Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatimiz sanoatining muhim tarmog‘i
20:12 / 2015-07-17

1996-yil 19-iyulda konveyyerdan dastlabki o‘zbek avtomobili chiqdi

1996-yil 19-iyulda konveyyerdan dastlabki o‘zbek avtomobili chiqdi

Asaka avtozavodi konveyyeridan dastlabki avtomobil chiqqanidan buyon atigi o‘n to‘qqiz yil o‘tdi. Ayni paytda yurtimiz yo‘llari va ko‘plab davlatlar avtomagistrallarida kechayu kunduz harakatlanayotgan «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» belgisi ostidagi yuz minglab mashinalar iqtisodiyotimizning samaradorligi va yuksak salohiyatini namoyish etmoqda.

1996-yil 19-iyul mustaqil taraqqiyotimiz tarixida muhim sanadir. Aynan shu kuni Asakadagi avtomobil zavodining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu nafaqat mamlakatimiz, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ham o‘ziga xos voqeaga aylandi. «Mustaqil mamlakatimiz taraqqiyot yo‘lidan sobit bormoqda. Bu yo‘ldagi ilk g‘alabalarimizdan biri – mamlakatimiz iqtisodiyotida yangi tarmoq – avtomobil sanoatining yaratilishi bo‘ldi», deb ta’kidlagan edi Prezidentimiz Islom Karimov. 

Avtomobilsozlik iqtisodiy, ijtimoiy va ilmiy-texnikaviy taraqqiyotning asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Bu sohada salmoqli natijalarga erishish uchun, birinchi navbatda, keng ko‘lamli vazifalarni hal etish, ya’ni raqobatbardosh va eksportbop avtomobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarish hajmini bosqichma-bosqich oshirish, iste’molchilar istaklarini inobatga olgan holda, mashinalar rusumini muntazam yangilash, avtomobillarning keng turdagi tarkibiy qismlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish zarur.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, ushbu vazifalarni davr talabiga muvofiq texnologik jihatdan rivojlangan mamlakatlar tajribasidan foydalangan holda, birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan hal etish maqsadga muvofiqdir. Mamlakatimiz bu qadar keng ko‘lamli ishlab chiqarishni tashkil etish jarayonida aynan shu yo‘ldan bordi va bunda yuqori texnologik loyihalarni rivojlantirish borasida ko‘p yillik tajribaga ega Koreya Respublikasini strategik sherik sifatida tanladi. 

Prezidentimiz Islom Karimovning 1992-yil iyun oyida Koreya Respublikasiga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida milliy avtomobilsozligimiz poydevoriga asos solindi. Oradan ko‘p o‘tmay “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi va Koreya Respublikasining “Daewoo Motors” korporatsiyasi o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi hududida avtomobillar yig‘ish va ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish haqidagi shartnoma imzolandi.

Shunday qilib, Andijon viloyatining Asaka shahrida “O‘zDEUavto” avtomobil zavodi qurilishi boshlandi. Yirik avtomobil zavodining ishga tushirilishi bilan qator ishlab chiqarishga doir va ijtimoiy vazifalar ham hal etildi. Chunonchi, minglab qishloq aholisi uchun yangi ish o‘rinlari yaratildi. Dastlab yetti ko‘rinishdagi “Nexia”, “Damas” va “Tico” yengil avtomobillari ishlab chiqarish bo‘yicha uchta liniya ishga tushirildi. Bu xaridorlarga ushbu avtomobillarning keng turini taqdim etish imkonini berdi. 

