Zamonaviy tibbiyotning imkoniyatlaridan unumli foydalanish maqsadida Koreya Respublikasining “Meere” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan "Revo-i" rusumli robot-xirurg mamlakatimizga olib kelindi. “Shox International Hospital”ga o‘rnatilgan, nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyoda ham noyob bo‘lgan ushbu texnologiya olib kelib o‘rnatilganiga bir hafta bo‘lishiga qaramasdan 8 nafar bemor u orqali dardiga davo topdi.
Bugun mazkur klinikada Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari, Koreyaning “Meere” kompaniyasi vakillari, yurtimizdagi ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari rahbarlari, bir qator malakali professor-shifokorlar va jamoatchilik faollari ishtirokida o‘zbek tibbiyoti tarixidagi muhim voqea – mamlakatimizda ilk bor robot-xirurg texnologiyasi ish boshlashiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.

Klinika mutasaddilari ushbu innovatsion texnologiya muassasadagi barcha operatsion blok mutaxassislari tomonidan o‘zlashtirilishini maqsad qilgan.
Negaki, operatsiyada butun jamoa ishtirok etadi, amaliyot natijasi va bemor salomatligi har birining kasbiy mahoratiga bog‘liq. Keyinchalik esa bu mutaxassislar yurtimizdagi boshqa hamkasblari bilan o‘z tajribalarini bo‘lishadi.

O‘zbekistonda ilk bor robot-jarrohga operatorlik qilgan onkoxirurg Zarifxo‘ja Bahodirxonov bo‘ldi. Mutaxassis zamonaviy xirurgik texnologiyalar bo‘yicha Italiya, Germaniya, Xitoy va Turkiyaning nufuzli klinikalarida tajriba orttirgan. Xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘magi bilan aynan "Revo-i" robot texnologiyasi bo‘yicha Koreyada ikki marta malaka oshirib kelgan.
– Bizda shu paytgacha jarrohlik amaliyotlari odatiy kesish va laparoskopik usullarda o‘tkazilgan, – deydi Z.Bahodirxonov. – To‘g‘ri, laparoskopik operatsiyalar ham kesishlarsiz, vizual imkoniyatlardan foydalangan holda amalga oshiriladi. Bu usulda shifokor jarrohlik stoli oldida turib, operatsiya paytida ishlatiladigan asboblarni bevosita qo‘li bilan ushlab, qarshisidagi monitorga qarab, ish olib boradi.

Robot yordamida bajariladigan operatsiya chog‘ida esa jarroh konsoldagi qulay stulda, barcha diqqatini operatsiyada jamlash imkoniyati bo‘ladigan sharoitda o‘tiradi. Robotning jarrohlik asboblari kichik o‘lchamli bo‘lib, inson qo‘liga qaraganda ancha katta diapazonda egilib, aylana oladi. Robot-xirurg yordamida bajariladigan onkologik amaliyotlar o‘simta yana takrorlanmasligi uchun uni butunlay olib tashlashi, asab tugunlariga va bemor hayoti uchun muhim bo‘lgan boshqa organlarga ta’sir qilmasligi, minimal qon yo‘qotish bilan kechishi, bemorning amaliyotdan keyingi tiklanishi hamda butkul sog‘ayishini tezlashtirishi bilan katta ahamiyatga ega.
M.Qosimova, O‘zA