Munosabat
Xalqimiz katta yo‘lga chiqdi. Yo‘lki, chinnidek toza, ozoda, keng va ravon, eng muhimi, adog‘i nurli manzillarga, obodlikka, farovon hayotga tutash. Obrazli fikr-qarashlarimiz bejiz emas. Zotan, bundan besh yil muqaddam Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va hayotga muvaffaqiyatli tatbiq qilingan mamlakatimizni 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi O‘zbekistonning suratu siyratini ham, xalqimizning turmush tarzini ham, tafakkurimizni ham o‘zgartirganini, yuksaltirganini bugun xalqaro jamoatchilik, siyosatchilar, ekspert va mutaxassislar keng e’tirof etishmoqda.
Kuni kecha Prezidentimiz farmoniga muvofiq tasdiqlangan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi obod manzillar sari dadil ildamlab borayotgan xalqimiz uchun nurli mayoq bo‘ladi.
So‘zlarimizni mubolag‘aga yo‘ymasligingiz uchun aytay: Strategiyada kelgusida amalga oshiriladigan ishlarning sohasi, tarmog‘i, ularning qachon, kim yoki qaysi tashkilot tomonidan bajarilishi, mexanizmlari, jalb qilinadigan mablag‘i, pirovard natijalari aniq, lo‘nda belgilab berilganki, ular O‘zbekistonning porloq kelajagini tasavvurimizda yaxlit jonlantiradi, ertangi kunga ishonchimizni yanada mustahkamlaydi.
Strategiyada jahon miqyosidagi murakkab jarayonlarni va mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot natijalarini chuqur tahlil etgan holda keyingi yillarda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
Hujjatga xalqning o‘zi hammuallif bo‘ldi, deyish mumkin. Ya’ni uning loyihasi 17 kun davomida yurtdoshlarimiz muhokamasidan o‘tkazildi. Mazkur jarayonda aholimizga barcha shart-sharoit yaratib berildiki, barcha hujjatning har bir bandi bo‘yicha o‘z fikrini bildirish, takliflar kiritish imkoniga ega bo‘ldi. Qisqacha aytganda, mazkur hujjat ijtimoiy ekspertizadan o‘tkazildi. Ushbu muhokamalarda xalqimiz, shu bilan birga, soha ekspertlari va mutaxassislari yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi nihoyatda muhim ekanligini, u nafaqat mamlakatimizning besh yillik rivojlanish yo‘li va yo‘nalishlarini, balki undan keyingi ravnaqi uchun ham strategik ahamiyat kasb etishini qayd qilishdi. Bildirilgan 17 mingdan ortiq fikr-mulohazalarning hech biri e’tibordan chetda qolmadi. Pirovardida konseptual takliflar strategiyani takomillashtirishda foydalanildi.
Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan ustuvor chora-tadbirlar alohida yo‘nalish sifatida belgilanganini ta’kidlash joiz. Ularda ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan “Harakatlar strategiyasidan — taraqqiyot strategiyasi sari” g‘oyasini keng targ‘ib etish orqali jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish, “Yangi O‘zbekiston — ma’rifatli jamiyat” konsepsiyasini amalga oshirish ko‘rsatilgan.
Aholi o‘rtasida huquqiy madaniyatni shakllantirish bo‘yicha huquqiy ma’rifiy tadbirlar xalqimizning boy tarixi, ilmiy-madaniy merosi, milliy-diniy qadriyatlarni o‘rgatish bilan uyg‘un holda tashkil qilinadi. Targ‘ibot-tashviqot ishlari ta’sirchan, kreativ va innovatsion uslublarda olib boriladi.
Axborot texnologiyalari jadal taraqqiy etayotgan, barcha sohada globallashuv kuchaygan bugungi kunda inson ongu qalbini turli tahdid va xatarlardan himoya qilish yanada dolzarblashib bormoqda. Ushbu tahlikali va murakkab zamonda asrlar sinovidan o‘tgan milliy qadriyatlarimiz, xalqimizning o‘lmas ma’naviy merosi bizga tayanch hamda suyanchdir.
Strategiyaga asosan mamlakatimiz taraqqiyotining kelgusi besh yilligida o‘zbek xalqining milliy qadriyatlari va ma’naviy merosini asrab-avaylash, keng ommalashtirish hamda rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga, oila, ta’lim tashkilotlari va mahallalarda ma’naviy tarbiyaning uzviyligini ta’minlashga e’tibor yanada kuchayadi.
Ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda xolis axborotlarni o‘z vaqtida berib borish orqali yolg‘on ma’lumotlar tarqalishining oldini olishga ustuvor ahamiyat qaratiladi.
Hujjatda “mahalla — tuman — viloyat — respublika” prinsipi asosida hududlar kesimida ijtimoiy-ma’naviy muhitni optimallashtirish xaritasini shakllantirish, bu jarayonga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish belgilangan.
Har qanday muammoga ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganish, tadqiq etish orqali samarali yechimlar topish mumkin. Davlatimiz rahbari ma’naviy-ma’rifiy sohada ham jahonda kechayotgan geosiyosiy va mafkuraviy jarayonlarni chuqur tahlil qilib, ulardan xulosa chiqargan holda to‘g‘ri yo‘lni tanlashimiz zarurligini alohida ta’kidlab keladi.
Strategiyada ham mana shu yondashuvga alohida e’tibor qaratilgan. Unga muvofiq, yurtimizda ma’naviy tarbiyani baholashning ilmiy asoslangan indikatorlarini ishlab chiqish, maktablarni chinakam ma’naviyat va ma’rifat, madaniyat o‘chog‘iga aylantirish uchun ta’lim-tarbiyaning interaktiv usullarini qo‘llash nazarda tutilgan.
