Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatimiz sanoatini rivojlantirishning muhim omili
10:42 / 2016-03-15

O‘zbekistonda Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasining birinchi bosqichi boshlanmoqda. An’anaga ko‘ra, mart-iyun oylarida bo‘lib o‘tadigan hududiy va tarmoq yarmarkalarida mamlakatimiz sanoatining salohiyati keng namoyish etiladi.

O‘zbekistonda Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasining birinchi bosqichi boshlanmoqda. An’anaga ko‘ra, mart-iyun oylarida bo‘lib o‘tadigan hududiy va tarmoq yarmarkalarida mamlakatimiz sanoatining salohiyati keng namoyish etiladi.

Prezidentimiz Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisida o‘tgan yili mamlakatimizni yangilash va isloh etish, iqtisodiyotimizning barqaror o‘sish sur’atlarini va uning makroiqtisodiy mutanosibligini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilganini ta’kidladi. Buning samarasida jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davom etayotganiga qaramasdan, o‘tgan yili yalpi ichki mahsulot 8 foiz, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 8 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qariyb 7 foiz, qurilish-montaj ishlari salkam 18 foiz o‘sdi.

Davlatimiz rahbari 2016-yilda biz uchun asosiy vazifa – ishlab chiqarishni texnik va texnologik jihatdan uzluksiz yangilab borish, doimiy ravishda ichki imkoniyat va zaxiralarni izlab topish, iqtisodiyotda chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, sanoatni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni davom ettirishdan iborat bo‘lishini alohida ta’kidladi. Ishlab chiqarishni optimallashtirish, ichki tarmoq va tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirish va mustahkamlash, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni keng targ‘ib qilish, mahsulotni yetkazib berish, jumladan, xorijlik hamkorlar topish va ular bilan shartnoma imzolashda xo‘jalik yuritish subyektlariga ko‘maklashishga qaratilgan an’anaviy Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi shu va boshqa vazifalarning hal etilishiga xizmat qiladi.

Mamlakatimizdagi ushbu yirik sanoat forumi Prezidentimiz Islom Karimovning 2007-yil 12-noyabrdagi «Ichki tarmoq va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni, 2009-yil 1-dekabrdagi «Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi va 2013-yil 29-yanvardagi «Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning raqobatdoshliligini yanada oshirish va tovarlarni respublikaga noqonuniy olib kirishga qarshi kurashni kuchaytirish to‘g‘risida»gi qarorlariga muvofiq o‘tkazilmoqda.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar samaralarini aks ettiruvchi ushbu tadbirning nufuzi yil sayin ortib bormoqda. Hududiy va tarmoq sanoat yarmarkalarining tarkibi sifat va son jihatidan kengayib, imzolangan shartnomalar, xususan, eksport bitimlari salmog‘i yildan-yilga ortmoqda.

O‘tgan yilgi hududiy sanoat yarmarkalarida 377,5 milliard so‘mlik shartnomalar imzolandi. Bu 2014-yilgi ko‘rsatkichdan 24,5 foiz ko‘pdir. Eksport shartnomalari qiymati 180,8 million dollarni tashkil qildi va bu oldingi yilga nisbatan 8,4 foiz ko‘p. Tarmoq sanoat yarmarkalarida umumiy qiymati 617,9 milliard so‘mlik shartnomalar imzolandi. Bu 2014-yilga qaraganda 5,2 foiz ko‘p demak.

2015-2019-yillar uchun tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi hamda 2015-2019-yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta’minlash chora-tadbirlari dasturi joriy yilgi hududiy sanoat yarmarkalari va X Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasining ahamiyatini yanada oshiradi.

Joriy yilda mamlakatimizning barcha hududlarida tashkil etiladigan hududiy sanoat yarmarkalari mart oyining ikkinchi yarmidan boshlanib, iyun oyiga qadar davom etadi. Tarmoq sanoat yarmarkalari ham shu kunlarda boshlanadi va iyun oyining o‘rtalarida yakunlanadi. X Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi 2016-yilning oktabr oyi oxirida o‘z ishini boshlaydi.

Birinchi bosqich doirasida kichik va yirik korxonalar o‘z mahsulotlarini namoyish etish, ishlab chiqarish sohasidagi texnologik yangiliklar, turdosh tarmoq va korxonalarning yutuqlari bilan tanishish, istiqbolda materiallar va butlovchi qismlarga bo‘lgan ehtiyojni belgilab olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Hududiy yarmarkalar yakunida ishtirokchilar tomonidan yangi turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni o‘zlashtirish to‘g‘risida bitimlar imzolanadi.

Ikkinchi bosqichda ushbu bitimlar mahsulot yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnomalarda rasmiylashtirilib, ishlab chiqaruvchining kelgusi yilga mo‘ljallangan buyurtmalar portfelini shakllantiradi. Shu ikki bosqich o‘rtasidagi davrda korxonalarda yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarish sinovdan o‘tkaziladi, tajriba partiyalari tayyorlanadi, buyurtmachilar bilan kelishiladi hamda o‘zlashtirilayotgan mahsulotning texnik ko‘rsatkichlari talab qilingan sifat darajasiga moslashtiriladi.

Hududiy sanoat forumlari va X Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi davomida mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar to‘g‘risidagi yagona ma’lumotlar bazasini yangilash va uning taqdimotini o‘tkazish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, sanoat yarmarkalarida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining vakillari, mahalliy sarmoyadorlar va xorijlik muassislar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida "Mahsulotni mahalliylashtirish – ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirish istiqbollari" mavzuida seminar tashkil etiladi.

Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi doirasida kooperatsiya aloqalari imkoniyatlarini yanada to‘liq namoyish etish maqsadida mamlakatimiz sanoat korxonalari tomonidan taqdimotlar o‘tkaziladi, ularda hamkorlik to‘g‘risidagi takliflar ilgari suriladi. Ishtirokchilar ishlab chiqarilayotgan tovarlar, ko‘rsatilayotgan xizmatlar hamda import qilinayotgan mahsulotlar to‘g‘risida sanoat forumining direksiyasi tomonidan har yili nashr qilinadigan O‘zbekiston sanoat mahsulotlari katalogidan bilib olishlari mumkin. Shuningdek, ular www.cooper.uz saytida ushbu nashrning elektron shakli bilan tanishish hamda o‘z korxonasini ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyatiga ega.

Muxtasar aytganda, Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi istiqbolli tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishga intilayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchilar, olim va ekspertlar, chet el sarmoyadorlarini birlashtirish, mamlakatimiz sanoati samaradorligini oshirish yo‘lida barcha iqtisodiy rag‘bat va mexanizmlarni ishga solishga xizmat qiladi.