Bugun poytaxtimizdagi “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida Saudiya Arabistoni podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Folih boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida Sirdaryo viloyatida issiqlik elektr stansiyasi qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ikki davlat hukumati mas’ul vakillari, jumladan investitsiya va energetika vazirliklari rahbarlari, shuningdek “ACWA Power” kompaniyasining yuqori martabali vakillari ishtirok etdi.
Aytish joiz, O‘zbekiston Respublikasi Energetika, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari hamda Saudiyaning “ACWA Power” kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlik 2020 yil mart oyida yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytgacha imzolangan kelishuvlar doirasida mamlakatimizda ekologik toza energiya ishlab chiqarishni 2500 MVtga oshirish loyihalari ijrosi yo‘lida uchta asosiy bosqich amalga oshirildi.

Tantanali marosim doirasida jarayonning eng asosiy voqealaridan biri - Sirdaryo viloyatida quvvati 1500 MVt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasi qurilishini boshlashga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Xolid al-Folih ikki mamlakat delegatsiyalari a’zolari guvohligida Shirin shahri bilan videokonferensiya orqali bog‘lanib, oq fotiha tilab ruxsat berishdi.
Umuman olganda, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi energetika sohasidagi yaqin hamkorlik misli ko‘rilmagan istiqbolli loyihalar, xususan, investitsiyaviy qiymati 2,5 milliard AQSH dollariga teng va umumiy quvvati 2 500 MVt bo‘lgan uchta yirik energetika loyihalariga oid yangi ishlanmalarni o‘z ichiga oladi. Mazkur sheriklik doirasida Buxoro va Navoiy viloyatlarida umumiy quvvati 1000 MVt bo‘lgan ikkita shamol elektr stansiyasi qurish hamda Elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha ikkita kelishuv (ESK), shuningdek mamlakatimiz Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va “ACWA Power” kompaniyasi o‘rtasida ikkita Investitsiyaviy kelishuv ham imzolandi.

Mazkur uchta loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekiston energetika quvvatini bugungi kun talabi darajasida oshirish kafolati hisoblanadi. Zero, 2030 yilga borib yurtimizda elektr energiyasi iste’moli 110 milliard kVt soatga yetishi kutilmoqda.
- Qayd etilgan bosqichlardan o‘tish zimmamizga yuklatilgan majburiyatlarni bajarayotganimizdan dalolat, - deydi mamlakatimiz energetika vaziri Alisher Sultonov. - O‘zbekistonda ekologik toza energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish ma’lum vaqt davomida turli ishlanmalar va investitsiya sohasidagi yuqori maqsadlarga erishishni ko‘zda tutadi. Rejalarimizning samarali amalga oshirilishi O‘zbekistonga katta miqdorda investitsiya jalb qilish va mamlakatimiz energetika maqomini oshirish imkonini beradi. Biz Saudiya Arabistoni bilan uzoq muddatli va samarali hamkorlik qilish niyatidamiz.
Sirdaryo IES qurilishiga start berilishi, ESK va O‘zbekistonning past darajali uglevodorod chiqindili resurslardan foydalanishga o‘tishida muhim omil sanaladigan Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi “Bosh” va “Jonkeldi” shamol elektr stansiyalari bo‘yicha Investitsiya kelishuvlari imzolanishi energetika tarmog‘ini isloh qilish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirilishini rag‘batlantirish yo‘lidagi muhim va salmoqli qadam, deyish mumkin. Bu shuningdek, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, xorijiy investitsiya hajmini maksimal darajada oshirishga ham hissa bo‘lib qo‘shiladi.
- Biz, Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyasi vakillari O‘zbekistonning energetika tarmog‘ini isloh qilish bo‘yicha keng ko‘lamli rejasini amalga oshirishda ishtirok etayotganimiz bilan faxrlanamiz, - dedi “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan. - Bu yo‘lda biz bir jamoa bo‘lib mehnat qilyapmiz, shu sababli men loyiha qurilishi boshlanishi va O‘zbekiston hukumati bilan investitsiyaviy bitimlar imzolanishi munosabati bilan barcha sheriklarimizga minnatdorlik izhor qilmoqchiman. Bu Saudiya Arabistoni Qirolligi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarga ikki davlat rahbariyati tomonidan berilgan yuksak baho bo‘ldi.
Qayd etish o‘rinli, O‘zbekiston Energetika vazirligi va “ACWA Power” kompaniyasi o‘rtasida vodorod energiyasini rivojlantirish bo‘yicha alohida kelishuvga erishildi. Mazkur kelishuv O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish hamda vodorod va qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi ilmiy izlanishlar orqali issiqxona gazi chiqindilarini kamaytirishga erishish yo‘lida ilk qadamdir. Ayni muammo BMTning iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi konvensiyasi doirasida Parij bitimida ham alohida ta’kidlangan.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu sa’y-harakatlar O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, shuningdek energetika sektorida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida qayta tiklanadigan energiya manbalarini ishlab chiqish va joriy etish, eng muhimi mamlakatimizning ekologik toza energiya sohasidagi salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA