Iqtisodiyot va moliya vazirligida Koreya Respublikasining«Hancom Group» kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda tomonlar O‘zbekiston Respublikasi maktablari va oliy ta’lim muassasalarida «aqlli sinflar» tashkil etish, shuningdek, IT-texnologiyalar va koreys tilini o‘qitish ta’lim markazini ochish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyiha yuzasidan so‘z yuritdi.
Ta’kidlanganidek, 1989 yilda tashkil etilgan «Hancom Group» kompaniyasi ofis dasturlarini ishlab chiqish va tarqatish bilan shug‘ullanadi. Uning "Hancom Academy" sho‘’ba korxonasi sun’iy intellekt va dronlar bilan ishlashni o‘z ichiga olgan ilg‘or texnologiyalarni o‘rgatish uchun onlayn platformani boshqaradi.
Mazkur loyiha doirasida «Hancom Group» kompaniyasining investitsiyalari hisobidan 2024 yil oxirigacha O‘zbekiston Respublikasining 43 ta maktabi, 7 ta oliy ta’lim muassasasi va 1 ta texnikumida 66 ta «aqlli sinf», shu jumladan, Toshkent shahrida 44 ta, Andijon viloyatida 1 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 21 ta sinf tashkil etish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, "Hancom Academy"ni jalb qilgan holda, Taxiatosh pedagogika kolleji negizida IT-texnologiyalar va koreys tilini o‘qitish bo‘yicha ta’lim markazini ochish ko‘zda tutilgan.
Ushbu kollej "Hancom Academy" boshqaruviga o‘tkazilib, zamonaviy kompyuter texnikasi va texnik o‘quv qurollari bilan jihozlanadi. «Hancom Group» kompaniyasi bilan hamkorlik doirasida mamlakatimizda bosqichma-bosqich 1 ming 250 ta «aqlli sinf» tashkil etiladi. Ularda talabalar IT-texnologiyalari sohasida ta’lim olishi, shuningdek, koreys tilini o‘rganishiga sharoit yaratiladi.
Ushbu ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli yakunlash talabalarga Janubiy Koreyadagi oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni davom ettirish hamda O‘zbekiston Respublikasi va xorijda tegishli sohalarda ishga joylashish imkoniyatini yaratadi. Shuningdek, unda pedagog xodimlarning malakasini oshirish ham nazarda tutilgan. Bu esa respublikamizda ta’lim sifatini oshirishda yanada ahamiyatlidir.
Uchrashuv yakunida ikki tomon vakillari loyiha doirasida galdagi rejalarni kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA