Bu yil O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi mamlakatimizda har yilgidan ko‘ra o‘zgacha shukuh bilan nishonlanmoqda.
Sababi, 2023 yilda tubdan yangilangan Bosh qomusimizni umumxalq referendumi asosida qabul qildik hamda milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor barcha norma va qoidalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanadigan mukammal, zamonaviy Konstitutsiyaga ega bo‘ldik.
Alohida ta’kidlashni istardimki, Konstitutsiyamizning hozirgi matni olim-u mutaxassislar tomonidan faqat kabinetlarda yaratilmadi. Balki dastavval ikki bosqichda xalqimizning fikri, takliflari o‘rganildi, shundan so‘nggina Konstitutsiya loyihasi tayyorlandi. Avvalgi tajribalarga e’tibor qilsak, Konstitutsiya qabul qilishda dastlab loyiha ishlab chiqilib, keyin xalq muhokamasiga qo‘yilardi.

Jumladan, birinchi bosqichda Konstitutsiya loyihasini shakllantirish uchun fuqarolarimiz 60 mingdan ziyod taklif berishdi. Ularning ko‘pchiligi loyihadan joy oldi;
ikkinchi bosqichda esa Konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yildi. Ommaviy axborot vositalari, internet tarmoqlari orqali loyiha bilan 5 milliondan ziyod aholi tanishib, 150 mingdan ortiq taklif va mulohazalar aytildi.
Shu bilan birga, mehnat jamoalari, oliygohlar, mahalla faollari va ziyolilar bilan bo‘lib o‘tgan muhokamalarda ham yana qo‘shimcha takliflar olindi.
Bularning hammasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyada jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingani, Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida butun xalqimiz jipslashgani, Bosh qomusimiz tom ma’noda xalq Konstitutsiyasi bo‘layotganidan dalolat beradi.
Bosh qomusimizda O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qat’iy belgilandi.
Tariximizda ilk bora O‘zbekiston – ijtimoiy davlat, deb belgilandi. Ya’ni, insonga e’tibor hamda g‘amxo‘rlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani mustahkamlab qo‘yildi.
Kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga g‘amxo‘rlik – davlat siyosatining muhim yo‘nalishi bo‘lishi qayd etildi.
Konstitutsiyada kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator yangi majburiyatlar olishi belgilandi. Umuman davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq Konstitutsiyadagi normalar 3 barobar ko‘paytirildi.
Ta’lim olish huquqi va imkoniyati kengaytirildi, o‘qituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘ldi.
Yana bir muhim yangilik – davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratishi konstitutsiyaviy mustahkamlandi. Ushbu normaning kiritilishi jamiyatimizda oila mustahkamligi va mo‘’tabarligini barqaror ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Endi farzandlar tarbiyasi, ularga ta’lim berish, barkamol voyaga yetkazish ham ota-ona majburiyati sifatida belgilab qo‘yildi. Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish esa davlatning burchi sifatida belgilandi.
Konstitutsiyada har kimning mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish huquqi kafolatlandi.
Mazkur normaning Konstitutsiyada belgilanishi fuqarolarning ish haqlari miqdori shunchaki emas, aynan ularning munosib turmush kechirishini ta’minlashda, pirovard natijada aholi turmush darajasini yaxshilashda va mamlakatimizda ijtimoiy adolatni ustuvor qadriyatga aylantirishda muhim ahamiyatga ega.
Bundan tashqari, davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishi ham mustahkamlandi.
Fuqarolarning siyosiy huquqlari kengaytirildi, xususan fuqarolarning davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa egaligi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlandi.
Ilk marotaba Konstitutsiyada barcha darajadagi hokimlarning vakolatlari belgilandi. Albatta ushbu o‘zgarishlar ijro hokimiyati organlarining mas’uliyatini oshirishga, davlatning yangi majburiyatlarini hisobga olgan holda Hukumat va hokimlar oldida turgan vazifalarning samarali bajarilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Inson farovon yashashi, davlat barqaror rivojlanishi uchun samarali, ixcham va xalqchil davlat boshqaruvi joriy qilindi, parlamentarizmni kuchaytirish sari dadil qadam qo‘yildi.
Tom ma’noda aytganda Yangi O‘zbekistonimizning yangi Konstitutsiyasi xalqparvar davlat qurish maqsadida kuchli parlament, ixcham va mas’uliyatli hukumat, mustaqil va adolatli sud tizimini barpo etishga qaratilgan.
2024 yil 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlariga saylovlar bu borada tarixiy qadam bo‘ldi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida milliy saylov qonunchiligimiz tubdan takomillashtirildi va u saylov jarayonlarining yanada oshkora va adolatli o‘tishini ta’minladi.
Eng asosiysi, davlatimiz tarixida ilk marotaba aralash saylov tizimi asosida o‘tgan parlament saylovida yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida katta vakolatlarga ega bo‘lgan Oliy Majlis tarkibi saylandi.
Yangilangan Konstitutsiya mamlakatimiz taraqqiyotida butunlay yangi davrni boshlab berdi. Ishonchim komil-ki, bu – mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida ulkan natijalarga erishiladigan yangi davr bo‘ladi.
Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi esa bu islohotlarni amalga oshirishda muhim huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qilaveradi.
Abror Latipov,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining
Navoiy viloyat filiali bosh inspektori.
O‘zA