Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali O‘zbekistonda ilk bor koronavirusning “hindcha” shtammi aniqlangani to‘g‘risida bildirilayotgan shu kabi fikrlar va savollarga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov munosabat bildirdi:
– Darhaqiqat, bugun yurtimiz ommaviy axborot vositalari va internet saytlarida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan berilgan ma’lumot – ya’ni vazirlik huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazida koronavirusning “hindcha” shtammi aniqlangani to‘g‘risida xabarlar berildi, – deydi N.Otabekov SSV Matbuot xizmatiga bergan intervyusida. – Aslida yurtimiz aholisi O‘zbekiston hududiga koronavirusning yangi shtammi kirib keladigan bo‘lsa, bunga jiddiy e’tibor berishga odatlanib qoldi. Eslasak, bundan avval mamlakatimizda “COVID-19”ning “britancha” shtammi ilk bor aniqlanganda ham aynan mana shunday munosabatlar, shu kabi shov-shuvlarning guvohi bo‘lganmiz. Aslida butun Yer yuzidagi murakkab pandemiya sharoitida bu narsani to‘g‘ri va normal holat sifatida qabul qilish lozim. Dunyo miqyosida koronavirusni ilmiy izlanishlar maqsadida doimiy kuzatib borayotgan ilg‘or laboratoriyalar mutaxassislari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda “COVID-19” kasalligining 5000 ta, ayrim soha vakillarining fikricha esa 7000 dan ko‘proq mutatsiyaga uchragan shtammlari paydo bo‘lgan. Mutatsiyaga uchragan shtammlar faqat kasallikning tarqalish tezligi, uni yuqtirib olgan odamlarda yengil yoki og‘ir o‘tishi, yosh toifasida farq bo‘lishi mumkin. Aytish mumkinki, aslida koronavirusning mutatsiyaga uchragan va uchramagan hamma shtammlarining eng asosiy mikroorganizmi “COVID-19” shtammi bo‘lganligi va ushbu shtamm bilan chaqirilgan kasallikning klinik belgilari, laboratoriya tashxisi, profilaktikasi, oldini olish choralari, vaksinalardan foydalanib, himoyalanish darajasi bir xil bo‘lgani uchun ularning chuqur etimiologik omilini aniqlash va qanday virus ekanligini oxirigacha tekshirib borishga ehtiyoj yo‘q.
Ilg‘or texnologiyalar markazida koronavirusning “hindcha” shtammi aniqlangani to‘g‘risidagi xabarga kelsak, dastlabki laboratoriya tekshiruvi natijalari ushbu taxminni katta ehtimol bilan tasdiqlamoqda. Ammo to‘g‘ri xulosaga kelish uchun yakuniy tahlillarni to‘liq o‘rganib chiqish kerak bo‘ladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA