O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamovaning BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahl xonim bilan uchrashuvi o‘tkazildi.
Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv avvalida mamlakatimizda oila va xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil so‘z yuritildi.
Jumladan, oilaviy va xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, oilalar farovonligi hamda aholining turmush darajasini yuksaltirish bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar, xotin-qizlarni oliy ta’limga jalb etish borasidagi sharoitlar, kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, tadbirkorlikni rag‘batlantirishda yangi tashabbuslar ilgari surilayotgani e’tirof etildi.

Shu bilan birga, ayollar salomatligini mustahkamlash va sog‘lom turmush tarzini oilalarda hayot tarziga singdirish, farzand tarbiyasi va ota-onalik mas’uliyatini oshirish, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, agressorlar bilan ishlash va ularni tuzatishga qaratilgan dasturlar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, istiqboldagi ustuvor vazifalarga ham to‘xtalib o‘tildi.
O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, mehnat jamoalarida maslahat kengashlari tashkil etilgani va ular ishtirokida amalga oshirilayotgan “Sog‘lom oila - sog‘lom jamoa” loyihasining ahamiyati mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Sabine Mahl xonim mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar, yangilanish jarayonlarini yuqori baholab, ularni O‘zbekistonning o‘ziga xos tajribasi sifatida alohida ta’kidladi.
Uchrashuv davomida oilalarda xotin-qizlarni daromad topishga o‘rgatish orqali kambag‘allikni qisqartirish, mehnat migranti sifatida oilasidan uzoqda ishlayotgan, kam daromad topayotgan ayollarni qaytarish, ularning farzandlari va oilasidan ajralib, xorijiy davlatlarda ishlash holatlarini kamaytirishga qaratilgan turli loyihalarda hamkorlik qilish taklifi bildirildi.

Shuningdek, kelgusi yilda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan “Osiyo ayollar forumi”da yaqin hamkorlik qilish borasida ham takliflar bildirildi.
Zulayho Mahkamova tomonidan tartibli migratsiyani yo‘lga qo‘yish, xorijiy davlatlarda kafolatlangan ish o‘rinlari uchun maqsadli til o‘rganish kurslarini tashkil etish, mahallalarda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari, tuman (shahar)larda esa oila va xotin-qizlar maskanlarining tashkil etilgani va ularning ahamiyati haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, o‘zaro hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar yuzasidan fikr almashildi.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri