Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatimiz yengil sanoatining eksport salohiyati yuksalmoqda
20:59 / 2016-05-17

«O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati sohaning eksport salohiyatini oshirish va ushbu yo‘nalishdagi o‘quv muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazdi.

«O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati sohaning eksport salohiyatini oshirish va ushbu yo‘nalishdagi o‘quv muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazdi.

Unda aksiyadorlik jamiyatining yetakchi mutaxassislari, tarmoq korxonalari, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti vakillari ishtirok etdi.

Mustaqillik yillarida Prezidentimiz rahnamoligida yengil sanoat milliy iqtisodiyotimizning jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan biriga aylandi. Ayni paytda yengil sanoat tizimida zamonaviy texnologiyalar va uskunalar bilan jihozlangan 300 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlash, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, chet el investitsiyasini jalb etishga asoslangan rivojlanish strategiyasi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport hajmini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

«O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyatining ishlab chiqarish bosh boshqarmasi boshlig‘i Sh.Sultonovning ta’kidlashicha, tarmoq korxonalari bir yilda 490 ming tonna kalava ip, 296 million kvadrat metr mato, 96 ming tonna trikotaj polotnosi, 271 million dona tikuvchilik-trikotaj va 71 million juft paypoq mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Joriy yilning dastlabki uch oyida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish sur’ati o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18 foiz oshdi.

Joriy yilning yanvar-mart oylarida tarmoq korxonalari tomonidan 18 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirilib, 178 turdagi yengil sanoat tovarlari – 3,1 million kvadrat metr mato, 24 modeldagi 5,8 million dona tayyor tikuvchilik va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarildi.

Ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining o‘sishi eksport hajmining kengayishi bilan bog‘liq. Bugungi kunda «O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati korxonalari mahsulotlari Yevropa, Osiyo, Shimoliy va Janubiy Amerikadagi 55 mamlakatga eksport qilinmoqda. Joriy yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, eksport qilingan mahsulotlar miqdori 206,1 million dollarga yetdi. Bu 2015-yilning shu davriga nisbatan 6,2 foiz ko‘pdir. Shu yilning oxirigacha tarmoqda eksport hajmini yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Matbuot anjumanida mamlakatimiz yengil sanoati ishlab chiqarish salohiyatini yanada yuksaltirish uchun keng imkoniyatlarga ega ekani ta’kidlandi. Yuqori malakali kadrlar tayyorlash dasturi bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti har yili «Avtomatlashtirish va boshqaruv», «To‘qimachilik sanoati texnologiyasi», «Paxta sanoati texnologiyasi», «Engil va matbaa sanoati texnologiyasi» kabi yo‘nalishlarda 1000 dan ortiq mutaxassis tayyorlamoqda.

– Joriy yilda bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash maqsadida oliy o‘quv yurtimizda bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazildi, – deydi Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti prorektori A.G‘ulomov. – Unda tarmoqning 50 ga yaqin korxonasi ishtirok etdi. «Uztex» kompaniyalar guruhi, «Rieter Uzbekistan» xorijiy korxonasi, «Alkim tekstil», «Nonna tekstil» kabi korxonalar shular jumlasidandir.

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti talabalari tomonidan innovatsion g‘oya, texnologiya va loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha ish olib borilayotgani e’tiborga loyiq. Joriy yilgi innovatsion yarmarkada institut talabalari beshta istiqbolli ishlanmani taqdim etdi.

Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.