Yoshlar — har qanday mamlakatning ertasi, kuch-qudrati, suyangan tog‘i. Ular har tomonlama barkamol, jismonan baquvvat, ruhan va ma’nan sog‘lom, bilimli, yuksak tafakkurli bo‘lib ulg‘aysa, el-yurtning ham kelajagi yorug‘, barqaror va farovon bo‘ladi.
Shu nuqtai nazardan hujjatda yoshlar ta’lim-tarbiyasiga alohida urg‘u berilgan. Jumladan, bugungi qaltis davrda mafkuraviy xurujlarga qarshi milliy g‘oya asosida birgalikda kurashish, oila, maktab va mahalla hamkorligini mustahkamlash va shu asosda ma’naviy tarbiyaning uzviyligini ta’minlash ko‘nikmasini shakllantirish aniq maqsad qilib belgilangan.
“Yoshlar — Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” shiori ostida “Yangi O‘zbekiston — Uchinchi Renessans” g‘oyasining ro‘yobga chiqarilishi ta’minlanadi.
Davlatimiz rahbari faoliyatining dastlabki yillaridanoq ijodkor ziyolilarga hamda kitobxonlik targ‘ibotiga katta g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgani bejiz emas. Zero, kitob aql mash’ali, beqiyos ma’naviy mo‘’jiza bo‘lishi bilan birga, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, bilim va dunyoqarashini boyitishda asosiy vositalardan biridir.
Strategik hujjatda ham aholiga axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatishni yanada rivojlantirish, kitobxonlikni keng ommalashtirish hamda “Kitobsevar millat” umummilliy g‘oyasini ro‘yobga chiqarish belgilangani shu jihatdan uni g‘oyat ahamiyatli hamda yanada jozibali ko‘rsatadi.
Strategiyada buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish alohida maqsad sifatida belgilangan. IHT, IRSIKA, AYSESKO, YUNESKO kabi dunyoning nufuzli xalqaro tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot markazlari va universitetlari bilan hamkorlikda “Yangi O‘zbekiston — Uchinchi Renessans” shiori ostida xalqaro konferensiya, simpozium va anjumanlar tashkil etish ko‘rsatilgan.
Shu bilan birga, kelgusi yillarda buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish maqsadida yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar qalamiga mansub 100 ta asarning xalqchil tarjimasi amalga oshiriladi, ular asosida ilmiy va ommabop risolalar yaratiladi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatining qo‘llab-quvvatlanishi jahon tamadduniga sezilarli hissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etishda muhim o‘rin tutadi.
Hujjatda madaniyat va san’at sohalarini yanada rivojlantirish, madaniyat muassasalari va ob’ektlarining moddiy-texnika bazasini yaxshilashga urg‘u qaratilgan. Shu bilan birga, madaniyat va san’at sohasi vakillari, ijodkorlar, shuningdek, ushbu sohada faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchi va xodimlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda ularning yashash sharoitlarini yaxshilash ko‘rsatilgan.
Kelgusi besh yillikda teatr va sirk san’atlariga e’tibor yanada kuchayib, ularning moddiy-texnika bazasi mustahkamlanadi. Madaniyat markazlari faoliyati takomillashtirilib, ular tomonidan aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish sifati oshiriladi, shuningdek, ularning moddiy-texnika bazasi yanada boyitiladi.
Hududlarda yangi madaniyat ob’ektlarini barpo etish va ularning samarali faoliyat olib borishini ta’minlash, milliy madaniyatni xalqaro darajada ommalashtirishga qaratilgan tadbirlarni hududlarda o‘tkazishga e’tibor oshadi.
O‘zbek xalqi madaniyati va san’atini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan atoqli ijodkor ziyolilar yubileylarini munosib nishonlash, hayoti va faoliyatini keng targ‘ib qilish, xotirasini abadiylashtirishga ahamiyat qaratilishi yurtimizdagi ma’naviy-madaniy muhitni yanada barqarorlashtirishga, yuksaltirishga xizmat qiladi.
Strategiyada jamiyatning ma’naviy, madaniy-ma’rifiy hayotida, jumladan, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda strategik manba sifatida kino san’atini yanada ravnaq toptirishga alohida urg‘u berilgan. Jumladan, kino sanoatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini bozor tamoyillari asosida takomillashtirish, shuningdek, xorijiy kinokompaniyalarni mamlakatga jalb qilish va hamkorlikda filmlar ishlab chiqarishni rivojlantirish, milliy multiplikatsiya industriyasini shakllantirish belgilangan.
Kino sanoatining iqtisodiyotning alohida tarmog‘i sifatida taraqqiy ettirilishi, zamonaviy va yuqori texnologik moddiy-texnika bazasiga ega infratuzilma hozirlanishi, sohada kadrlar tayyorlash, ijodkorlar va texnik xodimlar malakasini oshirishning samarali tizimi hayotga tatbiq etilishi xalqimiz kutgan, badiiy saviyasi yuksak filmlarning yaratilishiga sabab bo‘ladi.
Xullas, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida barcha soha qatori yurtimizning madaniy-ma’naviy rivojlanishi, bu borada dunyoga bo‘ylashishini ta’minlaydigan keng ko‘lamli chora-tadbirlar, ezgu maqsadlar belgilanganki, ular yaqin kelajakda mamlakatimiz istiqbolining nurli mayog‘i aylanishi, shubhasiz. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ma’naviyat — jamiyatdagi barcha siyosiy-ijtimoiy munosabatlarning mazmuni va sifatini belgilaydigan poydevordir. Bu poydevor qancha mustahkam bo‘lsa, xalq ham, davlat ham shuncha kuchli bo‘ladi.
Ozodbek NAZARBEKOV,
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri
O‘zA