Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatimizda benzin narxining oshishi nimalarga bogʻliq? – Mutasaddilar javob berdi
14:19 / 2022-05-28

bugungi kunda dunyo bo‘yicha neft va benzin narxining oshib borishi kuzatilmoqda.

 Albatta, bunday holat mamlakatimizdagi neft va benzin narxiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. 

Kuni kecha “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati tomonidan benzin narxining oshgani yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi. 

Mamlakatimizda benzin narxining oshishiga qaysi omillar sabab bo‘lganini bilish maqsadida “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining Axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi Siyovush Hoshimov bilan bog‘landik. 

– Jahon bozorida neft va benzin narxi oshib bormoqda. Aytingchi, narxdagi bu kabi keskin o‘zgarishlar nimalarga bog‘liq? 

– Shuni alohida ta’kidlash kerakki, jahon bozorida “Brent” markali neft narxining o‘zgarishi butun dunyodagi benzin va boshqa neft mahsulotlari narxlarining o‘sishi yoki tushishiga ta’sir etuvchi muhim omillardan. Bu holat o‘z-o‘zidan benzin narxining oshishiga sabab bo‘ladi. Deylik, bugun AQSHda benzin rekord darajada qimmatlagan. Germaniya, Shvetsiya, Niderlandiya, Islandiya, Gretsiya, Daniya, Finlyandiya, Norvegiya, Belgiyada bir litr benzin narxi 2.242-2.564 AQSH dollarini tashkil etyapti. Lekin yana bu davlatlarda benzin narxlari oshib bormoqda. 

Misol tariqasida keltiradigan bo‘lsak, yil boshiga nisbatan neft xom ashyosi kotirovkasi 1,3 barobarga (1 barreli uchun 115 dollar), Yevropa davlatlarida AYOQSHdagi benzin chakana narxi 1,2 – 2,0 barobarga oshib tarixiy antirekordlar yangilandi. 

– Jahonda benzin narxining oshishi mamlakatimiz bozoriga qay darajada ta’sir qiladi? 

– Mazkur savolga javob berishdan oldin mamlakatimizda ushbu sohada amalga oshirilayotgan choralarga e’tibor qaratsak. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarda neft-gaz sanoatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan besh yilda mazkur soha bo‘yicha qator investitsiya loyihalari amalga oshirilayotgani ham bu kabi muammolarga yechim izlash bilan bog‘liqdir. 

Xususan, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan tabiiy gaz, neft va gaz kondensati qazib chiqarish, neft-gaz mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari ijrosi bajarilib, iste’molchilarning tabiiy va suyultirilgan gaz, neft mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda. Buning uchun joylarda yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Tabiiy gaz va gaz kondensati qazib chiqarilishi yo‘lida barcha kuchlar va zaxiralar safarbar etilmoqda. 

Ming afsuski, butun jahonda kuzatilayotgan keskin narx oshishi O‘zbekistondagi avtobenzin narxiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shunga qaramay, narxlar tebranishining oldini olish uchun ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari oshirilib, qayta ishlash bo‘yicha yangi imkoniyatlar ishga solinmoqda. 

Birgina joriy yilning 5 oyligi bo‘yicha faktlarga ahamiyat qarataylik. “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan 623,9 ming tonna suyuq uglevodorodlar qazib chiqarilishi belgilangan bo‘lsa, amalda 657,5 ming tonna qazib chiqarildi. Bu prognozga nisbatan 105,4 foizni tashkil etdi. Jamiyat tasarrufidagi neftni qayta ishlash zavodlarida 603,1 ming tonna uglevodorod xomashyosi qayta ishlanishi belgilangan bo‘lsa, amalda 626,1 ming tonna (prognozga nisbatan 103,8 foiz)ni qayta ishlandi. 

Benzin ishlab chiqarish bo‘yicha quyidagi raqamlarni keltirish maqsadga muvofiqdir. O‘tgan besh oyda 353,9 ming tonna avtobenzin ishlab chiqarilishi belgilangan. Amalda esa 381,4 ming tonna avtobenzin ishlab chiqarilgan. Bu prognozga nisbatan 107,8 foizni tashkil etdi 

– Ayrim hollarda avtomobil benzini narxining oshishida “O‘zbekneftgaz” AJni aybdor qilishadi. Bunga qanday izoh berasiz? 

–To‘g‘ri ta’kidladingiz, bu bo‘yicha “O‘zbekneftgaz” AJga ta’na-dashnomlar yog‘iladi. Biroq bu to‘g‘ri emas. “O‘zbekneftgaz” AJ tabiiy gaz, neft va gaz kondensati qazib chiqarish va neft-gaz mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Jamiyat benzin narxini belgilamaydi, aksincha, birja savdolarida ishtirok etadi. 

Shu ma’noda aytish joizki, “O‘zbekneftgaz” AJ boshqa xususiy tadbirkorlar qatorida oddiy va teng ishtirokchi. Masalan, mamlakatimizda jamiyatning AYOQSHlari 25 foizga yetmaydi. AYOQSHlarning 75 foizdan ortig‘i xususiy kompaniyalar hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Ishlab chiqaruvchilar tomonidan avtomobil benzini birja savdolari orqali realizatsiya qilinadi. Prezidentimizning 2020 yil 4 apreldagi “Neft-gaz tarmog‘ining moliyaviy barqarorligini oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan avtomobil benzini va dizel yoqilg‘isi O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi savdolariga boshlang‘ich narxlarda qo‘yib borilmoqda. Masalan, 1 tonna avtobenzin barcha soliqlar bilan birga 3 million so‘mni tashkil etadi. 

– Ayni kunda AI-80 markali avtomobil benzinining birja savdosida va AYOQSHlarda narxi qancha? “O‘zbekneftgaz” AJ AYOQSHlarida AI-80 markali avtomobil benzini necha so‘mga oshdi? 

– Yuqorida ta’kidlaganimizdek, jahon bozorida “Brent” markali neft narxining o‘zgarishi butun dunyodagi benzin va boshqa neft mahsulotlarining narxlarini o‘sishi yoki tushishiga ta’sir etadi. Shu bilan birga, mamlakatimizda “O‘zbekneftgaz” AJdan tashqari xususiy kompaniyalar ham birja savdolarida ishlab chiqargan avtobenzinini taqdim etib kelmoqda. 

AI-80 markali avtomobil benzinining birja savdolaridagi o‘rtacha narxi yil boshida 1 tonnasi uchun 7,0 – 7,3 million so‘m (1 litri uchun 5 300 – 5 500 so‘m) miqdorida shakllangan bo‘lsa, bugungi kunda 8,4 – 8,7 million so‘m (1 litri uchun 6 300 – 6 500 so‘m) miqdorida shakllanmoqda. 

Toshkent shahridagi yirik AYOQSHlarda 1 litr AI-80 markali avtobenzin narxi “UNG Petro” – 6 800 so‘m, “IBR”, “Miss”, “Poytaxt Oil” – 6 800 so‘m, “Mustang” – 6 900 so‘m, “LUK Oil” – 6 990 so‘m, “Intran servis” – 7 000 so‘m, “TAT neft” – 7 400 so‘mni tashkil etmoqda.

 “O‘zbekneftgaz” AJ AYOQSHlarida AI-80 markali avtomobil benzini 6500 so‘mdan 6800, ya’ni 300 so‘mga oshgan. 

Nasiba ZIYODULLAEVA 
suhbatlashdi, O‘zA