Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatimizda 185 turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarilmoqda
15:00 / 2024-03-26

Yurtimizda keng miqyosda bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu esa qurilish materiallariga bo‘lgan talabni yanada oshiradi. Shu sababli, bugungi kunda ushbu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni ham oshib borayotir.

Tahlillarga ko‘ra, 2016-yilda sohada 8,1 mingta korxona faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 12,2 mingtaga yetgan. Hozir ular tomonidan 185 turdagi qurilish materiallari ishlab chiqariladi.  

«O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi axborot xizmati Jamshid Shermetovning ma’lum qilishicha, 2024-yil yanvar-fevral oylarida 1,7 million tonna sement, 3,8 million kvadrat metr qurilish oynasi, 4,1 million kvadrat metr keramik plitka, 8,2 million kvadrat metr gipsokarton, 452 ming o‘ram oboy ishlab chiqarildi.  

– Shuningdek, o‘tgan hisobot davrida yangi turdagi, energiya tejamkor qurilish materiallaridan 86 ming metr kub gazobeton, 504 ming kvadrat metr linoleum, 6,7 ming tonna issiqlik saqlovchi plitalar tayyorlandi. O‘tgan 5-yil davomida tarmoqda investitsiya jalb qilish, xususan, xorijiy investitsiyalarni yo‘naltirish 2,1 barobarga ortdi. Asosan, mamlakatimizdagi qurilish materiallari sanoatiga Xitoy, Rossiya, Turkiya, Eron, Qozog‘iston kabi davlatlardan investorlar qiziqishi ortmoqda. Birgina 2023-yilning o‘zida 2 milliard dollarlik 420 ta investitsiya loyihalari amalga oshirildi. Natijada yangi quvvatlar yaratildi, import o‘rnini bosuvchi, yangi turdagi qurilish materiallarini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Eng muhimi, 14 ming 200 ta ish o‘rni yaratildi. Qurilish materiallari sanoatida investitsiya loyihalarini amalga oshirishda Toshkent, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Buxoro viloyatlari yetakchi sanaladi, – deydi J.Shermetov.  

Bugungi kunda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan «made in Uzbekistan» yorlig‘i ostidagi qurilish materiallariga nafaqat qo‘shni davlatlarda, balki Yevropa va Osiyo mintaqasida ham talab oshmoqda. O‘tgan 5-yil davomida eksport hajmi deyarli 4,7 barobarga oshdi. 2016-yilda 60 million dollarlik qurilish materiallari 23 ta mamlakatga eksport qilingan bo‘lsa, 2023-yilda 654 million dollarlik mahsulotlar 58 ta davlatga yetkazildi.  

Chet davlatlarda savdo uylarini ochish ushbu soha ravnaqida muhim hisoblanadi. Shunga asosan 2023-yilda ilk «made in Uzbekistan» savdo uyi Ozarbayjon davlati poytaxti Bok-u shahrida ochilgan edi. Joriy yilda Qozog‘iston, Turkmaniston va Tojikiston davlatlarida ham ana shunday savdo maskanlarini barpo etish ko‘zda tutilmoqda.  

 

N. Ziyodullayeva, O‘zA