O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilarni samarali boshqarish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida 42 ta maishiy chiqindi poligoni faoliyati tugatildi. Bu orqali qariyb 90 gektar yer maydoni tabiatga qaytarildi.
Mazkur ishlar Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi huzuridagi Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi tomonidan respublika miqyosida olib borildi. Qayd etish kerak, 2024 va 2025 yilning o‘tgan davri mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida jami 47 ta maishiy chiqindi poligoni rekultivatsiya qilindi va tuproq qatlami bilan yopildi.


Joriy yil boshidan buyon respublika bo‘yicha 18 ta (81,68 gektar) maishiy chiqindi poligonida rekultivatsiya va tuproq bilan yopish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu jarayon to‘liq yakunlandi.

Jami 185 ta chiqindi poligonidan 47 tasida qayta tiklash ishlari amalga oshirildi. Yopilgan 42 ta chiqindi poligoni natijasida 90 gektardan ortiq yer maydoni tabiiy holatiga qaytarildi, bu esa ekotizimni tiklash va aholi salomatligini muhofaza qilishda muhim ahamiyatga ega.
Kamola Yusupova, O‘zA