English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatimizda pensiyalarning o‘rtacha miqdori 705 ming so‘mni tashkil etadi
10:52 / 2019-12-19

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan 2019 yilda amalga oshirilgan ishlar hamda 2020 yilga belgilangan vazifalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan 2019 yilda amalga oshirilgan ishlar hamda 2020 yilga belgilangan vazifalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori Bahrom Ashrafxanov davlat pensiya ta’minoti tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolarning ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, aholi farovonligini oshirish, ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlam, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armaning asosiy vazifalari ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy hayotida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda pensionerlarning salohiyati, tajribasi va bilimidan foydalanish, mazkur yo‘nalishda xalqaro tamoyil va standartlarni joriy etish maqsadida joriy yilning 1 yanvardan boshlab barcha ishlovchi pensionerlarga pensiyalar to‘liq miqdorda to‘lanayotgani hamda pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori o‘n barobarigacha oshirilganligi aytib o‘tildi.

Buning natijasida salkam 531 ming nafar fuqaroning pensiyasi miqdori o‘rta hisobda 265 ming so‘mgacha, ishlovchi 83 ming nafar pensionerning oylik daromadlari 450 ming so‘mgacha oshirildi.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan band bo‘lib, pensiya tayinlash uchun yetarlicha ish stajiga ega bo‘lmagan onalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning 1 martidan boshlab, ular pensiya yoshiga yetganlarida pensiya tayinlash uchun zarur ish stajiga ega bo‘lmasalar ham yoshga doir nafaqaga chiqish huquqi berildi. O‘tgan davrda 3 mingga yaqin ayollarga yoshga doir nafaqalar tayinlanib 5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lar to‘landi.

2019 yilning 1 avgustidan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari joriy etilgani alohida ta’kidlandi.

Jumladan, II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning nogironlik pensiyalari eng kam miqdori yoshga doir eng kam pensiyaning 50 foizidan 75 foizga, II guruh nogironligi bo‘lgan yolg‘iz pensionerlarning pensiyalariga qo‘shiladigan ustama miqdori pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 50 foizidan 75 foizgacha oshirilgan.

Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqa miqdori mehnatga layoqatsiz oila a’zolari soniga amaldagi foizlar nisbati saqlangan holda yoshga doir pensiyaning eng kam miqdoridan kelib chiqib belgilanishi va I guruh nogironlik nafaqasi, shuningdek, 16 yoshdan katta bolalikdan I guruh nogironlik nafaqasini oluvchilarga har oyda pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 25 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy qilindi.

Mamlakatimizda pensiyalarning o‘rtacha miqdori 705 ming so‘mni tashkil etib, shu yilning boshiga nisbatan 92,6 ming so‘mga yoki 1,15 foizga oshgani qayd etib o‘tildi. 

Shu bilan birga, joriy yilda qonun hujjatlariga kiritilgan qo‘shimchalarga asosan 1 sentabrdan boshlab manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga ham davlat pensiyalarining birini tayinlash va to‘lash huquqi berilgan.

To‘lov ro‘yxatlari va ish joyi orqali pensiya to‘lovi guvohnomalarini berish hamda jamg‘arib boriladigan pensiya mablag‘larini olish huquqini tasdiqlashda inson omilisiz avtomatik tizim joriy etildi.

Pensionerlar pensiya miqdori va muddatlari to‘g‘risida ma’lumotlarni jamg‘armaga kelmagan holda olishi uchun interaktiv xizmatlar joriy qilindi. Endilikda pensiyalar tayinlanganligi holati, pensiya hisoblab chiqarish sanasi, vaqti haqida va ularning to‘lovi miqdorlari to‘g‘risidagi ma’lumotni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olish imkoniyati yaratildi. Bugungi kunda “SMS-pensiya” interaktiv xizmatidan 2,4 million nafardan ortiq pensiya va nafaqa oluvchi fuqarolar foydalanib kelmoqda.

Matbuot anjumani davomida ommaviy axborot vositalari vakillari jamg‘armaning 2020 yilga belgilangan vazifalari, rejalari bilan ham tanishtirib o‘tildi. Xususan, asosiy e’tibor pensiya va nafaqalarni tayinlashda inson omilini cheklash hamda tizimga yuqori texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha muayyan belgilangan rejalar xususida gapirildi.

Anjumanda, jurnalistlar sohaga oid savollar bilan murojaat qildi.