31c.JPG
Asaka avtomobil zavodi o‘z faoliyati ko‘lamini yil sayin kengaytirib bordi. 2001-yilning may oyida konveyyerdan ikki yuz ellik minginchi avtomobil chiqdi. Albatta, milliy avtomobilsozligimiz bu bilan cheklanib qolgani yo‘q. Yangi avtomobil modellarini ishlab chiqish va o‘zlashtirish borasidagi ishlar jadal sur’atlar bilan davom ettirildi. 2001-yilning avgust oyida “O‘zDEUavto” “Matiz” avtomobili, 2002-yilning sentabrida yangi rusumdagi “Nexia DOHC” sedanini ishlab chiqarishni boshladi. Qo‘shni davlatlar, jumladan, Rossiya bozorida ko‘p yillar mobaynida mazkur avtomobillar talab nuqtai nazaridan reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda. Xususan, “Matiz” avtomobili Rossiya bozorida bir necha bor “Yil avtomobili” sifatida e’tirof etildi. Keyinchalik kompaniya sifat, peshqadamlik, ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalar uchun International Quality Summit – New York xalqaro mukofotiga sazovor bo‘ldi. 

2003-yilda avtomobil sanoatimiz “Lacetti” rusumidagi avtomashina ishlab chiqarishni o‘zlashtirdi. Kompaniya shu tariqa har yili xaridorlarni yangiliklar bilan xushnud etib kelmoqda. 2004-yilning dekabr oyida bir litr hajmli dvigatel va avtomatik uzatish qutisiga ega “Matiz Best” avtomobili, 2006-yilning fevralidan yangi “Damas II” avtomashinasi ishlab chiqarila boshlandi.

2007-yil milliy avtomobil sanoatimiz uchun o‘zgarishlarga boy bo‘ldi. Shu yili “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi nufuzli “General Motors” kompaniyasi bilan hamkorlik haqida bitim imzoladi. Ushbu bitimda “Nexia” va “Matiz” avtomobillarini modernizatsiya qilish ishlarini amalga oshirish, zavodning ishlab chiqarish quvvatlarini mahalliylashtirish, yangi rusumdagi avtomashinalar ishlab chiqarish nazarda tutilgan edi. Buning samarasida avtomobil bozorida EURO 3 standartidagi dvigatel bilan jihozlangan “Nexia” va “Matiz” avtomobillari paydo bo‘ldi.

2008-yilning mart oyida “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi va “General Motors” hamkorligida yangi qo‘shma korxona – “GM Uzbekistan” yopiq aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi. Zavod ishga tushirilgach, dastlabki bosqichda “Chevrolet” rusumidagi “Epica”, “Captiva” va “Tacuma” yengil avtomobillari chiqarila boshlandi. Umuman, mazkur yil milliy avtosanoatimiz uchun chinakam tarixiy davr bo‘ldi. Xususan, zavod konveyyeridan millioninchi “Chevrolet Lacetti” avtomobili chiqarildi. 

2010-yildan boshlab kompaniya GM global brendlaridan foydalanishni boshladi. Jumladan, avgust oyida ancha takomillashtirilgan va texnologik ixchamlashtirilgan “Chevrolet Spark” avtomobilini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 2011-yilda modernizatsiya qilingan “Chevrolet Captiva” avtomobilini yig‘ish boshlangan bo‘lsa, 2012-yilning mart oyida 2,4 litr hajmga ega to‘rt silindrli dvigatel o‘rnatilgan “Chevrolet Malibu” avtomobilini ishlab chiqarish liniyasi ochildi. Avgust oyi oxirida esa “Chevrolet Cobalt” avtomobili ommaviy ishlab chiqarila boshlandi. So‘nggi yillarda milliy avtosanoatimiz avtomobillari qatoriga yangi rusumdagi mashinalar qo‘shildi. Xususan, yangilangan “Lacetti”, 2014-yil boshida “Orlando” mini-veni namoyish etildi.

Bugun mamlakatimiz avtomobilsozligini sanoatimiz lokomotivi deb aytish mumkin. Negaki, ushbu soha bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq tarmoqlarni rivojlantirish va aholi bandligini barqaror ta’minlash imkonini berayotir. “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibida 27 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilgan qator korxona va tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Ular orasida xalqaro standartlarga javob beradigan mahsulotlar tayyorlash, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni samarali yo‘lga qo‘yish imkonini beradigan zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan avtomobilsozlik va xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqaradigan korxonalar bor.

