French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatimizda kosmik tarmoqni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari nimalardan iborat?
14:10 / 2022-12-23

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi boshqarma boshlig‘i Shohrux Nasrullayev sohaga tegishli ma’lumotlarni taqdim etdi.

Qayd etilishicha, 2022 — 2024 yillarda O‘zbekiston  Respublikasining kosmik tarmog‘ini  rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan bo‘lib, bu bilan mamlakatimizda kosmik tarmoqni rivojlantirishning umumiy tendensiyasini  belgilovchi  asosiy yo‘nalishlar belgilab berilgan.  

Ushbu vazifalar kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida normativ-huquqiy bazani shakllantirish va takomillashtirish, yer usti kosmik infratuzilmani yaratish va rivojlantirish, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va tijoriy kosmik faoliyatni rivojlantirish, kosmik faoliyat sohasida kadrlar salohiyatini mustahkamlash hamda milliy sun’iy yo‘ldoshlar guruhini yaratish, innovatsion startap loyihalar va akseleratorlar hamda ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.  

Shuningdek, mamlakat manfaatlari yo‘lida muayyan sohalarda yuz berayotgan o‘zgarishlar tendensiyasi va qonunbuzilish holatlarini kosmik texnologiyalar orqali kuzatib borilishini ta’minlash maqsadida “O‘zbekkosmos” agentligi kosmik monitoring, shu jumladan davlat kosmik monitoringini amalga oshirish bo‘yicha maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organi etib belgilandi va 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan davlat kosmik monitoringini amalga oshirish dasturi tasdiqlandi.  

Qayd etilishicha, 2023 yil 1 fevralga qadar davlat kosmik monitoringi o‘tkaziladigan sohalarga oid davlat kadastrlari ma’lumotlarini “Elektron hukumat”ning idoralararo ma’lumotlar uzatish  tarmog‘i orqali taqdim etish bo‘yicha o‘zaro integratsiya qilish ko‘zda  tutilgan.  

Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 2023 yil yakuniga qadar qishloq va suv xo‘jaligi, ekologiya, telekommunikatsiya, geologiya-qidiruv, kartografiya, gidrometeorologiya, seysmologiya va shaharsozlik sohalarining samaradorligini oshirishda yerni masofadan turib zondlash, yo‘ldosh aloqa, navigatsiya tizimlarini qo‘llash masalalarining ilmiy va innovatsion yechimiga qaratilgan amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasini shakllantirish belgilab berilgan.  

“O‘zbekkosmos” agentligi O‘zbekistonning kosmik faoliyatini tartibga solish, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida yagona davlat siyosati va strategik yo‘nalishlarni belgilash hamda kosmik monitoring, shu jumladan davlat kosmik monitoringini amalga oshirish bo‘yicha maxsus vakolatli  davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.  

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA