Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatimiz hududlariga elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha cheklovlar olib tashlandi
11:33 / 2024-03-11

Bugun AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev joriy yilning 10-mart kuni iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Unda ta’kidlanishicha, 10-mart kuni elektr stansiyalar orqali 238,9 million kilovatt soat, rejadagiga nisbatan 4 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 48,2 million metr kub tabiiy gaz, 16,8 ming tonna ko‘mir hamda 4 ming tonna mazut yoqilgan.  

Shuningdek, Turkmaniston Respublikasidan 15,6 million kilovatt soat elektr energiyasi import qilingan. Respublika iste’molchilariga 223,4 million kilovatt soat, rejadagiga nisbatan 8 foiz ko‘p elektr energiyasi, 145,6 million metr kub, rejadagiga nisbatan 9 foiz ko‘p tabiiy gaz yetkazib berilgan.

–Tabiiy gaz bosimining me’yoriy sxemaga qaytgani elektr energiyasi yetkazib berish tizimida 17-fevral sanasidan e’tiboran amalga kiritib kelingan cheklovlarning bekor qilinishini ta’minladi. 8-martdan e’tiboran mamlakatimiz hududlariga elektr energiyasi yetkazib berishda hech qanday cheklovlar qo‘llanilmayapti. Kecha mamlakatimizdagi 1 ming 325 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari orqali jami 13 million 415 ming kubometr tabiiy gaz sotildi. Mazkur miqdor 7-mart kuni 14 million 910 ming metr kubni, 8-mart kuni 15 million 12 ming kubometrni,  9-mart kuni esa 15 million 614 ming kubometrni tashkil qildi. Shuningdek, kecha avtomobillarga gaz quyish stansiyalari orqali jami 270 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazildi. Aholi va iqtisodiyot tarmoqlari avtobenzin hamda dizel yonilg‘isi bilan mavjud ehtiyojni to‘liq qoplaydigan darajada ta’minlanmoqda. Xususan, 10-mart kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yurtimizdagi barcha avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 661 tonna avtobenzin yetkazib berildi. Ayni kunda vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda, – dedi H.Toshxo‘jayev.

Brifingda elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar ham tezkor bartaraf etib borilayotgani aytib o‘tildi. Unga asosan mamlakatimiz bo‘ylab elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 5 ta nosozlik bartaraf qilindi. Shuningdek, iste’molchilardan 150 ta murojaat kelib tushdi va barchasi maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi. Tabiiy hamda suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha kelib tushgan 88 ta murojaat bo‘yicha ham tegishli tartibda tezkor chora-tadbirlar amalga oshirildi.

 

N.Ziyodullayeva, O‘zA