2026 yil 15 yanvardan boshlanadigan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri mamlakat hayotida strategik ahamiyatga ega muhim jarayon sifatida qabul qilinmoqda.
Ushbu tadbir oddiy statistik hisob-kitob sifatida emas, davlat boshqaruvini ishonchli va aniq ma’lumotlar asosida tashkil etish hamda iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishni rejalashtirish uchun asosiy zamin yaratadi.
Ro‘yxatga olish natijalari mamlakatning demografik va iqtisodiy manzarasini aniqlaydi. Aholining soni va tarkibi, yashash sharoiti, ish bilan ta’minlanish darajasi, xo‘jalik sub’ekti sifatida har bir xonadonning imkoniyatlari va qishloq xo‘jaligiga oid ko‘rsatkichlar davlatga bugungi vaziyatni baholash hamda kelgusi o‘n yillikda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ehtiyojlarni oldindan aniqlash imkonini beradi.
Aholi ro‘yxatga olinishi asosida hududlarda ta’lim, sog‘liqni saqlash, uy-joy qurilishi, infratuzilmani rivojlantirish va ijtimoiy himoya dasturlari rejalashtiriladi. Masalan, qaysi shaharda bolalar bog‘chasi va maktablar qurish zarurligi, qaysi hududda tibbiy xizmatlarni kengaytirish, qaysi sohalarda mehnat bozorida ishchi kuchiga ehtiyojning ortishi aniqlanadi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida yig‘iladigan ma’lumotlar mamlakat iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega. Yer resurslaridan foydalanish darajasi, chorva soni, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi, mavjud zaxiralar va ularning samaradorligi iqtisodiy rejalashtirishda muhim ko‘rsatkichlar hisoblanadi. Har bir xonadon tomonidan taqdim etilgan ma’lumot keyingi davlat dasturlari, investitsiya loyihalari va qishloq xo‘jaligi rivojlanishi strategiyasini belgilashda asos bo‘lib xizmat qiladi.
2026 yilgi aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich 15 yanvardan 31 yanvargacha onlayn ro‘yxatdan o‘tish shaklida bo‘lib, fuqarolar census.stat.uz yagona rasmiy platforma orqali mustaqil ravishda tez va qulay tarzda ma’lumot berish imkoniga ega bo‘ladi. Ikkinchi bosqich 4 fevraldan 28 fevralgacha uyma-uy yurib ro‘yxatga olish shaklida tashkil etiladi. Bu onlayn ro‘yxatdan o‘tmagan fuqarolarni to‘liq qamrab olish va barcha ma’lumotlarni yagona rasmiy bazaga kiritish uchun amalga oshiriladi.
Mahalla yettiligi a’zolari maxsus beydjiklar bilan faoliyat olib boradi, ma’lumotlar xavfsiz tarzda saqlanadi. Shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi qonun bilan kafolatlangan. Ma’lumotlar boshqa idoralarga taqdim etilmaydi va telefon qo‘ng‘iroqlari yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali so‘ralmaydi. Onlayn ro‘yxatdan o‘tish faqat maxsus ishlab chiqilgan rasmiy platforma orqali amalga oshiriladi.
Ro‘yxatga olingan ma’lumotlar asosida hududlarda kelgusi davlat dasturlari, shu jumladan, maktablar, bog‘chalar va tibbiyot muassasalari qurilishi rejalashtiriladi, mehnat bozorida ehtiyojlar aniqlanadi va qishloq xo‘jaligi sohasida samarali strategiyalar ishlab chiqiladi. Shuningdek, iqtisodiy rivojlanish, investitsiya loyihalarini aniqlash va mahalliy mahsulotlar hajmini prognoz qilish imkoni paydo bo‘ladi.
Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish mamlakat kelajagini rejalashtirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega tadbir hisoblanadi. Fuqarolarning faol ishtirok etishi bugun taqdim etilgan aniq ma’lumotlar orqali ertangi taraqqiyot va barqaror rivojlanish uchun asos yaratadi.
Asqar Tashnazarov,
Viloyat statistika boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA