Mamlakatimizda qish-bahor mavsumi uchun 660 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasi yaratiladi
“O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi raisi Zafar Fayziyev mamlakatimiz aholisi uchun qish-bahor oylarida talab etiladigan asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi, ularni eksport qilish, mahsulotlarni saqlash uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlar xususida O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi.
Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida agrar sohada bozor munosabatlarini joriy qilish, xususiy mulkchilik shaklini taraqqiy ettirishga yo‘naltirilgan izchil islohotlar samarasida meva-sabzavot va poliz ekinlari yetishtirish serdaromad tarmoqlardan biriga aylandi.Yurtimizda pishiqchilik mavsumi mart oyidan dekabr oyiga qadar – qariyb yil bo‘yi davom etadi. Hosil yig‘ish mavsumi yakunlangach, mahsulotlar nest-nobud bo‘lishining oldini olish, ularni xalqimiz dasturxoniga uzluksiz yetkazib berish, ayozli kunlarda ham narx-navoning oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qish-bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasini yaratish doimiy e’tiborda.
Bu yilgi mavsumda mamlakatimiz aholisi uchun qish-bahor oylarida talab etiladigan asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi, ularni eksport qilish imkoniyati, mahsulotlarni saqlash uchun qurilayotgan sovutgichlar xususida “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi raisi Zafar Fayziyev O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:
– 2016-2017 yil qish-bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 660 ming tonnalik zaxirasini yaratish choralari ko‘rilmoqda. 175 ming tonna kartoshka, 139 ming tonna piyoz, 46 ming tonna boshqa sabzavotlar, 105,8 ming tonna meva shular sirasidan. Bozorlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining tanqisligi va narxlar oshishining oldini olish maqsadida sovutgichli omborxonalarda kerakli miqdorda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari jamg‘arildi. Buning uchun zarur bo‘lgan 93 million so‘mning 38,4 millioni korxonalarning o‘z mablag‘lari, qolgan qismi tijorat banklari kreditlari evaziga moliyalashtirildi. “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi bozorni sarxil meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari, uzum va guruch bilan to‘ldirish, muhim oziq-ovqat tovarlari zaxirasini g‘amlash chora-tadbirlarini ko‘rmoqda.
Tayyorlov korxonalari bilan dehqon va fermer xo‘jaliklari o‘rtasida mustahkam hamkorlik o‘rnatilgan bo‘lib, har ikki tomon kontraktatsiya shartnomalarini tuzish, uning izchil ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Masalan, mavsum avvalida ajratilayotgan bo‘nak pullari urug‘lik, ko‘chatlar, yonilg‘i-moylash materiallari, kimyoviy o‘g‘it xarid qilish, texnika ta’miri uchun ehtiyot qismlar sotib olishga yo‘naltirilmoqda.
Omborlar mavsumga talab darajasida tayyorlansa, aholini kelasi pishiqchilik mavsumiga qadar sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash imkoni yaratiladi. Korxonalardagi iliq va salqin omborxonalar, sovutish va muzlatish kameralarida mahsulotlarni yangi hosil pishib yetilguncha bemalol saqlash mumkin. Tuxum, go‘sht va sut mahsulotlari sovutish kameralarida, alohida harorat talab qilmaydigan dukkakli don, makaron, choy, shakar, qandolat kabi mahsulotlar omborlarda saqlanadi. Mahsulotlar sifati, sovutgich va omborlar harorati to‘la nazorat qilib boriladi.
2011-2016 yillarda bu yo‘nalishda qariyb 70 milliard so‘m yo‘naltirilib, umumiy sig‘imi 68 ming tonnaga teng bo‘lgan ellikdan ziyod sovutgichli kameralar foydalanishga topshirildi. “Namanganulgurjisavdoinvest”, “Qashqadaryotijoratsavdo” jamiyatlaridagi har biri 3 ming tonnalik, “Bekobodgo‘shtsutsavdo”dagi 2 ming tonnalik, “Farg‘onago‘shtsutsavdo”dagi 4,2 ming tonnalik omborlar shular jumlasidandir. Uyushma korxonalari va shaharlarda jamg‘arilgan 330 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari mazkur omborlarda sifatli saqlanib, qish-bahor oylarida ichki bozorga peshma-pesh yetkazib berilmoqda.
