Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakat hayotidagi muhim hodisa va Tokioga jo‘nab ketgan paralimpiyachilarimiz yoxud matbuotda nima gap?
12:34 / 2021-08-23

Kundalik gazetalar bilan tanishib borar ekanmiz, bir jihat ko‘zga yaqqol tashlanib turadi – hayot, dunyo tez o‘zgarmoqda.

 Globallashayotgan olamda u-bu voqea-hodisani boshqa mintaqada, bizdan olisda yuz beryapti, menga nima, deya bee’tibor bo‘lish noo‘rin. Davr insondan xabardorlik, hushyorlikni taqozo qilmoqda. Shu ma’noda matbuot, kundalik gazetalarning o‘rni beqiyos...

«Yangi O‘zbekiston» gazetasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz tadbirkorlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuviga katta e’tibor qaratgan. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Matematika instituti direktori, akademik Shavkat Ayupovning «Mamlakat hayotidagi muhim hodisa», Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, senator Minhojidin Hojimatovning «O‘zgarishlar qalb qo‘rimizdan boshlanadi» nomli maqola – munosabatlari so‘nggi besh yil ichida jamiyatda yuz berayotgan o‘zgarishlar haqida. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidovning «Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari safida bo‘lishga da’vat» maqolasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Yangi O‘zbekiston» gazetasi bosh muharriri bilan suhbatga javob o‘laroq yangraydi. Gazetadan o‘rin olgan «Saylov uchastkasini aniqlash bo‘yicha interfaol xizmat ko‘rsatish tartibi yo‘lga qo‘yilmoqda», «Matonatli paralimpiyachilarimiz Tokioga jo‘nab ketdi» kabi maqolalar ham kunning muhim yangiligi sifatida o‘quvchi e’tiborida bo‘ladi.

«Xalq so‘zi»da so‘nggi kunlarda yurtimizda bo‘lib o‘tgan ikki muhim voqea – Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Yangi O‘zbekiston» gazetasi bosh muhariri bilan suhbati va mamlakat tadbirkorlari bilan uchrashuvi taassurotlariga keng e’tibor qaratilgan. «Biz, ishbilarmonlarga bildirilgan ishonch, o‘z navbatida, katta mas’uliyat hamdir» sahifasi davlat rahbari va tadbirkorlar uchrashuvi taassurotlariga bag‘ishlanadi. Gazetadan o‘rin olgan Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, iqtisod fanlari doktori, professor Nodir Jumayevning «Imkonsiz tuyulgan masalalarga samimiy va ochiq muloqotda yechim topiladi» maqolasi tahlil va mushohadaning kengligi, qiziqligi bilan o‘quvchi e’tiborini tortadi. «Sport – salomatlik, go‘zallik, g‘urur-iftixor manbai, do‘stlik va hamjihatlik elchisi», «Nafosat – hayotbaxsh qudrat» kabi maqolalar ham gazetxon e’tiboridan chetda qolmaydi. Gazetadan o‘rin olgan Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, Oliy muftiy Naurizbay Utpenovning «Ezgulik va tinchlikka da’vat yoxud ma’rifatparvarlik g‘oyalarining haqiqiy vorislari...» maqolasi muqaddas dinimiz va o‘zbek-qozoq do‘stligiga bag‘ishlangani bilan e’tiborlidir...

«Ishonch» gazetasi Prezidentning tadbirkorlar bilan bo‘lgan uchrashuvida so‘zlagan nutqini to‘liq e’lon qilgan. «Munosabat» ruknida berilgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston kengashi raisi, senator Ulug‘bek Jalmenovning «Ko‘ngilga ko‘chgan shifoati» maqolasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Yangi O‘zbekiston» gazetasi bosh muharriri bilan suhbatlari taassurotlariga bag‘ishlanadi. Qashqadaryo viloyatidan tayyorlangan «Sho‘rabozor gulzorga aylanmoqda» sahifasi ham e’tiborni tortadi. Samarqanddan tayyorlangan «Ishdan bo‘shatish osonmi?» – Samarqand shahridagi “PUJSAR GROUP BREWEY” qo‘shma korxonasi Bosh direktori Yaroslava Koverjichekga ochiq xat» gazetxonnni befarq qoldirmaydi.  

Prezident maktablari haqidagi «Ishonch, umid va kelajak maktablari» sahifasi istiqlol yoshlarga berayotgan imkoniyatlar haqida... «Ishonch»ning so‘nggi sahifasidan o‘rin olgan «Em bo‘lsin!» yoxud «Kovid – 19»ga qarshi emlanishdan oldin va keyin nimalarga e’tibor berish kerak?» maqolasini har bir o‘quvchi o‘qishi va boshqalarga ham bu haqda yetkazishi muhim...

“Mahalla” jamiyatimizdagi eng e’tiborli gazetalarning biriga aylanib bormoqda. Gazetani varaqlab turib, undagi har bir maqola, sharh, izohga jamoa alohida yondashayotgani, bu esa sahifalar qiziqarli bo‘lib, gazetxonga islohotlarni chuqurroq anglash imkonini bermoqda. “Mahalla” – ommabop gazeta, uni o‘qib turib yon-atrofga, dunyoga boshqacha nazar bilan qaray boshlaydi o‘quvchi. Gazetani topib o‘qing, afsuslanmaysiz...

«Qishloq hayoti» gazetasi bugun o‘z o‘quvchilariga Prezidentimizning mamlakatimiz tadbirkorlari bilan uchrashuvdagi nutqini havola etgan...

Kundalik gazetalar, bamisoli ko‘zgu. Jamiyatdagi asl holat unda nechog‘lik aks etayotganini mutolaa jarayonidan bilib olasiz...

A.Narzulloyev, O‘zA