o‘tkaziladigan ikkinchi bosqichda esa “mahalla yettiligi” va boshqa faollar uyma-uy yurib, ma’lumot to‘playdi va savolnomani to‘ldiradi. Birinchi bosqich boshlanganidan buyon shu kungacha (21 yanvarga qadar), olti kunda viloyatimiz bo‘yicha 46 foiz xonadon ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu juda yaxshi ko‘rsatkich va biz buning sifatini ko‘rib chiqish imkoniyatiga egamiz. Aytish mumkinki, bunday faollik ro‘yxatga olish boshlanishidan oldin aholi o‘rtasida olib borilgan keng ko‘lamli targ‘ibot-tushuntirish ishlari, qulay tizim yaratilgani samarasi va albatta xalqimizning o‘zi va yurtimiz kelajagiga befarq emasligi natijasidir.
To‘g‘ri, ro‘yxatga olish boshlangan 15 yanvarda kunning birinchi yarmida tizimda yuklamaning keskin oshib ketishi va ayrim muammolar kuzatildi. Bunday holat yuzaga kelishi oldindan taxmin qilingandi. Chunki boshqa davlatlarning ham bu boradagi tajribasi o‘rganilganda elektron tizimda shu kabi muammo va nuqsonlar bo‘lgani va bu “birinchi kun”, “birinchi hafta” effekti sifatida qayd etilganiga duch kelgandik. Lekin shu kunning o‘zida bu kichik nuqsonlar bartaraf etildi, ayrim muammolar hal etildi. Ayni paytda tizimda hech qanday nosozlik yoki ortiqcha yuklama kuzatilmayapti, jarayon bir xil davom etmoqda. Faqatgina savollarga javob berishda yoki yagona ma’lumotlar bazasida ayrim holatlarda shaxsiy ma’lumotlarning noto‘g‘ri kiritilgani bilan bog‘liq muammolar uchramoqda. Bu masalalar ham respublika va hududlarda tashkil etilgan “Saal-markaz” hamda shtablar orqali tezkor hal qilinmoqda.
Samarqand viloyat statistika boshqarmasida ham viloyatdagi mutasaddi idoralar xodimlari jalb qilingan holda shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda statistika, soliq, mahalla, kadastr, bandlik, qishloq xo‘jaligi va boshqa mas’ul idoralarning o‘ndan ortiq xodimlari ro‘yxatdan o‘tish jarayonida aholi duch kelayotgan savol va boshqa masalalarga yechim topmoqda, fuqarollarning murojaatlarini ko‘rib chiqmoqda. Shtabga 6 kun davomida 50 ga yaqin murojaat bo‘lgan va bu murojaatlar tegishliligi bo‘yicha mutaxassislar tomonidan ko‘rilib, hal etilgan.
Muzrob Salimovning qayd etishicha, viloyatning olis tog‘li va dasht hududlarida ham ayrim joylarda, garchi uyali aloqa tarmog‘ida uzulishlar kuzatilsa-da, mahalla, maktab, tibbiyot muassasalari va boshqa tashkilotlarda optik tolali internet aloqa tarmog‘i tortilgani tufayli odamlar ushbu muassasalarga kelib, ro‘yxatdan o‘tmoqda. Mahalla markazlarida ham yettilik xodimlari aholiga bu borada yaqindan ko‘maklashib, ro‘yxatdan o‘tishlariga sharoit yaratib bermoqda. Bu borada viloyatning Qo‘shrabot va Nurobod tumanlarida 14 mahallada jarayon boshlanishidan oldin sinov tarzida ro‘yxatga olish tadbirlari o‘tkazilgani ham ijobiy samara berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 21 yanvar holatida ro‘yxatdan o‘tishda Qo‘shrabot (83,4 foiz), Toyloq (63,7 foiz) va Pastdarg‘om (61,4 foiz) tumanlari aholisi faol ishtirok etmoqda. Boshqa hududlarga nisbatan biroz past ko‘rsatkich qayd etilayotgan Samarqand shahri (33,9 foiz), Kattaqo‘rg‘on (38,4 foiz) va Urgut (40,5 foiz) tumanlarida aholi o‘rtasida targ‘ibot tadbirlari kuchaytirilmoqda.
[gallery-27251]
– Ro‘yxatga olish tadbirlarini sifatli tashkil etish va o‘tkazish uchun boshqarmamiz xodimlari tuman va shaharlarga biriktirilgan, – deydi Muzrob Salimov. – Bu borada hokimliklar va boshqa idoralar bilan yaqin hamkorlikda ishlayapmiz. Ammo jarayonda biz tayanadigan eng katta kuch – mahalla yettiligi. Ro‘yxatga olish boshlangunga qadar ular bir necha bosqichli o‘quv-seminarlarda qatnashdi, zarur bilim va ko‘nikmaga ega bo‘ldi va ayni paytda ular aholiga census.stat.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tishda eng yaqin ko‘makchi bo‘lmoqda. Birinchi bosqichda qancha ko‘p aholining ro‘yxatdan o‘tishi ular uchun ham har jihatdan foydali. Chunki, jarayonning ikkinchi bosqichida “mahalla yettiligi” bevosita xonadonma-xonadon yurib, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Yuqori qayd etganimdek, ro‘yxatga olishda eng muhim ish bu – targ‘ibot. Shundan kelib chiqib, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali jarayon haqida axborot va qisqa roliklar berib borish, odamlar bilan bevosita muloqotlar uyushtirish va axborot almashishga alohida e’tibor qaratyapmiz.
Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish faqatgina aholi soni yoki qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq ma’lumotlarni to‘plashdan iborat emas. Bu jarayonda mamlakat iqtisodiy tuzilmasining barcha jihatlari, ijtimoiy sohadagi muammolar bilan bog‘liq ma’lumotlar jamlanadi va bu davlatimizning yaqin kelajakdagi rivojlanish strategiyasi, maqsadlarini belgilab olishga asos bo‘ladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/f9duNSrerxs" title="Mamlakatimizning taraqqiyoti, xalqimizning kelajagiga daxldor tadbir" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>G‘olib HASANOV, Alisher ISROILOV (video, surat),
O‘zA muxbirlari