Tarmoqni avtomobillarni sotish va ularga servis xizmati ko‘rsatish bo‘yicha kompleks xizmatlarni tashkil etmasdan rivojlantirib bo‘lmaydi. Ayni paytda barcha viloyatlar markazida avtomobillarni sotish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan stansiyalar faoliyat yuritmoqda. Ular zamonaviy asbob-uskuna va diagnostika vositalari bilan ta’minlangan.

Shuni ta’kidlash joizki, nafaqat “Damas”, “Matiz”, “Spark”, “Nexia”, “Lacetti”, “Cobalt”, “Captiva”, “Malibu” va “Orlando” yengil avtomobillari, balki yuk avtotransportlari, avtobuslar, maxsus mashinalar va keng turdagi ehtiyot qismlarni ishlab chiqarish ham milliy avtosanoatimizning muhim yo‘nalishlaridandir. 

Samarqand avtomobil zavodida avtobus va yuk mashinalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, zavod Yaponiyaning “Isuzu Motors” kompaniyasi bilan hamkorlik samarasida rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarildi. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan transport vositalari yuqori texnik ko‘rsatkichlari va zamonaviy dizayni bilan ajralib turadi. Bu esa “SamAvto” texnikalariga xalqaro bozorda barqaror o‘rinni egallash va nufuzli ishlab chiqaruvchilar bilan raqobatlashish imkonini bermoqda. 

“JV MAN Auto – Uzbekistan ” O‘zbekiston – Germaniya qo‘shma korxonasida 15 tonnadan 50 tonnagacha yuk ko‘tarish kuchiga ega ishonchli va zamonaviy transport vositalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu avtotransport vositalaridan avtomobil va temir yo‘llar qurish hamda ularni rekonstruksiya qilish, shaharlararo yuk tashishda samarali foydalanilmoqda. Bundan tashqari, avtokranlar, bortli avtomobillar, izotermik furgonlar, suv tashiydigan va boshqa ko‘plab vazifalarni bajaradigan yo‘l mashinalari, beton qoradigan, don, paxta va chiqindi tashiydigan mashinalar ham keng ommalashgan. 

Milliy avtosanoatimiz xususida so‘z yuritganda, yana bir o‘ziga xos obyekt – avtomobil dvigatellarini ishlab chiqarish bo‘yicha Markaziy Osiyodagi yagona “GM Powertrain Uzbekistan” zavodini ham qayd etib o‘tish joiz. 2011-yil noyabr oyida o‘z faoliyatini boshlagan ushbu zavod yiliga 200 mingtagacha dvigatel ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, yuqori texnologiyali asbob-uskunalar, jumladan, eritish va quyish, alyuminiyga termik ishlov berish, silindr bloklar tayyorlash vositalari, avtomatik yig‘ish liniyalari va nazorat-o‘lchov qurilmalari bilan jihozlangan. Texnologik jarayonning komputerlashtirilgani ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini nazorat qilish imkonini bermoqda va bu xalqaro ekologik xavfsizlik standartlariga to‘la javob beradi. Bugungi kunda GM global tarmog‘iga kiradigan xorijiy avtomobilsozlik korxonalarida ham O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan dvigatellardan foydalanilmoqda.

“O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida 55 mingta yengil avtomobil, 1,1 mingdan ortiq “ISUZU”, 198 “MAN” rusumli yuk mashinalari, 129,8 ming dona akkumulyator, 30 mingta kuch agregati va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Ayni paytda kompaniya ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish va eksportni kengaytirish borasida muntazam ish olib bormoqda. Bugun MDH mamlakatlarida yurtimiz avtomobil sanoatining 250 dan ortiq dileri faoliyat yuritayotir. Rossiya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Indoneziya, Braziliya, Turkiya, Koreya Respublikasi va boshqa mamlakatlarga mahsulotlar eksporti yo‘lga qo‘yilgan.

