Kuni kecha Toshkent shahridagi «Bunyodkor» stadionida O‘zbekiston Superligasining 2026 yilgi mavsumiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining 2026 yilgi mavsumi 27 fevral kuni start oladi. Mavsumning 1-tur uchrashuvlarida «Dinamo» jamoasi «Navbahor»ni qabul qiladi. «OKMK» o‘z maydonida «Bunyodkor»ga qarshi bahs olib boradi. «Nasaf» esa «Xorazm» jamoasi bilan G‘uzordagi markaziy stadionda kuch sinashadi.

Shuningdek, mazkur tur doirasida «Paxtakor» — «Qizilqum», «Buxoro» — «Qo‘qon-1912», «Andijon» — «So‘g‘diyona», «Neftchi» — «Mash’al» hamda «Lokomotiv» — «Surxon» uchrashuvlari ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Shuni ta’kidlash joizki, 2026 yilgi O‘zbekiston Superkubogi finalida mamlakat kubogi g‘olibi «Paxtakor» hamda Superliganing amaldagi chempioni «Neftchi» jamoalari o‘zaro to‘qnash keladi. Ushbu uchrashuv 15 mart kuni Andijon shahridagi «Bobur Arena» stadionida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2025 yilgi O‘zbekiston Superkubogida «Nasaf» jamoasi «Andijon» ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozongan edi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA