Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri Nyu-Yorkda qator hamkasblari bilan uchrashdi
08:58 / 2025-09-27

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasi doirasida turli mamlakatlardan kelgan hamkasblari bilan samarali uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda vazir ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qilgan.

Qayd etilishcha, Palau, Bolgariya, Belarus, Tojikiston, Jazoir, Ukraina, Shimoliy Makedoniya va Chernogoriya tashqi siyosat idoralari rahbarlari bilan muloqotlar natijasida ko‘plab muhim hujjatlar imzolanib, ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash istiqboli muhokama qilingan.

Xususan, Palau Davlat vaziri Gustav Aitaro bilan diplomatik aloqa o‘rnatish to‘g‘risida Qo‘shma kommyunike imzolanishi hamkorlik uchun imkoniyat yaratadi, sheriklikni rivojlantirishga o‘zaro intilishni kuchaytiradi.

Bolgariya tashqi ishlar vaziri Georg Georgiyev bilan suhbat iqtisodiy hamkorlik – savdo-sotiq, sarmoya, shuningdek madaniy-ma’rifiy almashinuvni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.

Belarus tashqi ishlar vaziri Maksim Rijenkov bilan siyosiy muloqot, savdo-sarmoyaviy hamkorlik va madaniy-gumanitar aloqalarni yanada kengaytirishga kelishildi.

Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin bilan muzokara chog‘ida umumiy tarix va madaniy merosga asoslangan ikki tomonlama munosabat rivojlanishi yuqori sur’ati ta’kidlandi. Tomonlar strategik sheriklikni chuqurlashtirishga sodiqliklarini tasdiqladilar.

Jazoir tashqi ishlar vaziri Ahmad Attof bilan samarali suhbat davomida iqtisodiy va savdo aloqalarini mustahkamlash, mintaqaviy va xalqaro masalalarni muvofiqlashtirish masalalari ko‘tarildi. Ikki davlat ham muloqot va hamkorlikni rivojlantirishda qat’iyligini bildirdi.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga bilan uchrashuvda savdo, sarmoya, ta’lim va madaniyat almashinuvi, shuningdek xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalasi ko‘rib chiqildi. Tomonlar sheriklikni chuqurlashtirish istagini tasdiqladilar.

Shimoliy Makedoniya tashqi ishlar vaziri Timcho Mutsunski va Chernogoriya Bosh vaziri o‘rinbosari Ervin Ibrohimovich bilan muntazam siyosiy maslahatlashuvni nazarda tutuvchi idoralararo hamkorlik to‘g‘risidagi protokollar imzolandi. Bu muloqot ko‘lamini yanada kengaytirib, turli sohalar bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlaydi.

Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Savdo, sarmoya, energetika va madaniyat sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari, shuningdek bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlarning qizg‘in kun tartibi muhokama qilindi.

G.Sattorova, O‘zA