Mahalliylashtirishni kengaytirish avtomobilsozlikni rivojlantirish va uning ishlab chiqarish salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish, ishlab chiqarish jarayoniga yangi samarali texnologiyalarni joriy etish, zamonaviy, raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va ehtiyot qismlar importini qisqartirish hisobiga valyutani tejash imkonini beradi.

Shu bois yurtimiz mashinasozlari avtomobillar uchun zarur ko‘plab ehtiyot qismlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish ustida izlanmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda bamper, avtooyna va o‘rindiqlar, o‘rindiq g‘iloflari, lok-bo‘yoq materiallar, tutun chiqaradigan quvur va zarbga qarshi to‘sinlar, yonilg‘i baklari, chiroq va yoritish priborlari, jgut, elektr simlar, akkumulyatorlar, g‘ildirak disklari va shassi uzellari, yonilg‘i nasoslari, generator va kompressorlar ishlab chiqaradigan o‘nlab korxonalar faoliyat yuritmoqda. «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi korxonalar yurtimizdagi 200 dan ortiq korxona bilan kooperatsiya aloqalarini o‘rnatgan.

Prezidentimiz Islom Karimovning shu yil 11-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan 2015-2019-yillarda tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi soha korxonalari uchun keng imkoniyatlar ochib bermoqda. «O‘zavtosanoat» korxonalari ushbu dasturga muvofiq amortizator, spidometr, avtomobillar uchun rezinotexnik buyumlar, kichkina va statsionar batareya, radiator, konditsioner va shovqinni to‘suvchi materiallar kabi 60 turdan ortiq sanoat mahsulotini mahalliylashtirishni rejalashtirmoqda. 

Yangi rusumdagi avtomobillar ishlab chiqarish muhim yo‘nalishlardan biridir. Xususan, Xorazm viloyatida foydalanishga topshirilgan avtomobil zavodi yiliga 40 mingdan ortiq «Damas» va «Orlando» rusumli avtomobillarni ishlab chiqarish quvvatiga ega. «O‘zavtosanoat» kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda korxonada «Labo» rusumli yangi modelni o‘zlashtirish borasida ish olib borilmoqda. «Compact LCV» segmentidagi yo‘lovchi-yuk tashish avtomobillar oilasiga mansub ushbu mashinaga mahalliy va xalqaro bozorda talab yuqori. Yirik shaharlarda ushbu toifadagi avtomobillar yordamida hajmi unchalik ko‘p bo‘lmagan mahsulotni yetkazib berish ancha qulaydir.

«O‘zavtosanoat» aksiyadorlik kompaniyasi Prezidentimizning shu yil 4-martda qabul qilingan 2015-2019-yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta’minlash chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risidagi farmonida belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirmoqda. Ushbu farmon doirasida kompaniya “JV MAN Auto – Uzbekistan» qo‘shma korxonasi va «Uzautotrailer»da kabinalar yig‘ish va yuk avtotransportlari ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish, Jizzax akkumulyator zavodining texnologik asbob-uskunalarini modernizatsiya qilish, «Gentra», «Spark», «Cobalt», «T250» va boshqa avtomobillar uchun plastmassa detallar, tormoz tizimi tarkibiy qismlari, alyuminiydan ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Muxtasar aytganda, mamlakatimiz avtomobil sanoati o‘zining o‘n to‘qqiz yillik tarixi davomida ko‘p sinovlarni o‘tkazib, katta o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Bugun bozor talablaridan kelib chiqqan holda tarmoq oldiga yangi vazifalar qo‘yilmoqda. Zero, mamlakatimiz avtomobil sanoati yangi marralarni zabt etish uchun keng ko‘lamli ishlarga tayyor.