English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar yoki yashash joyini tanlash huquqi kafolatlanadi
15:36 / 2025-12-01

O‘zbekistonning yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyasi inson qadrini yuksak qadriyat sifatida e’tirof etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy natijasidir. Asosiy qonunda insonning mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanishi, turar yoki yashash joyini mustaqil tanlashi, shuningdek, chetga chiqish va vatanga erkin qaytish huquqi kafolatlandi.

Konstitutsiyaning 32-moddasida bu fundamental huquqlar aniq va qat’iy tartibda mustahkamlangan.

Endilikda shaxsning qayerda yashashi, qayerga borishi yoki ko‘chishi davlat tomonidan sun’iy tarzda cheklanishi mumkin emas. Bu esa huquqiy demokratik jamiyatning muhim belgilaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Yangi konstitutsion me’yor nafaqat O‘zbekiston fuqarolarini, balki mamlakat hududida qonuniy asosda bo‘lib turgan barcha shaxslarni qamrab oladi. Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham milliy qonunchilik asosida erkin harakatlanish va yashash huquqiga egadirlar. Bu, o‘z navbatida, mamlakatning ochiq va insonparvar davlat sifatidagi nufuzini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Oxirgi yillarda amalga oshirilgan muhim o‘zgarishlardan biri – ro‘yxatga olish tartibining soddalashtirilishi bo‘ldi. Pasport yoki uy daftariga shtamp qo‘yish amaliyoti bekor qilindi. Ro‘yxatdan o‘tish jarayonlari Ichki ishlar vazirligining “Manzil” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali “yagona darcha” tamoyili asosida amalga oshirilmoqda. Bu fuqarolar uchun ortiqcha vaqt va sa’y-harakatlar sarfini keskin kamaytirdi.

Ro‘yxatdan o‘tish muddati 1 kun etib belgilangani, vaqtincha ro‘yxat muddatining esa 1 yilgacha uzaytirilgani aholi uchun katta qulaylik yaratdi. Shuningdek, har bir shaxs doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tmasdan 10 kungacha yashashi mumkinligi huquqiy asos sifatida belgilab qo‘yildi.

Eng muhim jihatlardan biri — ro‘yxatga olish qoidalarini buzgan shaxsni yashash manzilidan chiqarib yuborish mumkin emasligi. Bu me’yor fuqarolarning daxlsizligini ta’minlash, davlat va shaxs munosabatlarida adolat va insonparvarlik tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Konstitutsiyada mamlakatdan erkin chiqish va unga qaytib kirish huquqi ham aniq belgilab qo‘yilgan. Fuqarolarning chetga chiqishi faqat qonunda nazarda tutilgan ayrim hollarda vaqtincha cheklanishi mumkin, mansabdor shaxslar tomonidan asossiz to‘siq qo‘yish esa man qilingan. Vatanga erkin qaytish huquqi esa mutlaq konstitutsion kafolat sifatida e’tirof etilgan. Bu, ayniqsa, chet elda vaqtincha ishlab yoki yashab turgan fuqarolar uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Yangilangan Konstitutsiya mamlakatda ochiq va barqaror huquqiy muhitni shakllantirishga, ichki migratsiyaga oid ma’muriy to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etishga xizmat qilmoqda. Ro‘yxatdan o‘tish tizimining raqamlashtirilishi esa fuqarolarning kundalik hayotida yanada keng imkoniyatlar yaratdi.

Shu tariqa, O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasi har bir shaxsning erkin harakatlanish, ko‘chish va yashash joyini tanlash huquqini kafolatlab, inson qadrini ustuvor qiymat sifatida e’tirof etishda navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.

Sabina Tursunova,  

Jamoat xavfsizligi universiteti

dotsenti.