Albatta, aholi va xaridorlarga mahsulotni sifatli yetkazib berish uchun, eng avvalo, ixtisoslashtirilgan va moslashtirilgan omborlarga talab ortib bormoqda. Shu yilning o‘tgan davrida korxonalarimizda 4 ming tonnalik sovutgichli sig‘im ishga tushirildi. Natijada yurtimizda foydalanishga topshirilgan bunday obyektlarning umumiy hajmi 98,5 ming tonnaga yetadi. Bu boradagi ishlar kelgusida ham izchil davom ettirilib, 2016-2020 yillarda 325 ming tonnalik sovutgichli zamonaviy omborxonalar ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Mamlakatimizning barcha hududida maxsus omborlar qurilib, mahsulotlarni saqlash texnologiyasi takomillashtirilayotgani saqlanadigan meva-sabzavotlar turi va hajmi oshishida muhim omil bo‘lmoqda. Tizimdagi korxonalar mahsulotlar zaxirasini yaratish bilan birga, uni yetishtirish bilan ham shug‘ullanmoqda. Misol uchun, 1900 gektardan ziyod maydonda oziq-ovqat ekinlari parvarishlanmoqda. Qashqadaryo, Buxoro, Toshkent va boshqa viloyatlarda chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik xo‘jaliklari tashkil etilib, 122 gektar intensiv bog‘ yaratildi. Andijon, Farg‘ona viloyatlarida sutni qayta ishlash, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlarida un, dukkakli don va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari, Samarqand viloyatida o‘simlik yog‘ini qadoqlash sexlari ishlab turibdi. 400 gektar maydonda qovunning tezpishar navlari yetishtirildi.
Mahsulotlarning ichki bozordan ortgani eksportga chiqarilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida karam, gilos, pomidor, bodring, sabzi, ko‘kat, quritilgan meva kabi mahsulotlar Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Xitoy va boshqa davlatlardagi buyurtmachilarga yetkazib berildi. Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Andijon, Buxoro, Samarqand, Sirdaryo, Xorazm, Namangan, Qashqadaryo, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari korxonalarining ulushi salmoqli bo‘ldi.
Mutaxassislarimiz yuritayotgan monitoring natijalariga ko‘ra, tashqi bozorda quritilgan mevalar, meva-sabzavotlar pyuresi va konsentrati, konserva mahsulotlariga talab nisbatan yuqoriligi aniqlandi. Shunga ko‘ra 23 istiqbolli loyiha tayyorlandi. Hozir Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida umumiy qiymati 8 million dollar miqdorida investitsiya o‘zlashtirilib, mevalarni saralash, qayta ishlash va qadoqlash uskunalarini keltirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlab yuborildi.
“O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi zimmasiga yuklatilgan muhim vazifalardan yana biri olis, tog‘li hududlar aholisiga zarur iste’mol tovarlarini uzluksiz yetkazib berishdan iboratdir. Agar joriy yilning to‘qqiz oyida savdo korxonalari va boshqa iste’molchilarga 581,5 milliard so‘mlik un, o‘simlik yog‘i, shakar, guruch yetkazib berilgan bo‘lsa, shundan 123,3 milliard so‘mligi uzoq, tog‘li hududlardagi iste’molchilarga jo‘natildi.
Aholiga savdo xizmati ko‘rsatish sifati va ko‘lamini kengaytirish maqsadida tizimdagi chakana savdo tarmoqlari ko‘paytirilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida Termiz shahri, Denov va Zomin tumanlarida yirik supermarketlar ishga tushirilgach, uyushma tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan firma do‘koni, minimarket va supermarketlar 5 mingdan oshdi.
Ko‘rilayotgan bunday chora-tadbirlar qish mavsumida bozorlarimizda noz-ne’matlar arzonligi va to‘kinligini ta’minlashga xizmat qiladi.