27 mart - Xalqaro teatr kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan ushbu ijodiy loyiha "Ochiq eshiklar kuni" sifatida bo‘lib o‘tmoqda.
Mamlakatimizda milliy teatr san’ati rivojiga katta e’tibor qaratilmoqda. Yurtimizdagi teatr jamoalari o‘z imkoniyati, tomoshabin, umuman jamiyat oldidagi ijtimoiy burchini teran anglagan holda yangi sahna asarlarni tayyorlab, yurtdoshlarimizga taqdim etmoqda.
Mamlakatimizda san’atkorlar, shu jumladan, teatr sohasi fidoyilari doimiy qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ularning samarali ijod qilishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilmoqda. Teatrlarning moddiy-texnika bazasi muntazam yaxshilanmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan barcha ijodkor ziyolilar singari teatr san’ati ustalari - rejissyorlar, ijodkorlar, dramaturglar, sahna dekoratsiyasi ustalari, bezaklarni quruvchilar, hatto libos tikuvchilar, chiroq ustalari, grim ustalari, xullas faoliyati teatr bilan bog‘liq barcha-barcha xodimlar faol rag‘batlantirilmoqda.
Aslida mamlakatimizda yil - o‘n ikki oy teatr haftaligi, desak yanglishmaymiz. Negaki, tomosha san’ati jamoalarining faoliyati doim qizg‘in va to‘xtovsiz jarayonda. Yurtimiz teatrlari muntazam tarzda tomoshabinni yangi spektakllar, premeralar bilan xursand qilmoqda. Poytaxt va viloyatlardagi teatr jamoalari mamlakatimizning turli hududlarida doimiy ijodiy safarlarda bo‘lib, hatto chekka va olis hududdagi muxlislarini ham eng sara spektakllari bilan mamnun etmoqda.
Respublika va xalqaro miqyosdagi tanlovlar, ko‘riklar, festivallar o‘zbek teatr san’ati yutuqlari bilan kengroq tanishish va eng mukammal asarlardan bahramand bo‘lish imkonini bermoqda.
Yurtimiz teatrlarida bo‘lib o‘tayotgan "Ochiq eshiklar kuni" tadbirlari sohadagi yutuq va kamchiliklarni atroflicha tahlil etish, galdagi vazifalarni belgilash, tomoshabinlar fikrini o‘rganish uchun yana bir qulay imkoniyatdir.
Zero, ijodiy jamoalarimizning eshiklari yil davomida tomoshabinlar uchun ochiqdir.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri