Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatimiz bo‘ylab multiindikator klaster kuzatuvlarini o‘tkazishdan maqsad nima?
12:44 / 2021-06-17

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi mas’ul koordinatorlari ishtirokida “Respublikada bolalar va ayollar holatini xalqaro darajada baholash maqsadida o‘tkazilayotgan multiindikator klaster kuzatuvlari” mavzuidagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 9 apreldagi “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 iyuldagi qaroriga muvofiq, 2020-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida multiindikator klaster kuzatuvlari (MICS) o‘tkazilishi belgilandi.  

Multiindikator klaster kuzatuvi BMTning Xalqaro bolalar jamg‘armasi YUNISEF tomonidan ishlab chiqilgan uy xo‘jaliklarining tanlanma kuzatuvi xalqaro dasturi bo‘lib, asosan bolalar va ayollar holatini baholash maqsadida ko‘p ko‘rsatkichli ma’lumotlarni yig‘adi.  

MICS kuzatuvlari ilk marotaba 1995 yilda o‘tkazilgan bo‘lib, 1995-2020 yilga qadar butun dunyo mamlakatlari o‘rtasida 118 ta davlatda 346 marotaba MICS kuzatuvlari amalga oshirilib, ona va bola salomatligi, ayollarning reproduktiv salomatligi, bolalar huquqlari va ularning ta’lim olish darajasi, bolalarning sog‘lom va jismoniy rivojlanishlari o‘rganilib, ular to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlar jamlangan.  

–Mamlakatimizda MICS kuzatuvi bundan 15 yil oldin bo‘lib o‘tgan, – dedi Davlat statistika qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Usmon Abdurasulov. –2020-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida multiindikator klaster kuzatuvlari(MICS)ni o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi va BMT Bolalar jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.  

Davlat statistika qo‘mitasi kuzatuvni o‘tkazish bo‘yicha vakolatli davlat organi etib belgilangan.  

MICS kuzatuvini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad aholining yashash sharoitlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, 15 yoshdan 49 yoshgacha bo‘lgan ayollar bilan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalarini, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar to‘g‘risida onalari yoki vasiylaridan olingan aniq ma’lumotlarni, aholi turmush darajasi, yashash joyi va jinsi bo‘yicha to‘plangan barcha ma’lumotlarni mamlakatlar miqyosida xalqaro darajada taqqoslash imkonini beradi.  

Kuzatuv jarayonida O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha tanlab olingan 726 ta mahallada joylashgan 14 ming 520 ta uy xo‘jaligida, joylarga chiqilib respondentlar bilan shaxsan suhbatlashish orqali planshetlarda elektron ko‘rinishda savolnomalarni to‘ldirish orqali ma’lumotlar yig‘iladi.  

Multiindikator klaster kuzatuvini o‘tkazish bo‘yicha Davlat statistika qo‘mitasi hamda YUNISEF tomonidan ushbu kuzatuvni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida bir qator tadbirlar, o‘quv seminarlari va tashkiliy ishlar amalga oshirildi.  

Joriy yilning 5 aprelidan joylarda kuzatuvni o‘tkazish ishlariga start berildi. Mazkur kuzatuvlar 31 iyulga qadar davom etadi. Ayni paytda 9 mingga yaqin uy xo‘jaliklarida tegishli savolnomalar to‘ldirilib, kuzatuv ishlari yakunlandi.  

Matbuot anjumani yakunida mavzu yuzasidan ommaviy axborot vositalari xodimlarini qiziqtirgan savollarga Davlat statistikasi qo‘mitasi mas’ullari tomonidan atroflicha javob berildi.  

 

Gulnoza Boboyeva,  O‘zA