Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatimizda tabiiy pardozbop toshlar ishlab chiqarish sohasi rivoji yo‘lida ilk muloqot va tanishuv
10:52 / 2023-03-04

Bugun poytaxtimizda ilk bor «Tabiiy tosh» xalqaro sammiti o‘tkazildi.

«O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi va «O‘zsanoatqurilishbank» ATB hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mahalliy va xalqaro mutaxassislar, mas’ullar va korxonalar rahbarlari ishtirok etdi.

«O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi boshqaruvi raisining o‘rinbosari Baxtiyor Boboqulov, “Marmaruz” savdo uyi rahbari Andrey Dibrova, rossiyalik xalqaro ekspert Vyacheslav Kamarov va boshqalar tabiiy pardozbop toshlar ishlab chiqarishda jahon tajribasi, konlardan foydalanish, yangi texnologiyalar, tabiiy toshlar marketingi yutuqlari ushbu soha rivojida muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

[gallery-10803]

Ayni paytda O‘zbekistonda tabiiy pardozbop toshlarni (marmar, granit, travertin va boshqalar) qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha 300 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning umumiy ishlab chiqarish quvvati 320 ming metr kubdan ortiq, qayta ishlash quvvati 7,0 million kvadrat metrni tashkil etadi.

–bugungi kunda respublikamiz hududlarida 167 ta tabiiy pardozbop tosh konlari mavjud bo‘lib, ularning zaxiralari 469,8 million metr kub va foydalanish darajasi 27 foizdir, –dedi «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi boshqaruvi raisining o‘rinbosari Baxtiyor Boboqulov. – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan Navoiy viloyatining Gazg‘on shahrida umumiy qiymati 52 million dollar bo‘lgan 14 ta yirik klaster loyihasi amalga oshirildi. Natijada yiliga 149 ming metr kub marmar, granit, gabbro va boshqa tabiiy toshlar (bloklar) qazib olish, 1,3 million kvadrat metrdan ortiq turli turdagi plitalar va me’moriy mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etildi. Bu ishlar natijasida 630 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. 2022 yilda tabiiy pardozbop toshlar eksporti 11,4 million dollarlik, ya’ni 58,2 ming tonnani tashkil etdi. 2017 yildagi eksport hajmiga nisbatan bu ko‘rsatkich 22 barobarga oshdi. O‘tkazilgan tadbirda Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Italiya, Turkiya va O‘zbekistondan 50 tadan ortiq korxona vakillarining ishtiroki va muloqoti ham soha ravnaqida muhim ahamiyatga ega.

“Marmaruz” korxonasi rahbari Ravshan Asadovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda 2016 yildan buyon tabiiy pardozbop toshlarni qayta ishlash sohasiga katta ahamiyat berilmoqda.

–Aytish joizki, O‘zbekiston tabiiy pardozbop toshlarini dunyo bozoriga olib chiqishga harakat qilmoqdamiz. O‘tgan yil davomida “Marmaruz” korxonasi tomonidan 500 ming AQSH dollari miqdorida mahsulotlarimizni eksport qildik. Joriy yilda esa eksportimizni qariyb 1 million dollarga yetkazish niyatimiz bor. Sammitning bevosita tashkilotchisi sifatida ayta olamanki, bugungi uchrashuv, muloqot va tanishuv soha vakillarini bir maqsadga jamlashga xizmat qiladi. O‘zaro hamkorlik va tajriba almashish yurtimizdagi tabiiy pardozbop toshlarni qayta ishlash korxonalar faoliyati va imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.

Sammit doirasida ishtirokchilar Toshkent, Samarqand va Navoiy viloyatlaridagi sanoat korxonalar, konlar faoliyati bilan ham yaqindan tanishadi.

Nasiba ZIYODULLAEVA,

O‘zA muxbiri