Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatimizda “Do‘stlik” festivali boshlandi
14:28 / 2025-07-25

Tinchlik, millatlar o‘rtasidagi ahillik, hamjihatlik doim eng bebaho ne’mat sanalgan. Qadim diyorimiz o‘zining tinchliksevar siyosati, o‘zaro mehr-oqibat, insonparvarlik muhiti bilan dunyo mamlakatlari orasida hamisha o‘ziga xos mavqega ega bo‘lgan.

Mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida millatlararo totuvlik, o‘zaro ahillik va birodarlik, tinchlik g‘oyalarini mustahkamlashga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida har yili 30 iyul yurtimizda “Xalqlar do‘stligi” kuni sifatida keng nishonlanmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi  Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan tashkil etilgan “Do‘stlik” festivali ham bu boradagi oqilona va uzoqni ko‘zlovchi siyosatning amaldagi yorqin namunasidir. 

Poytaxtimizda start olgan mazkur festivalning ilk tadbiri turli millat vakillari, milliy madaniyat markazlari vakillari, keng jamoatchilikning  “Yangi O‘zbekiston” majmuasiga tashrifi bilan boshlandi. 

Davlatimiz rahbari g‘oyasi asosida bunyod etilgan ushbu majmua jahon davlatlari bilan o‘zaro ahil, ishonchli va hurmatga asoslangan munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga doir konstruktiv siyosat, mamlakatimizda kechayotgan osuda va tinch, farovon hayotning o‘ziga xos timsoli sanaladi. 

Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi rahbariyati va xodimlari, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faollari, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi. 

Festival ishtirokchilari “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi muhtasham badiiy obida – Mustaqillik monumenti poyiga gulchambarlar qo‘ydilar.

O‘zbekiston Respublikasi  Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi binosida “Do‘stlik” festivalining ahamiyati, maqsad va vazifalari, uning doirasidagi tadbirlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. 

Qo‘mita raisi Qahramon Sariyev “Do‘stlik” festivallarining tashkil etilishi mamlakatimizda millatlar o‘rtasidagi hamjihatlik, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, jamiyatimizda o‘zaro hurmat, mehr, bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi siyosatning amaldagi yorqin natijasi ekanini e’tirof etdi.

Festival dasturi kun tartibidan bir-biridan betakror tadbirlar, anjumanlar, musiqiy dasturlar, taqdimotlar, ko‘rgazmalar, xalqaro hunarmandchilik yarmarkasi, ijodiy uchrashuvlar, konsertlar, ijodiy tanlovlar bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan. 

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari saroyida “Do‘stlik” festivali munosabati bilan gala-konsert tashkil etiladi. Bu yilgi festivalning o‘ziga xos jihati shundaki, uning doirasida yurtimizda Qirg‘iz madaniyati kunlari ham bo‘lib o‘tadi. Yuqorida nomi keltirilgan gala-konsert doirasida qirg‘izistonlik san’at ustalarining chiqishlari ko‘zda tutilmoqda. 

Toshkent Fotosuratlar uyida “Do‘stlik nigohi” qardosh xalqlar fotosuratlari ko‘rgazmasi tashkil etiladi. Unda yurtimizda barcha millat vakillarining emin-erkin ijod qilishi uchun yaratilgan sharoitlarning amaliy natijalarini ko‘rish va tanishish imkoniyati yaratiladi. 

Poytaxtimizdagi “Navro‘z” etno-bog‘ida “Ona zamin bag‘ridan...” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tadi. U xorijdagi va yurtimizdagi turli xalqlar amaliy san’at ustalarining xalqaro hunarmandchilik ko‘rgazma-yarmarkasini o‘zida ifoda etishi bilan diqqatga sazovor. 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida turli xalqlar do‘stligiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuv va adabiy mushoira bo‘lib o‘tadi. Bu tadbir adabiy do‘stlik sarhad va chegara bilmasligini yana bir karra amalda namoyish etishi shubhasiz.

Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi binosi joylashgan maydonda yurtimizdagi milliy madaniy markazlar pavilonlarining ochilishi bo‘lib o‘tadi. Shu bilan birga “O‘zbekiston – yagona Vatan!” shiori ostida milliy madaniy markazlarning ko‘rgazmalari, badiiy havaskorlik jamoalarining chiqishlari hamda Qirg‘iz madaniyat kunlari doirasidagi tadbirlar o‘tkaziladi.

“Umummilliy hamjihatlikni mustahkamlash – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim asosi” mavzusidagi xalqaro konferensiyada bugun dunyoda kechayotgan murakkab sharoitda o‘zaro hamjihatlik, tinchlik va barqarorlikni asrab-avaylash, bu borada do‘stlik jamiyatlari va milliy madaniy markazlarning roli va ahamiyati, hissasi atroflicha muhokama etiladi. 

Shu bilan birga, yurt taraqqiyoti, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, xalqlar do‘stligini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan vatandoshlar, milliy madaniyat markazlari, hamkor vazirlik va idoralarning vakillarini “Xalqlar dso‘tligi” nishoni bilan taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tadi.

“Eng faol milliy madaniy markaz” va “Eng faol do‘stlik jamiyati” onlayn tanlovi sohadagi eng faol va ilg‘orlar mehnatini e’tirof etish, rag‘batlantirish, yurtimiz jamoatchiligiga tanitish  imkonini berishi bilan ahamiyatli.

Shunisi diqqatga sazovorki, bolalar yozgi oromgohlarida festivalga bag‘ishlangan “Do‘stlik bolalikdan boshlanadi” nomli ma’rifiy  tadbirlar, hududlardagi madaniyat va istrohat bog‘larida, xiyobon va saylgohlarda festival munosabati bilan san’atkorlar va milliy madaniy markazlar badiiy jamoalari ishtirokidagi “Do‘stlik ohanglari” deb nomlangan konsert dasturlari, turli xalqlarning hunarmandchilik ijodiyoti namunalari, musavvirlar asarlaridan iborat ko‘rgazmalar tashkil etilishi belgilangan.

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri