Hozirda mamlakatimizda 16 ta konfessiyaga mansub 2300 dan ziyod diniy tashkilotlar adliya organlarida ro‘yxatdan o‘tib, faoliyat yuritib kelmoqda.
Ammo ayrim fuqarolar qonunchilik talablarini yaxshi bilmay, tegishli hujjatlarni taqdim qilmasdan, shaxsan o‘zi yoki turli yuqori turuvchi idoralar orqali diniy tashkilotlarni ochishda amaliy yordam so‘rash holatlari ham uchrayapti.
Joriy yilning 5 iyul kuni «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida, har bir insonning vijdon erkinligini ta’minlash uchun qulay sharoit yaratish, huquqni qo‘llash amaliyotiga aniqliklar kiritilishiga alohida e’tibor qaratilgan.
Unda markaziy boshqaruv organlarini va diniy ta’lim muassasalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, Adliya vazirligi tomonidan, mahalliy diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish esa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.
Qonunga muvofiq, diniy tashkilot uning tashabbuskorlari (ta’sischilari) qaroriga ko‘ra tashkil etiladi. Diniy tashkilotning tashabbuskorlari (ta’sischilari) ta’sis yig‘ilishini (konferensiyasini) chaqiradi, unda ustav qabul qilinadi va rahbar organlar tuziladi.
Diniy tashkilot ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran tashkil etilgan deb hisoblanadi. Qonun bilan diniy tashkilotlarni tuzish va ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq tartib soddalashtirilib, bir qator yengilliklar belgilab berilgan.
Xususan, mahalliy diniy tashkilotlar, jumladan, masjidlar va boshqa konfessiyalarning ibodatxonalarini tashkil etish bo‘yicha tashabbuskor fuqarolar soni ikki barobar kamaytirilib, 50 nafardan kam bo‘lmagan etib belgilandi. Shuningdek, diniy tashkilotning markaziy boshqaruv organi va diniy ta’lim muassasalarini tuzish uchun ham 100 nafar tashabbuskor bo‘lishi haqidagi talab bekor qilindi.
Tashabbuskor fuqarolarga berilgan qulayliklardan biri, qonunda diniy tashkilotni tashkil etish bo‘yicha ta’sis yig‘ilishi (konferensiyasi) o‘tkazilgan kundan e’tiboran olti oy ichida uni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi elektron murojaat ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga yuborilishi belgilangan.
Aksariyat noislomiy diniy tashkilot tuzish tashabbuskorlarini qiziqtirib kelayotgan masala – diniy tashkilotni tuzish uchun talab etib kelingan mahalla fuqarolar yig‘inlari roziligini olish tartibi qonun bilan bekor qilindi.
Shu bilan birga, tashabbuskorlar tomonidan taqdim qilinuvchi hujjatlarni notarial va boshqa ko‘rinishlarda tasdiqlashga oid talablar ham bekor qilingan. Bu bilan fuqarolarga ko‘proq qulaylik yaratiladi. Shuningdek, xarajatlarning qisqarishiga sabab bo‘lib, notarial idoralarda hujjatlardagi imzolarni shahodatlash uchun ortiqcha navbat kutish holatlari oldi olinadi.
Diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq xizmatlar to‘liq elektron shaklda, inson omilisiz amalga oshirilishi joriy etildi. Elektron tizimning joriy qilinishi diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish sohasida davlat xizmatlari yetkazilishi va sifati yaxshilanishi, korrupsiyaviy omillarga yo‘l qo‘ymaslikka olib keladi.
Qonunga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi adliya idoralariga taqdim etiladigan hujjatlar soni keskin qisqardi, ularni ko‘rib chiqishning muddati esa 3 barobarga kamaydi, ya’ni 3 oydan 1 oyga tushirildi. Bu bilan diniy tashkilot tuzish tashabbuskorlariga qulay, tez va sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi, ortiqcha byurokratik to‘siqlar bartaraf etildi. Diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish asoslari qonun bilan belgilangan. Unda ko‘rsatilmagan asoslarga ko‘ra rad etishga yo‘l qo‘yilmasligi mustahkamlangan.
Qolaversa, diniy tashkilotni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish tartibiga ham oydinlik kiritilib, taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxati belgilab berildi. Bu kabi arizalarni ko‘rib chiqish muddati 15 kun qilib belgilandi. Qonunga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tkazilgan diniy tashkilot adliya organlari tomonidan elektron tizimda yuritiladigan va hamma tanishib chiqishi uchun ochiq bo‘lgan diniy tashkilotlar reyestriga kiritiladi. Bu esa axborotdan ochiq foydalanish imkoniyatini yaratib, diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish sohasida shaffoflikni ta’minlaydi.
Adliya vazirligi mas’ul xodimi
G. Fozilova