“Bir Vatan, bir el, bir bayroq”
Shu kunlarda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan 18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun sharafiga yurtimiz bo‘ylab “Bir Vatan, bir el, bir bayroq” shiori ostida estafeta bo‘lib o‘tmoqda.


Xususan, Namangan viloyatidan Toshkent viloyatiga o‘tgan ramziy estafeta Angren shahrida tantanavor tarzda qabul qilib olindi. Yurtdoshlarimizning davlat ramzlariga bo‘lgan ehtiromi va sadoqati yana bir bor o‘z ifodasini topdi. Jarayonda Toshkent viloyati faollari, Ma’naviyat targ‘ibotchilari, nuroniylar, harbiylar, sportchi yoshlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.


– Mazkur estafetada hududimiz aholisi ham faollik ko‘rsatdi, – deydi Ma’naviyat va ma’rifat markazi Angren shahar bo‘limi boshlig‘i Abduazim Shaxanov. – Mamlakat bayrog‘i milliy g‘ururimizdir. Bayram arafasida joylarda o‘tkazilayotgan bu kabi tashabbuslar yurtdoshlarimizni yanada birlashtirib, qalbida faxr-iftixor tuyg‘ularini yanada jo‘sh urishiga xizmat qiladi. Tadbirda ramziy bayroqni Tayekwondo WT bo‘yicha Jahon va Osiyo chempioni Rayhona Asambayeva qabul qilib oldi.


Shundan so‘ng Parkent tumanining Qiziltog‘ hududidagi “Chotqol” madaniyat markazida ham ko‘tarinki kayfiyatda bayramona tadbir o‘tkazildi. Turli davlat va jamoat tashkilotlari, yoshlar, jamoatchilik faollari ishtirok etgan tantanali tadbirda tuman san’atkorlari tomonidan vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlar, harbiy sinf o‘quvchi-yoshlarining chiqishlariga keng o‘rin berildi.


Kunning ikkinchi yarimida Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Parkent tuman o‘quv sport texnika klubining mashq avtomobillaridan tashkil topgan avtokarvon hududning markaziy ko‘chalari bo‘ylab davlatimiz bayrog‘ini o‘rnatgan holda harakatlandi.
Bugun esa ramziy bayroq estafetasi Bekobod shahar, Bekobod va Piskent tumanlari, Nurafshon shahar hamda O‘rta Chirchiq, Chinoz, Zangiota tumanlarida davom etmoqda.
A.Musayev, O‘zA.