Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatimizda agrosug‘urta sohasi bo‘yicha xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi
19:37 / 2022-02-18

Poytaxtimizdagi “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida o‘tkazilgan xalqaro anjuman “Semurg Insurance” kompaniyasining agrosug‘urta sohasi bo‘yicha erishgan yutuq, tajriba va imkoniyatlariga bag‘ishlandi.

“Semurg Insurance” kompaniyasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mahalliy va xorijlik soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Unda O‘zbekiston agrosanoati ishtirokchilariga jahonning ilg‘or tajribasini taqdim etish, tavakkalchiliklar menejmenti va sug‘urta nuqtai nazaridan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi tarmog‘i samaradorligini yangi bosqichga olib chiqish hamda hosilni himoya qilish va qishloq xo‘jaligi sifatini oshirishda sug‘urta imkoniyatlarining ahamiyati haqida so‘z bordi.

Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi direktori Kamoliddin Tolipov taqdimotida qishloq xo‘jaligi mamlakatimiz iqtisodiyotida alohida o‘rin egallashi va yalpi ichki mahsulotning 28 foizini ta’minlashini qayd etdi.

– Iqtisodiyotning bunday muhim tarmog‘iga davlat tomonidan doimo alohida e’tibor va mas’uliyat bilan qaralmoqda, – dedi K.Tolipov. – Biroq mamlakatimiz noqulay iqlim sharoiti bu soha ishlab chiqaruvchilari uchun qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Aksiga olib, kasallik va zararkunandalar ham hosilga katta ziyon yetkazadi. Bularning barchasi agrosanoat sohasiga kuchli ta’sir ko‘rsatib, sug‘urta himoyasiga alohida yondashuvni talab etadi. Bu masala, ayniqsa, paxta va don hosili uchun dolzarb hisoblanadi. Iqlim va boshqa holatlardan himoyalanish uchun barcha turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlari va agrosanoatning boshqa xatarlariga mo‘ljallangan sug‘urta yechimlari mavjud. «2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi» amalga oshirilmoqda va unda “Qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash” kabi muhim band kiritilgan. Tashkil etilgan xalqaro anjuman shu jihatdan ahamiyatli va dolzarbdir.

Tadbirda O‘zbekistonda g‘o‘za va kuzgi g‘allani sug‘urta qilishda “Semurg Insurance”ni qo‘llab-quvvatlayotgan “Swiss Re”, “Hannover Re”, “Scor Re”va“Axis Re” kabi Shveysariya, Fransiya va Germaniyaning eng yirik qayta sug‘urtalash kompaniyalari vakillari ishtiroki hamda ularning tajribasi mahalliy ishlab chiqaruvchilar faoliyatida amaliy yordam beradi.

“Semurg Insurance” kuzatuv kengashi raisi va “Challenge Group”bosh direktori Georgiy Lavrishev hosilni himoya qilish bo‘yicha yangi sug‘urta mahsulot haqida to‘xtalib o‘tdi. 2021 yilda “Semurg Insurance” kompaniyasi dunyoning eng yirik qayta sug‘urtalovchisi va agrar sohadagi tavakkalchiliklardan himoya qilish bo‘yicha jahonda yetakchi bo‘lgan Shveysariyaning “Swiss Re” kompaniyasi bilan birgalikda yangi sug‘urta mahsulotini yaratdi. Mahsulotning vazifasi nafaqat qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchisiga hosil nobud bo‘lganda to‘lov olishga yordam berish, balki boshidan tavakkalchiliklarni kamaytirishga qaratilgan.

– Albatta, bugungi anjuman barchamiz uchun qiziqarli va bahslarga boy bo‘ldi, – dedi G. Lavrishev. – Agrosanoat mamlakatingizda yetakchi tarmoq hisoblanadi. Shu sababli, agrosug‘urta sohasidagi xalqaro tajribalar muhimdir. Rossiya davlati bu borada katta tajribaga ega. U ushbu sohada o‘ziga xos sinovlardan o‘tgan. “Semurg Insurance” kompaniyasi haqida to‘xtalsak, o‘tgan 15 yil davomida ko‘plab davlatlarda faoliyat yuritdik, o‘rgandik, izlandik va natijalarga erishdik. Bugun esa biz o‘z imkoniyatimizni O‘zbekiston agrosanoati rivoji yo‘lida taklif etmoqdamiz.

Ta’kidlanganidek, sug‘urtaning bunday shakli bank va uning kreditlarini emas, balki bevosita agrar ishlab chiqaruvchilarning manfaatlarini, ularning biznesi va daromadlarini himoya qiladi. Ushbu mahsulot katta zarar bilan biznesni tark etish emas, balki sug‘urta hodisasidan keyin tiklanib olishga yordam beradi. Mamlakatning iqtisodiy o‘sishiga va YAIMning barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Anjumanda Germaniyaning “InsuResilience” fondi vakili Olena Sosenko, shuningdek, “InsuResilience” fondining investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha ishchi guruhi a’zosi Marsel Andriyesse, “AXIS Re” kompaniyasi agrosanoatni qayta sug‘urtalash departamenti rahbari Maykl Leyxi va boshqalar jahon agrosug‘urta bozori tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA