Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatimiz oliy o‘quv yurti JST tanlovida saralandi
17:16 / 2022-03-23

Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida mazkur oliy ta’lim muassasasi rektori, Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Toshkent Xalqaro investitsiya forumida qatnashish uchun yurtimizga kelgan Jahon savdo tashkiloti Bosh direktori o‘rinbosari Syanchen Chjan bilan uchrashdi. Tadbirda o‘zaro hamkorlikning joriy holati va mavjud aloqa ko‘lamini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Jahon savdo tashkiloti o‘z faoliyati davomida ko‘plab yirik loyihalarni amalga oshirib keladi. Shulardan biri “JST kafedralari” dasturidir. Mazkur loyihaga tashkilot tarkibidagi 164 davlatdagi oliy o‘quv yurtlari kafedralari, markazlari, laboratoriyalari va boshqa ilmiy bo‘limlari a’zo bo‘lishlari mumkin. Albatta, buning uchun nomzodlar juda jiddiy sinovdan iborat tanlovda o‘z takliflari bilan ishtirok etib, keskin raqobatda g‘olib chiqishlari zarur. Toshkentdagi JIDU ana shunday yirik tanlovda e’tirof etildi.

- O‘zbekistonga ikkinchi bor kelishim va har gal ushbu ta’lim maskanida uchrashuv o‘tkazish sharafiga muyasar bo‘lyapman, deydi janob Syanchen Chjan. - Bu bejiz emas, albatta.

Avvalo, mamlakatingizda keyingi yillarda ulkan ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotganini e’tirof etishim kerak. Bu yangiliklar, tabiiyki, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ham yaqqol ko‘zga tashlanyapti. JST tomonidan yo‘lga qo‘yilgan, jahonning yetakchi, saralangan kafedralari bilan izchil hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan maxsus loyihada O‘zbekistonning mazkur oliy o‘quv yurti ham g‘olib chiqqani fikrimiz tasdig‘idir. Ya’ni, Toshkentdagi JIDU mazkur tanlov doirasida 140 nomzod ta’lim dargohi orasidan saralab olingan dunyoning eng kuchli 17 universiteti safidan o‘rin oldi.

[gallery-6269]

Bu natija respublikaning xalqaro miqyosdagi yana bir yirik yutug‘idir. Eng muhimi, bu bilan O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi jarayonida yana bir katta qadam qo‘yildi, deyish mumkin.

Ayniqsa, mamlakatimizning JSTga a’zoligi masalasi dolzarb kun tartibiga chiqqan bir paytda universitetning mazkur muvaffaqiyati har qachongidan muhim ahamiyat kasb etmoqda. Negaki, bu O‘zbekistonning ushbu nufuzli moliyaviy tuzilmaga kirishini ta’minlaydigan omillarning ilmiy asosini yaratishga yordam beradi.

Bundan tashqari dastur bilan jamiyatimizda ushbu tashkilot haqida kengroq tasavvur uyg‘otish, xususan, JST faoliyati, ish mexanizmlari, qoidalari haqida, qolaversa, a’zolikning muayyan mamlakatga keltiradigan foydasi, manfaatli jihatlari xususida batafsil ma’lumotga ega bo‘lish imkoniyati kengayadi.

Elchi Chjan ushbu ta’lim maskaniga tashrifi davomida universitetda tashkil etilgan yuridik klinika faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi, professor-o‘qituvchilar, talabalar bilan dildan suhbatlashdi. Oliy o‘quv yurti va JST vakillari tomonidan birgalikda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, amaliy hamkorlik natijalari bilan qiziqdi. 

G‘.Xonnazarov, N.Haydarov (surat), O‘zA