Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatimizda eko-sanoat parklari tatbiq etilmoqda
15:22 / 2025-06-20

Bugun poytaxtimizda “O‘zbekistonda eko-sanoat parklari – barqaror iqtisodiy rivojlanish yo‘li” loyihasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

“Eco Expo Central Asia 2025” xalqaro ekologik texnologiyalar ko‘rgazmasi doirasida tashkil etilgan ushbu tadbirda biznes doiralari vakillari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.  

Anjumanda ta’kidlanishicha, eko-sanoat parklari nafaqat ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish, balki biznes, investorlar va xalqaro hamkorlar uchun ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy mas’uliyat tamoyillariga asoslangan zamonaviy yondashuvlarni joriy etish imkonini yaratadi. Ushbu tashabbus doirasida pilot hududlar sifatida Urgut erkin iqtisodiy zonasi (EIZ) va Farg‘ona mexanika kichik sanoat zonasi (KSZ) tanlangan bo‘lib, mazkur hududlarda eko-sanoat parklari konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha dastlabki ishlar boshlab yuborilgan.  

[gallery-23980]

Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Hukumati, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO) va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamkorligida amalga oshirilmoqda.  

Matbuot anjumanida loyihaning asosiy yutuqlari, amaliy natijalari, xalqaro tajribalar va rivojlanish istiqbollari, shuningdek, barqaror sanoat siyosati doirasidagi ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.  

UNIDO eksperti, Global eko-sanoat parklari dasturi (GEIPP)ning bosh texnik maslahatchisi Klaus Turkko o‘z so‘zida O‘zbekistonda bir yarim yil oldin boshlangan ushbu loyiha barqaror sanoat hududlarini yaratishga qaratilganini ta’kidladi.  

– Eko-sanoat parklari faqat ekologik tashabbus emas. Ular orqali biz raqobatbardosh va xavflarga chidamli sanoat hududlarini shakllantirishni maqsad qilganmiz. Bunday hududlarda kompaniyalar iqtisodiy qiymat yaratish va yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniga ega bo‘ladi. Ma’lumki, sanoat hududlarida faoliyatlarni bir joyga jamlash orqali nafaqat xavflar, balki katta imkoniyatlar ham yaratiladi. ECO EXPO kabi platformalarda biz ayni shu imkoniyatlar, ya’ni resurslarni tejash, chiqindilarni kamaytirish, energiya samaradorligini oshirish kabi masalalar haqida ma’lumot berdik. Eko-sanoat parklarida bunday maqsadlarga kompaniyalar o‘zaro hamkorlikda resurs va xizmatlarni birga bo‘lishish orqali erishadi. Shuni unutmaslik kerakki, har bir sanoat parki mahalliy jamoa, ya’ni tuman yoki shaharning bir qismi bo‘lib, u yerdagi hokimlik bilan suv ta’minoti, chiqindilarni qayta ishlash va boshqa sohalarda hamkorlik imkoniyatlari mavjud. GEIPP doirasida biz aynan shu kabi birgalikda ishlash modellarini targ‘ib qilyapmiz. O‘zbekistonda bu yondashuvni boshqa sanoat hududlari va erkin iqtisodiy zonalarda ham qo‘llash orqali samarali, faol va investitsiyaga ochiq sanoat bazasi yaratish mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, yangi ish o‘rinlari, eksport salohiyati va xalqaro bozorlar uchun jozibador mahsulotlar yaratilishiga olib keladi, – dedi Klaus Turkko.  

Shuningdek, tadbirda loyihaning amalga oshirilish jarayoni, huquqiy mexanizmlar, shuningdek, eko-sanoat parklarini joriy etish orqali barqaror sanoat siyosatini shakllantirishga qaratilgan amaliy natijalar muhokamasiga ham keng urg‘u berildi.  

Eko-industrial parklar (EIP) loyihasining milliy aloqalar bo‘yicha mutaxassisi Baxtiyoriddin Nuritdinovning so‘zlariga ko‘ra, eko-sanoat parklari  maxsus boshqariladigan sanoat hududlaridir. Ulardagi korxonalar o‘zaro hamkorlik qilish orqali iqtisodiy samaradorlikni oshirish, tabiatga ta’sirni kamaytirish va ijtimoiy rivojlanishni ta’minlashga xizmat qiladi.  

– Mazkur loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad sanoatni ekologik va ijtimoiy jihatdan barqaror rivojlantirishdir. Bu orqali energiya, suv va xomashyo sarfini kamaytirish, chiqindilarni kamaytirish va qayta ishlash, korxonalar o‘rtasida sanoat simbiozini shakllantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda jamoatchilik va davlat tashkilotlari bilan hamkorlikni kuchaytirish ko‘zda tutilgan. Xuddi shu ikki pilot hududda 20 dan ortiq korxonalarda Resurs samaradorligi va toza ishlab chiqarish (RECP) bo‘yicha tahlillar o‘tkazildi. Har bir korxona uchun energiya va resurs tejash bo‘yicha individual tavsiyalar tayyorlandi. Shuningdek, sanoat simbiozi bo‘yicha seminarlar, xalqaro tajriba almashinuvi va treninglar tashkil etildi. Hozirgi paytda qurilish materiallari, to‘qimachilik, oziq-ovqat va texnika sanoati kabi sohalarda ishlab chiqarishni ekologiklashtirish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda, – deya ta’kidladi B.Nuritdinov.  

Matbuot anjumani yakunida ma’lum qilinganidek, joriy yil oxiriga qadar loyihaning dastlabki natijalari bo‘yicha milliy darajada seminarlar, siyosatni takomillashtirishga qaratilgan takliflar, biznes-rejalar va yangi texnologik yechimlar ishlab chiqish rejalashtirilgan. Shuningdek, mahalliy mutaxassislarni tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratiladi.  

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA muxbiri