Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mutasaddilari hamda mamlakatimiz universitetlari rektorlaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Tehronda bo‘lib o‘tgan “Iran Lab-2024” 11-xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etdi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, mazkur ko‘rgazma Eronning yuqori sifatli laboratoriya asbob-uskunalari va kimyoviy moddalari bilan yaqindan tanishish hamda o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish uchun muhim platforma hisoblanadi.
Joriy yilgi ko‘rgazmada 450 dan ortiq kompaniya qatnashdi va 10 mingdan ziyod mahsulot taqdim etildi. Jumladan, umumiy laboratoriya jihozlari, laboratoriya materiallari, neft-kimyo sanoati, elektr energiyasi, elektronika, dasturiy ta’minot, biotibbiyot muhandisligi va biomateriallar, mexanika va metallurgiya, umumiy fizika, qishloq xo‘jaligi va ekologiya, strategik texnologiyalar sohasidagi mashina va uskunalar ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ko‘rgazma doirasida Eron tomoni bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi. Muloqot jarayonida ikki tomonlama ilm-fan yo‘nalishidagi hamkorlik qo‘llab-quvvatlandi. Kelgusida hamkorlikda ilmiy loyihalar hamda qo‘shma startaplar tanlovlari tashkil etiladi. Shu bilan birga, Eron tomoni Toshkentda Eron innovatsiyalar va texnologiyalar uyi bilan birgalikda istiqbolli yo‘nalishlarda texnologiyalar transferi loyihalarini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Shuningdek, mamlakatimiz delegatsiyasi vakillari Sharif texnologiyalar universiteti, Alloma Tabotaboi universiteti, Shahid Beheshti universiti, Tehron universitetlariga tashrif buyurdi. Tashrif davomida universitetlar o‘rtasida ilmiy stajirovkalar, ilmiy qo‘shma loyihalar, hamkorlikda xalqaro seminar va konferensiyalar o‘tkazish hamda kadrlar almashinuvi to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi. Alloma Tabotaboi universiteti O‘zbekistonga ijtimoiy yo‘nalishlardagi talabalar hamda doktorantlar uchun grantlar ajratishga tayyorligini ma’lum qildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA