French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatimizda tadbirkor ayollar soni ortmoqda
14:18 / 2025-08-25

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ayollarni iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning moliyaviy mustaqilligini ta’minlash va tadbirkorlikdagi faolligini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Buning natijasida mamlakatda ayollar rahbarligidagi kichik korxona va mikrofirmalar soni yildan-yilga oshib bormoqda.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilning 1 yanvar holatida O‘zbekistonda ayollar rahbarligidagi kichik korxona va mikrofirmalar soni 43 ming 860 taga yetgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 2 ming 611 taga ko‘p. Ushbu o‘sish mamlakatda tadbirkor ayollar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, qo‘llab-quvvatlovchi dasturlar, foizsiz kreditlar, bepul o‘quv kurslari, subsidiyalar va erkin iqtisodiy zonalardagi qulay shart-sharoitlar natijasidir.

Davlat tomonidan ayollar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida maxsus kredit tizimlari yo‘lga qo‘yilgan. Aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish dasturlari doirasida ko‘plab ayollar o‘z biznesini boshlash uchun moliyaviy ko‘mak oldi. Ayol tadbirkorlarga sanoat zonalarida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish faoliyatini boshlashi uchun yer maydonlari ajratilmoqda. Bu ularning biznesini boshlashdagi asosiy to‘siqlardan birini bartaraf etadi.

Ayollar rahbarligidagi korxona va firmalarning soni har bir viloyatda turlicha. Ayollar tadbirkorligi rivojida yetakchi o‘rinni Toshkent shahri 12 ming 814 ta kichik korxona va mikrofirmalar bilan egallamoqda. Toshkent shahrida ishbilarmonlik muhiti va qulayliklar yuqori bo‘lib, ko‘plab ayollar xizmat ko‘rsatish va savdo sohasida muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Keyingi o‘rinni poytaxtga yaqinligi va iqtisodiy hududlar mavjudligi bilan Toshkent viloyati egallagan. Samarqandda ham turizm va hunarmandchilik sohasida faoliyat yuritayotgan ayollar soni ortib bormoqda va viloyatda ayollar rahbarligida kichik korxona va mikrofirmalar soni 3 ming 905 taga yetdi. 

Bu nafaqat iqtisodiy faoliyatda ayollarning o‘rni mustahkamlanayotganini, balki mamlakat iqtisodiyotining muhim segmentida ularning salmoqli hissasi borligini ko‘rsatadi. Ayollar tadbirkorligi quyidagi sohalarda faol ko‘zga tashlanmoqda. Turli xizmatlar bo‘yicha 17 ming 239 ta korxona, savdo sohasida 17 ming 161 ta, sanoat sohasida 5 ming 464 ta va boshqa sohalarda 3 ming 996 ta korxonalar faoliyat yuritib kelmoqda.

Bu ko‘rsatkichlar shuni anglatadiki, xizmatlar sohasi ayollar uchun eng qulay va daromadli soha bo‘lib qolmoqda. Bu soha turli xizmat turlarini, jumladan, go‘zallik salonlari, ta’lim, sog‘liqni saqlash, IT va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarni o‘z ichiga olishi mumkin.

Savdo sohasi esa xizmatlar sohasidan faqat 78 ta korxona bilan orqada. Bu esa ko‘pchilik ayollar chakana va ulgurji savdo yo‘nalishlarida faol ekanini, bu soha ularga qisqa muddatda foyda keltiruvchi va kirish oson bo‘lgan yo‘nalish sifatida qaralayotganini anglatadi. 2025 yil boshiga kelib, ayol tadbirkorlar boshqaruvidagi korxonalarning mahsulot sotishdan tushgan sof daromadi 47,7 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davri bilan solishtirilganda qariyb 10,1 trillion so‘mga oshgan.

O‘zbekistonda ayollarni iqtisodiy hayotga keng jalb qilish mamlakatning umumiy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim ahamiyatga ega. Ayol tadbirkorlarning ko‘payishi nafaqat oilaviy daromadlarni oshiradi, balki yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, xizmatlar sifatining yaxshilanishiga va jamiyatdagi tenglik tamoyillari mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Ayollar rahbarligidagi kichik korxonalar sonining ortishi ayollarning jamiyatdagi faol o‘rni, ularning ijtimoiy va iqtisodiy hayotdagi rolini kuchaytirishga qaratilgan siyosatning samarali natijasidir. Kelgusida ham bu boradagi islohotlar, ayniqsa moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ko‘nikmalarni rivojlantirish va gender tengligini targ‘ib qilish orqali tadbirkor ayollar soni yanada ortishi kutilmoqda.

Dildora DO‘SMATOVA

O‘zA