Mamlakatimizda oliy ta’lim tizimining shakllanishi va taraqqiyotida Samarqand davlat universitetining tutgan o‘rni
Samarqandda “O‘zbekistonda ilm-fan, oliy ta’lim tizimining shakllanishi va taraqqiyotida Samarqand davlat universitetining tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Samarqandda “O‘zbekistonda ilm-fan, oliy ta’lim tizimining shakllanishi va taraqqiyotida Samarqand davlat universitetining tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjumanda yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari professor-o‘qituvchilari hamda Rossiya, AQSh, Avstraliya, Italiya va boshqa davlatlardan taniqli olimlar ishtirok etdi.
Anjumanning yalpi majlisida universitet rektori, professor R.Xolmurodov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi D.Yusupova va boshqalar mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini isloh qilish, sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va kadrlar salohiyatini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 20-apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu yo‘nalishdagi ishlarni zamon talablari darajasida olib borishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
– Xalqaro konferensiyaning Samarqand davlat universitetida o‘tkazilishi bejiz emas, – deydi Toshkent davlat sharqshunoslik instituti professori B.To‘xliyev. – Chunki mazkur ta’lim dargohi qariyb bir asrlik tarixi davomida yurtimizning yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan biri sifatida xalq xo‘jaligining turli sohalari uchun minglab malakali kadrlar tayyorlab berdi. Bu yerda adabiyotshunoslik, tilshunoslik, fizika, ximiya, arxeologiya bo‘yicha slohiyatli ilmiy maktablar shakllandi. Mustaqillik yillarida Samarqand davlat universitetiga Mirzo Ulug‘bek asos solgan oliy madrasalarning davomchisi sifatida qarash shakllandi va bu borada ilmiy-tadqiqot ishlari olib borildi.
Konferensiyaning "Samarqand – ilm-fan, madaniyat va ma’rifat beshigi", "Jahon ilm-fani taraqqiyotida Sharq mutafakkirlarining o‘rni", "Samarqand davlat universiteti ilmiy maktablarining O‘zbekiston ilm-fanini rivojlantirishdagi roli", "Yuqori malakali kadrlar tayyorlash: yutuqlar, muammolar, yechimlar", deb nomlangan sho‘balarida 40 dan ortiq ma’ruzalar tinglandi.
– O‘tgan asrning yetmishinchi-saksoninchi yillarida Samarqand davlat universiteti va Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti kimyo fakultetlari o‘rtasida juda yaqin ilmiy hamkorlik o‘rnatilgan edi, – deydi Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti o‘qituvchisi, kimyo fanlari nomzodi Nikita Tamm. – Kadrlarning o‘zaro tajriba almashishi an’ana tusiga kirgandi. Ko‘plab samarqandlik yoshlar Moskvaga borib universitetimizda malakali professorlar rahbarligida nomzodlik, doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilib kelgan.
Konferensiya yakunida sho‘balarda muhokama etilgan mavzular yuzasidan ishtirokchilarning xulosalari eshitildi. Taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.