French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatimizda yangi hunarmandchilik markazlari tashkil etiladi
16:05 / 2021-03-31

Milliy matbuot markazida «Hunarmand» uyushmasi tomonidan mamlakatimizda hunarmandchilik markazlarini qurish va rekonstruksiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Ta’kidlanganidek, «Hunarmand» uyushmasi tarkibida 40 ming nafardan ortiq hunarmandlar faoliyat yuritib kelmoqda. Sohani rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor natijasida hunarmandchilik jadal rivojlanmoqda. Usta-shogird an’analari doirasida respublikada shogirdlar soni 67,8 ming nafarga yetdi. Sohada yaratilgan ish o‘rinlari soni 175 mingtani tashkil etmoqda.

Hunarmandchilikni rivojlantirish dasturi doirasida tijorat banklari tomonidan joriy yilning birinchi yarim yilligida 8 ming 531 ta loyihaga 327,3 milliard so‘m kredit ajratilishi belgilangan. Birinchi mart holatiga ko‘ra, banklar tomonidan 2020 yildagi loyihalar hisobidan 478 ta loyihaga 14,2 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratilgan.

– Prezidentimizning 2017 yil 17 noyabrdagi «Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, shahar va tumanlarda Hunarmandchilikni rivojlantirish markazlarini tashkil etish belgilangan, – dedi «Hunarmand» uyushmasi raisi o‘rinbosari Aziz Murtazayev. 

– Ushbu markazlar tarixiy-an’anaviy arxitektura uslubida qurilib, markaz hududida turistlarni keng jalb qilish uchun «tarixiy sharq bozori» uslubidagi savdo rastalari, xalq ijodi ustalari tomosha ko‘rsatadigan maxsus joylar, karvonsaroylar va boshqa ob’ektlar joylashtiriladi. Muhimi, bu markazlarda hunarmandlar asrlar davomida ularning ajdodlari kabi bir joyda yashab, mehnat qiladi. Ya’ni qurilayotgan binolarning birinchi qavatida ularning ustaxona va savdo do‘konlari joylashadi, ikkinchi qavatda ular uchun zamonaviy turar joylar tashkil etilishi vazifa etib belgilangan.

Farmon tasdiqlangunga qadar yurtimizda 17 ta hunarmandchilikni rivojlantirish markazi faoliyat yuritib kelgan. Jumladan, Buxoro shahrida gilam to‘qish markazi, Samarqand shahrida Hunarmandchilik markazi, Ruxobod hunarmandlar markazi, Marg‘ilon shahri Atlas va adras to‘qish markazi, Toshkent shahrida Abul Qosim madrasasi, Baroqxon madrasasi, Chorsu bozoridagi hunarmandlar rastalari shular jumlasidandir. Farmon tasdiqlangandan so‘ng o‘tgan 2020 yil yakuniga qadar 31 ta hunarmandchilikni rivojlantirish markazi tashkil etilib, foydalanishga topshirildi.

Tadbirda mazkur markazlar faoliyati, qulaylik va imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.

 

Gulnoza BOBOEVA, O‘zA