Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatda ekologik barqarorlikka erishishda har bir fuqaro ishtiroki ta’minlanadi
14:01 / 2025-02-21

Mamlakatimiz taraqqiyotini belgilab bergan “O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturini tasdiqlashni nazarda tutuvchi Prezident farmoni qabul qilindi.

Ushbu farmon loyihasi ham o‘tgan yillar davomida to‘plangan tajribadan kelib chiqqan holda 2025 yilning yanvar oyida keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi. Muhokamalarda mahalliy va xalqaro darajadagi ekspertlar, aholi vakillari faol ishtirok etib, farmonda nazarda tutilgan maqsadli ko‘rsatkichlar bo‘yicha 10 mingdan ortiq o‘z taklif va mulohazalarini bildirishdi.

Xalqimiz bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvlar natijasida hujjatga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Xususan, dastlab Davlat dasturi loyihasida 5 ta yo‘nalish va 100 ta maqsad kesimida 2025 yil uchun 278 ta amaliy chora-tadbir, 84 ta normativ-huquqiy hujjatlar e’lon qilingan bo‘lsa, qabul qilingan hujjat orqali chora-tadbirlar soni 286 ta, normativ huquqiy hujjatlar 99 ta va maqsadli ko‘rsatkichlar 256 ta etib belgilandi.

Aholi tomonidan bildirilgan takliflarni har tomonlama ko‘rib chiqish yakuniga ko‘ra, loyihaga qariyb 100 ga yaqin konseptual, 1000 dan ortiq aniqlashtiruvchi tahririy o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Farmonda belgilangan 286 ta chora-tadbirda mamlakatimizni nafaqat bir yillik atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish yilidagi ustuvor yondashuvlari, balki har bir sohada ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha erishiladigan natijalar tahlili aks ettirilgan.

Mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash, ko‘chalarda yashillik darajasini oshirish, ekologik jihatdan qulay va farovon yashash muhitini shakllantirish, aholi salomatligini yaxshilash, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlarni yaratish, tabiiy resurslarni tejash va ulardan oqilona foydalanish hamda “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy qilish kabi ko‘plab ustuvor yo‘nalishlar shular jumlasidandir.

Dastur doirasida yil davomida aholi uchun barpo etilayotgan piyodalar va alohida velosiped yo‘laklari bo‘yida daraxt va o‘simliklarni ekish orqali “Soyali sayr ko‘chalari” tarmog‘i yaratiladi. Shuningdek, sohil va daryo bo‘ylarida 80 ta infratuzilma ob’ekti va 110 kilometrdan ortiq sog‘lomlashtirish yo‘laklari quriladi. Yomg‘ir va oqova suvlardan samarali foydalanish, mahallalardagi daraxtlarni zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar orqali sug‘orish tizimini joriy etish natijasida yashillik darajasi oshiriladi.

Qolaversa, “Yashil makon” va “Mening bog‘im” loyihasi doirasida 200 million tup daraxt hamda butalar ekilib, “yashil bog‘lar”, “yashil jamoat parklari”da quyosh panellari yordamida quvvatlanuvchi yoritgichlardan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi. Orol dengizi tubida 100 ming gektar “yashil maydon” barpo etilib, mintaqadagi o‘rmonzorlar ulushi 2,1 million gektarga yetkaziladi.

E’tiborli jihati ushbu yo‘nalishdagi maqsad va vazifalarni amalga oshirishda ilmiy yondashuvlar hamda kadrlar masalasiga alohida e’tibor qaratilganidir. Hech shubhasiz aytish mumkinki, ilm va tahlilga asoslangan har qanday tashabbus kelajakda o‘z ijobiy natijasini bermasdan qolmaydi.

Xususan, inson salohiyatini yuksaltirish va ta’lim uchun qulay muhit yaratish ishlarini tashkil etish maqsadida 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi kabi ta’lim yo‘nalishlari mutaxassislar tayyorlashda ushbu yo‘nalishdagi ishlarni muvofiqlashtirib boruvchi yetakchi oliy ta’lim tashkiloti sifatida belgilandi.

Unga ko‘ra, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida “sirkulyar iqtisodiyot” ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ushbu universitetga biriktirilgan “yashil texnikumlar” faoliyati ham tashkil etilmoqda.

Albatta, nafaqat yashil taraqqiyot, umuman olganda, barcha yo‘nalishdagi ishlar natijasi iqtisodiyot va ushbu yo‘nalishdagi mutaxassislar salohiyatiga chambarchas bog‘liq. Shu bois bir qator tabiiy fanlar — muhandislik-texnika, iqtisodiyot va moliya yo‘nalishlaridagi davlat oliy ta’lim tashkilotlarida “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil rivojlanish” fani va o‘quv dasturlari joriy qilinadi.

Oliy ta’limda grant o‘rinlarini bosqichma-bosqich oshirish hisobiga aniq va tabiiy fanlar, muhandislik-texnika, xizmatlar, tibbiyot kabi sohalarda davlat buyurtmasi 25 mingtaga yetkaziladi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi ta’lim dasturlari asosida ta’lim olish uchun stipendiya tanloviga 20 tagacha kvota ajratib boriladi.

Shu bilan birga, mamlakatda ekologik barqarorlikka erishishda har bir fuqaro ishtirokini ta’minlash maqsadida 2025 yil 1 iyunga qadar “Bir million yashil oila” umummilliy harakati doirasida maxsus platforma ishlab chiqiladi. Platforma orqali ekologik tamoyillarni o‘zining kundalik hayotiga joriy etishda yuqori ko‘rsatkichlarga erishganlarga “Ekofaol fuqaro” maqomi berilib, ular uchun davlat xizmatlaridan foydalanishda 10 foizlik hamda davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan banklarda iste’mol kreditini olganda chegirmalar taqdim etiladi.

Agar oilaning barcha voyaga yetgan a’zolari “Ekofaol fuqaro” maqomini olsa, ushbu oilaga “yashil oila” maqomi beriladi va ular har yili ochiq tanlov orqali o‘tkazilgan tadbirda ishtirok etib, 14 ta elektromobildan birini yutib olishlari mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, Davlat dasturi orqali aholisining yarmi “yashil oila” maqomini olgan mahallalarda “Eng toza mahalla” va “Eng yashil mahalla” tanlovlari o‘tkaziladi. G‘olib bo‘lgan mahallalar jamg‘armasiga aholisining takliflarini o‘rgangan holda hudud ichki infratuzilmasini yanada yaxshilash tadbirlarini moliyalashtirishga 500 million so‘m mablag‘ ajratiladi. O‘ylaymanki, ushbu tizim orqali sog‘lom turmush tarzi mahalla, tuman yoki shahar bo‘ylab umummilliy harakatga aylanadi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Davlat dasturidagi har bir chora-tadbirda avvalo xalqimiz turmush farovonligini yanada yaxshilash, qolaversa, fuqarolarimizning Bosh qomusimizda belgilab qo‘yilgan ekologik huquqlarini kafolatlashga oid muhim vazifa va ko‘rsatkichlar aks ettirilgan. Ushbu vazifalar ijrosi esa har birimizning mas’uliyat va faolligimizga bevosita bog‘liq.

Mansur Nabiyev,

Jizzax davlat pedagogika universiteti

Falsafa, tarbiya va huquq ta’limi 

kafedrasi katta o‘qituvchisi.

O‘zA