Bag‘rikenglik o‘zaro hurmat, bir-birini anglash, tushunish va qabul qilish demakdir. Yer yuzidagi turfa madaniyatga hurmat bilan yondashishga ham bag‘rikenglik ta’rifi beriladi. Bilim, samimiyat, vijdon va e’tiqod uyg‘unligi natijasida yuzaga keladigan bu tushuncha faqat ma’naviy burchgina emas, balki siyosiy, huquqiy ehtiyoj ham sanaladi. Eng asosiysi, bag‘rikenglik tufayli tinchlik ta’minlanadi, turli nizo, urushlar kelib chiqishining oldi olinadi.
BMT Bosh assambleyasi qaroriga ko‘ra, 1997 yildan buyon 16 noyabr har yili butun dunyoda, jumladan O‘zbekistonda ham “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida keng nishonlanishi yaxshi an’anaga aylangan.
Shu munosabat bilan yurtimizda Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan qator hamkor tashkilotlar bilan birga 13-19 noyabr kunlari “Ma’rifat va millatlararo bag‘rikenglik” shiori ostida “Bag‘rikenglik haftaligi” o‘tkazilmoqda. Anjuman dasturiga ko‘ra, turli madaniy, ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy-amaliy tadbirlar rejalashtirilgan.
Bugun poytaxtimizdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida bo‘lib o‘tgan Mustaqillik monumentiga gul qo‘yish marosimida turli millat va diniy konfessiyalar, Milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari vakillari yurtimizda hukm surayotgan millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash kerakligi hususida fikr bildirishdi.
Yozuvchilar uyushmasida tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston kitob va kutubxonadan boshlanadi” nomli ko‘rgazma orqali turli millat yozuvchi-shoirlari asarlari namoyish etilgan. Tadbir doirasida “O‘zbekistondadir baxtim, toleim” jamoa to‘plami taqdimoti ham o‘tkazildi.
Qoʻmita raisi oʻrinbosari Azamat Toshevning soʻzlariga koʻra, jamiyatda millatlararo totuvlik, bagʻrikenglik va hamjihatlikni taʼminlash, adabiy hamkorlik va konfessiyalararo muloqotni mustahkamlash, xorijiy davlatlar bilan doʻstona, teng huquqli va oʻzaro manfaatli munosabatni rivojlantirish Oʻzbekiston Respublikasining millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosati konsepsiyasida ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Bu borada yaxlit, chuqur oʻylangan faoliyatni amalga oshirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilmoqda. Bu islohot va oʻzgarishlar negizida konstitutsion huquq va kafolat yotganini alohida qayd etish lozim.
Tadbirning asosiy maqsadi – o‘sib kelayotgan yosh avlod ongiga Vatanga muhabbat, yurt taqdiri uchun daxldorlik hissini singdirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, kitobxonlikka faol jalb qilishdan iborat.
Haftalik doirasidagi qiziqarli tadbirlar, konferensiya, ko‘rgazma va bayram dasturlari 19 noyabrga qadar davom etadi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA