Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatimizning 17 foiz aholisi oqova suv xizmati bilan ta’minlangan
17:22 / 2021-06-23

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining navbatdagi yalpi majlisiga kiritilgan masalalar dastlabki tarzda muhokama etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hududlaridagi oqova suv tozalash inshootlarida vujudga kelayotgan muammo va kamchiliklarning atrof-muhit hamda aholi salomatligiga ta’siri yuzasidan Parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Qo‘mita tomonidan oqova suv tozalash inshootlarining faoliyati joylarda o‘rganilib, mamlakatimizning 5,6 million aholisi oqova suv xizmati bilan ta’minlangani qayd etildi.  

bugungi kunda hududlardagi jami 58 ta yirik oqova suv tozalash inshootlarining 49 tasi (84 foiz), 8,6 ming km oqova suv tarmoqlarining 1,9 ming km (22 foiz) qismi ta’mirtalab holatda. Ushbu inshootlar uch bosqichda, mexanik, biologik va kimyoviy tozalash funksiyasini bajarishga ixtisoslashgan bo‘lib, aksariyat inshootlar faqatgina mexanik tozalash ishlarini bajarmoqda.  

O‘rganish davomida Toshkent shahrining Salor, Bo‘zsuv, Bektemir hamda Surxondaryo viloyatining Termiz shahri oqova suv tozalash inshootlari bugungi kunda ta’mirtalab holatga kelib qolgani aniqlangan. Bundan tashqari, mahalliy oqova suv tozalash inshootlari talabga javob bermasdan kanalizatsiya tarmoqlariga oqovalarning me’yor darajasida tozalanmasdan tashlanayotganligi ma’lum bo‘lgan.  

Respublikamizning barcha viloyatlarida oqova suv tozalash inshootlari ta’mirtalab, jihozlari eskirganligi sababli oqova suvlar zararsizlantirilmasdan inshootga yaqin bo‘lgan daryolar va soylarga oqizib yuborilmoqda.  

Majlisda xalq deputatlari Kasbi tumani Kengashining 2020 yil 30 dekabrdagi “Kasbi tuman hududidagi yillik shartnomaviy rejani bajarmagan fermer xo‘jaliklar hisobidagi yer maydonlarini tuman hokimligi zaxira yer fondiga qaytarish va maqbullashtirish to‘g‘risida”gi qarorini o‘rganish natijalari ko‘rib chiqildi.  

O‘rganish natijalari xalq deputatlari Kasbi tumani Kengashi tomonidan qabul qilingan qaror O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga zid deb topishga asoslar mavjud emasligini ko‘rsatdi.  

Xususan, Kengash qaroriga muvofiq “Saidnabiyev Farhodjon Boboyevich” fermer xo‘jaligining 46,5 gektar yer maydonini tuman hokimligi zaxirasiga qaytarishga rozilik berilgan bo‘lsa-da, biroq ushbu qarorda fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan yer ijara shartnomasini tuman hokimi qarori bilan bekor qilish lozimligi nazarda tutilmagan.  

Shuningdek, xalq deputatlari Izboskan va Nurobod tumanlari Kengashi tomonidan fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan yer ijara shartnomasi qonunga xilof ravishda bekor qilinganligi o‘rganilgan.  

O‘rganish natijalari xalq deputatlari Izboskan va Nurobod tumanlari Kengashlari tomonidan qabul qilingan qarorlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga zid deb topishga asoslar mavjud emasligini ko‘rsatdi.  

 

Nurillo Nasriyev, O‘zA