Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatimizdagi islohotlar jarayonida siyosiy partiyalarning o‘z o‘rni bor
13:58 / 2023-06-01

Bu yil jonajon Vatanimiz istiqlolga erishganining o‘ttiz ikkinchi yili. Mustaqillikning dastlabki yillarida davlat, jamiyat va inson tamoyillarini bosh maqsad qilib olgan, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplariga asoslangan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mamlakat rivoji va taraqqiyotiga mos ravishda yanada demokratik tus bilan takomillashtirildi. Inson manfaatlari jamiyat va davlat manfaatlaridan yuksak qo‘yildi.

Ana shunday huquqiy asoslar negizida ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha sohalari singari davlat hokimiyati boshqaruvi sohasida ham keng qamrovda amalga oshirilayotgan islohotlar izchillik bilan bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda. Dunyoning turli mintaqalarida sodir bo‘layotgan xunrezliklar, qonli to‘qnashuvlar, siyosiy va iqtisodiy qarama-qarshiliklar, terrorizm, radikalizm, narkotrafik tobora avjiga chiqayotgan bir paytda mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikni saqlash o‘z-o‘zidan bo‘lmayotganini anglash qiyin emas. Bundan xulosa shuki, barcha sa’y-harakatlar yurt tinchligiga, xalq salomatligi va farovonligiga, Vatan taraqqiyotiga safarbar qilinganligidan dalolatdir.  

Bu kabi natijalar mamlakatimiz fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali faol ishtirok etayotganini, hamjihatlik va birdamlik hukm surayotganini ko‘rsatadi. Bu borada, albatta, siyosiy partiyalarning ham alohida o‘rni bor.  

O‘tgan davrda davlat boshqaruvida fuqarolik jamiyati institutlarining, shu jumladan siyosiy partiyalarning ishtiroki mustahkamlandi. Partiyalararo sog‘lom raqobat uchun keng va teng sharoitlar yaratildi. Fuqarolarimizning siyosiy huquqlariga konstitutsiviy maqom berilib, jamiyat va davlat ishlarini boshqarish huquqlari belgilab qo‘yildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 39-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar”, deb belgilab qo‘yildi. Bunday imkoniyatlar siyosiy partiyalarning o‘z vakillari orqali jamiyat va davlat qurilishidagi ishtirokini mustahkamlaydi.  

Demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish zarurati fuqarolarning siyosiy faolligini sezilarli darajada oshirishga, mamlakat hayotida siyosiy partiyalarning o‘rni va rolini kengaytirishga, partiyalararo sog‘lom raqobatni kuchaytirishga yo‘naltirildi. Bu maqsadlarga konstitutsiyaviy maqom berilib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 74-moddasida: “Siyosiy partiyalar turli ijtimoiy tabaqa va guruhlarning siyosiy irodasini ifodalaydilar va o‘zlarining demokratik yo‘l bilan saylab qo‘yilgan vakillari orqali davlat hokimiyatini tuzishda ishtirok etadilar. Siyosiy partiyalar o‘z faoliyatining moliyalashtirilishi manbalari haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga yoki u vakolat bergan organga belgilangan tartibda oshkora hisobotlar taqdim etadilar”, degan me’yor bilan mustahkamlandi.

Shu tariqa Konstitutsiya va qonun hujjatlari davlat boshqaruvini mazmunan yangilash, bunda mavjud demokratik tamoyillarni kengroq joriy etish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish maqsadlarini qamrab oldi. Asosiy e’tibor siyosiy partiyalar rolini oshirishga, yangidan shakllantirilgan hukumatning tutgan yo‘li (kursi) va dasturi yoki uning ayrim yo‘nalishlariga qo‘shilmaydigan siyosiy partiyalar fraksiyalari, parlamentdagi muxolifatning qonun bilan kafolatlangan huquqlari parlament ko‘pchiligi tomonidan kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmasligiga, o‘zini parlamentdagi muxolifat deb e’lon qilgan siyosiy partiya fraksiyasining huquqlari himoya qilinishiga, bir so‘z bilan aytganda, parlamentda siyosiy partiyalarning faolligini oshirishga, siyosiy tizimdagi barqarorlikni ta’minlashga qaratildi. Muxolifatdagi partiyalarga qonunchilik hujjatlari muhokamasida to‘liq qatnashish va muqobil qonun loyihalarini taqdim etish huquqlarining berilganligi ham juda muhimdir.  

Qonunchilikka bunday normalarning kiritilishidan ko‘zlangan maqsad, avvalo, parlamentda siyosiy partiyalar va shu partiyalar fraksiyalarining parlament ishiga yaqindan kirishishi, mas’uliyatini oshirishi, tashabbuskorligini kuchaytirishi, ular orqali, birinchidan, saylovchilarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda o‘z vakillari orqali faol ishtirok etishi, ikkinchidan, saylovchilarning hukumat faoliyati ustidan o‘z nazoratini kengaytirishi, bir so‘z bilan aytganda, fuqarolarning siyosiy faolligi o‘sishi uchun xizmat qiladi.  

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, umumxalq ovozi bilan Konstitutsiyamizga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar barqaror rivojlanib borayotgan mamlakatimizda davlat hokimiyati va boshqaruvini yanada demokratlashtirish, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy islohotlarni chuqurlashtirish, mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning o‘rnini yanada kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, Konstitutsiyaning 118-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining mansabdor shaxslari saylangandan va organlari shakllangandan so‘ng bir oy ichida yoki Bosh vazir lavozimidan ozod etilganidan keyin yoxud Bosh vazir, Vazirlar Mahkamasining amaldagi tarkibi iste’foga chiqqanidan keyin bir oy ichida Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi va ma’qullashi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan so‘ng taqdim etiladi”, degan me’yor bu masalada siyosiy partiyalarning bilvosita ishtirokini ta’minlash barobarida, ularning jamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.  

Konstitutsiyamizga kiritilgan bu kabi o‘zgartish va qo‘shimchalar hayotga izchillik bilan tatbiq etilayotgani mamlakatimizda demokratik jarayonlar jadal rivojlanayotganining amaldagi isboti bo‘lib, siyosiy partiyalarning yanada faollashuviga asos bo‘lmoqda.  

Joriy yil 10 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan muddatidan ilgari Prezidentlik saylovini o‘tkazish bo‘yicha saylov kampaniyasi e’lon qilindi. Shu kundan e’tiboran, yurtimizda ko‘ppartiyaviylik, siyosiy xilma-xillik va sog‘lom raqobat asosida har bir partiya saylovda ishtirok etishini e’lon qildi va Markaziy saylov komissiyasining mandatini qo‘lga kiritdi. Shu jumladan, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining saylovda ishtirok etish haqidagi arizasi Markaziy saylov komissiyasining 2023 yil 15 may kungi qarori bilan qanoatlantirilib, 2023 yil 9 iyul kuni muddatidan ilgari bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishiga ijozat beruvchi guvohnoma topshirildi. Shundan so‘ng belgilangan tartibda saylovchilarning Prezidentlikka nomzodni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha imzosi yig‘ildi va Markaziy saylov komissiyasiga topshirildi.  

Xulosa o‘rnida aytganda, bugun siyosiy partiyalar qonunchiligimizda belgilangan huquqlari asosida mamlakatimizdagi barcha islohotlar jarayonida faol ishtirok etib, o‘z dasturiy maqsad-vazifalarini amalga oshirgan holda yurt rivojiga ko‘maklashib kelmoqda.  

Abdukamol Rahmonov,

“Adolat” SDP Siyosiy Kengashi

raisi o‘rinbosari.

O‘zA