Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatimizda Maymun chechagi qayd etildimi?
16:44 / 2022-06-03

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ijtimoiy tarmoqlar orqali bergan ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoning bir qator davlatlari, jumladan, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Kanada, Avstraliya, Ispaniya, Portugaliya, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlarda maymun chechagi kasalligiga chalinish holatlari davom etmoqda. Joriy yilning 31 may kuni dunyoning 30 dan ortiq davlatida jami 550 nafar fuqaroda maymun chechagi kasalligi ro‘yxatga olingan.

Mamlakatimizda kasallik qayd etilmadimi?

Ushbu savolga ayni paytda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan «Maymun chechagi kasalligiga qarshi ko‘rilayotgan epidemiologik chora-tadbirlar» mavzusida o‘tkazilayotgan matbuot anjumanida javob berildi.

Mutasaddilarning rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizda maymun chechagi kasalligi qayd etilmagan.

– Kasallik bo‘yicha kuzatuv choralarini va yangi holatlarni tezda aniqlash epidemiyani nazorat qilishda muhim ahamiyatga ega, – deydi Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov. – Hozirgi kunda xalqaro terrorizm ildiz otayotgan bir davrda ayrim davlatlar yoki bo‘lmasa terroristik guruhlar tomonidan chin chechak va maymun chechagi viruslarining biologik qurol sifatida ishlatilishi ham ehtimoldan xoli emas. Shunday ekan, maymun chechagi epidemiyasi paytida bemorlar bilan yaqin aloqada bo‘lish maymun chechagi virusini yuqtirish uchun xavf omili hisoblanadi.

Mutaxassislar qayd etib o‘tganidek, Maymun chechagi tabiiy o‘choqli, virus qo‘zg‘atadigan zoonoz kasallik hisoblanib, I-guruh patogen infeksiyalar guruhiga kiritilgan, o‘ta xavfli yuqumli kasallik hisoblanadi.

Kasallik yuqqanda et uvishish, qaltirash, tana haroratining ko‘tarilishi, limfa bezlarining kattalashishi va xuddi chin chechagidek terida toshmalar toshishi kuzatiladi. Maymun chechagi kasalligida maxsus davolash usullari ishlab chiqilmagan. Davolash simptomatik olib boriladi.

Anjumanda ta’kidlanishicha, kasallikning respublika hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida qator ishlar boshlab yuborilgan.

Kasallik bo‘yicha shifokor va tibbiyot xodimlariga zamonaviy bilim, xalqaro miqyosda erishilgan ilg‘or tajriba. ko‘nikmalarni va tadqiqot natijalarini yetkazish hamda shu yo‘l bilan qarshi kurash choralari, uning epidemiologik nazorati, davolash usullari, profilaktikasi sifatini yaxshilash hamda ushbu infeksiyaning odamlarga bo‘lgan xavfini kamaytirish maqsadida «Maymun chechagi uslubiy qo‘llanmasi» loyihasi tayyorlandi.

Sog‘liqni saqlash tizimining barcha ma’muriy hududlarida maymun chechagi kasalligining kirib kelishi va tarqalishini oldini olish bo‘yicha hamkor tashkilotlar ishtirokida o‘quv taktik mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.

Kasalliklarning chetdan kirib kelishining oldini olish maqsadida respublika bo‘yicha bugungi kunda davlat chegaralarining kesishish joylarida 54 ta sanitariya-karantin punktlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Shulardan 36 tasi avtomagistral yo‘llarida, 11 tasi Xalqaro aeroportlarda, 6 tasi temir yo‘l va 1 tasi daryo portida tashkil etilgan.

Yurtimiz hududiga chegaradan kirib kelayotgan yo‘lovchilarni tibbiy-sanitariya ko‘rigini yaxshilash maqsadida barcha Xalqaro aeroportlar va avtomagistral yo‘llarda joylashgan yo‘lovchi o‘tish oqimi yuqori bo‘lgan sanitariya-karantin punktlari zamonaviy teplovizorlar va kontaktsiz termometr (pirometr)lar bilan yetarlicha ta’minlangan.

Respublika chegara-bojxona postlarida sanitariya-karantin punktlarining ish faoliyati kuchaytirildi. Postlarda sanitariya-karantin punktlari xodimlari va boshqa chegara-bojxona postlari xodimlari hushyorligi oshirib borilmoqda.

Mamlakatimizda 1980 yilgacha tug‘ilgan fuqarolar Maymun chechagi kasalligiga chalinmaydi. Boisi, ular chin chechakka qarshi emlangan va ularda immunitet shakllangan. Maymun chechagiga qarshi vaksina mavjud emas. Ammo chin chechakka qarshi vaksinani qo‘llash orqali Maymun chechagidan 85 foiz himoyalanish mumkin.

Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilayotgan matbuot anjumanida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat Otabekov aytib o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, aholimizning yarmida chin chechakka qarshi immunitet bor. Maymun chechagi kasalligini davolashning aniq ko‘rsatmalari ishlab chiqilgan bo‘lib, kasallikni davolashning imkoni bor. Koronavirusdan farqli ravishda mutatsiyaga uchrash ehtimoli juda kam. Mabodo, mutatsiyaga uchrasa ham, buning uchun yuz yillar kerak.

Chin chechakka qarshi vaksina bor. Ushbu vaksina orqali Maymun chechagi kasalligidan saqlanish mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda 200 milliondan ortiq vaksina zaxirasi mavjud.


Mohigul Qosimova, O‘zA