Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatimiz moliyachilari ichki audit bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rgandi
18:47 / 2025-06-09

Chernogoriyaning Budva shahrida Davlat moliyasini boshqarish bo‘yicha xalqaro hamkorlik ta’lim dasturi (PEMPAL) doirasida “Audit amaliyoti” va “Muvofiqlashtirish bo‘yicha markaziy bo‘linmalar uchun chaqiriqlar” mavzusida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir Jahon banki ko‘magida tashkil etildi.

Yig‘ilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad - davlat moliyaviy nazorati va ichki audit sohasida xorijiy mamlakatlarda, jumladan, Chernogoriyada amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishish, mamlakatlar o‘rtasida tajriba almashish, xalqaro standartlar asosida qo‘llanmalar ishlab chiqish hamda a’zo mamlakatlar mutaxassislari uchun muloqot maydoni yaratishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirda 30 dan ortiq mamlakatdan amaliyotchi mutaxassislar va ekspertlar ishtirok etdi. Yig‘ilish an’anaviy va onlayn formatda o‘tkazilib, O‘zbekistondan 100 dan ziyod ichki auditor onlayn tarzda qatnashdi. Ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga xalqaro mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berildi.

Yig‘ilish doirasida Xalqaro ichki auditorlar institutining “Global ichki audit standartlari”ga asosan ishlab chiqilgan PEMPAL’ning davlat organlari uchun ichki audit bo‘yicha namunaviy qo‘llanmasi muhokama qilindi va unga tegishli takliflar kiritildi.

Shuningdek, samaradorlik auditini amalga oshirish bo‘yicha Niderlandiya, Janubiy Afrika Respublikasi, Polsha va Gretsiya tajribasi o‘rganildi. Chernogoriyadagi davlat ichki audit va nazorat tizimidagi islohotlar va ularning bosqichlari tahlil qilindi. Mavjud muammolar amaliyotchi mutaxassislar hamda xalqaro ekspertlar hamkorligida ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilish davomida ishtirokchilar guruhlarga bo‘linib, audit jarayonlarida uchraydigan murakkab holatlarni muhokama qildilar va xulosalar ishlab chiqdilar.

Barqarorlik auditini tashkil etish borasida Ispaniya, Niderlandiya va Janubiy Afrika Respublikasi tajribalari tahlil qilindi. Bu yo‘nalishda maxsus qo‘llanma ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari va ESG - atrof-muhit, ijtimoiy va korporativ boshqaruv auditini amalga oshirish bo‘yicha Yevropa davlatlari tajribasi o‘rganildi. Yangi audit turlari orqali davlat organlarining xalqaro tendensiyalarga munosabati, ichki audit kadrlarining bilim va malakasini oshirish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.

Yig‘ilish yakunida PEMPAL’ning namunaviy qo‘llanmasi yakunlanib, takliflar asosida nashr etilishi va samaradorlik, barqarorlik hamda ESG auditlari yuzasidan chuqurroq tadqiqotlar olib borilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA