English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatimiz kelgusi taqdiri uchun muhim jarayon
20:43 / 2023-03-29

O‘zbekiston «Adolat» sotsial demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamkorlikda «Konstitutsiyaviy islohotlar – inson sha’ni va qadr-qimmati uchun» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi mazmun-mohiyati tushuntirilib, joriy yilning 30 aprel sanasida bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tadbirni partiya siyosiy kengashi raisi Bahrom Abduhalimov kirish so‘zi bilan ochib, Yangi O‘zbekistonda Konstitutsiyaviy islohotlarning mohiyati, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi referendumga qo‘yilishining ahamiyati xususida to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyamizning moddalari 128 tadan 155 taga, uning normalari esa 275 tadan 434 taga ko‘paymoqda. Ya’ni, Konstitutsiyamiz qariyb 65 foizga yangilanmoqda.  

Amaldagi 128 ta moddadan 91 tasiga konseptual o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda birgina yoshlarning huquq va erkinliklarining kafolatlanishi borasidagi normalar ikki baravarga oshmoqda. Ayniqsa, yoshlarning ta’lim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli bo‘lishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida kiritilayotgani nafaqat yoshlar manfaati, balki butun jamiyatimiz va mamlakatimizning kelgusi taqdiri uchun muhim ekanligi qayd etildi.

Shuningdek, tadbirda yangilanayotgan Konstitutsiyada sud-huquq sohasi, advokatura institutiga oid muhim yangiliklar o‘z ifodasini topayotganiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha o‘tkaziladigan referendumda faol ishtirok etish, har bir fuqaro ushbu tarixiy jarayonda faollik ko‘rsatishi lozimligi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA