Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamasharif bobo: “Hech qachon urush bo‘lmasin”
15:55 / 2023-05-08

Jizzax viloyatida 9 may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanib, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, nogironlari va front orti mehnat faxriylarining holidan xabar olinmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 2 maydagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida” gi farmoni doirasida ularning har biriga 18 million so‘mdan bir martalik pul mukofoti, tilla suvi yuritilgan “Sherdor” soati va boshqa ko‘plab qimmatbaho hamda esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirilmoqda.  

Jumladan, Sharof Rashidov tumanida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Mamasharif bobo Sodiqovga 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 78 yilligi munosabati bilan davlatimiz rahbarining bayram tabrigi, qimmatbaho va esdalik sovg‘alari hamda bir martalik pul mukofoti yetkazildi.  

101 yoshli Mamasharif bobo Sodiqovning xonadonida Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev, Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolbo‘tayev, Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy okrugi harbiy orkestri, Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi, huquq-tartibot idoralari, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi, o‘quvchi-yoshlar hozir bo‘ldi.  

[gallery-11775]

Viloyat hokimi Ergash Saliyev Prezidentimizning Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi va Mamasharif bobo Sodiqovga 18 million so‘m pul mukofoti va bayram sovg‘alarini topshirdi. Urush faxriysiga berilgan tilla suvi yuritilgan “Sherdor” soati davlatimiz rahbarining urush faxriylariga bo‘lgan hurmati belgisidir.  

Shuningdek, Mamasharif boboga viloyat, tuman hokimliklari, “Nuroniy” jamg‘armasi, Markaziy harbiy okrug tomonidan ham moddiy rag‘batlantirish va sovg‘a salomlar taqdim etildi. Bulardan tashqari, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashlari va boshqa ko‘plab tashkilotlar tomonidan ham ehtirom ko‘rsatildi.  

Mamasharif bobo Sodiqovning xonadonida haqiqiy bayram. Sharof Rashidov tumani umumta’lim maktabi o‘quvchilari hamda tuman madaniyat uyi qoshidagi havaskorlar tomonidan ona – yurt, tinchlik, mustaqillikni ulug‘lovchi, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabani sharaflovchi she’r, qo‘shiqlar yangradi, harbiy orkestr ijrosidagi tantanavor kuylar barchaga xush kayfiyat ulashdi.  

Hozirda 101 yoshni qarshilagan, urush faxriysi Mamasharif Sodiqov o‘z mehnat faoliyati va ibratli hayoti bilan barchaga o‘rnak bo‘lgan. U halol mehnat qilib, farzandlarini kamolga yetkazdi. Bugun esa farzandlari, nevara, chevara, gavara va evaralarining, qolaversa hukumatimiz ardog‘ida.  

Uchrashuv davomida bobo vatan ozodligi uchun kechgan janglar, urushdan keyingi tiklanish davri mashaqqatlari, o‘zining mazmunli mehnat faoliyati to‘g‘risida hikoya qilib berdi.  

– Qarang qanday dorilomon kunlarda, jannatmakon yurtda yashayapmiz. Hech bir bayram yo‘qki, Prezidentimizning ko‘plab sovg‘a-salomlari bilan biz faxriylarni yo‘qlab kelishmasa. Sog‘ligim doimiy nazoratda. bugungi dorilomon kunlarning qadriga yetib, xudoga shukrona aytib duoda bo‘lishimiz kerak. Urushning oti o‘chsin. Endi hech qachon urush bo‘lmasin. Yaratgan osmonimizni hamisha musaffo qilib, xalqimizni faravon, yurtimizni tinch qilsin. Shu Vatanni oqilona boshqarib turgan Yurtboshimizning aziz boshlari omon bo‘lsin, viloyatimiz, tumanimiz rahbari ham sog‘-salomat bo‘lsin, Omin, – deya Mamasharif bobo Sodiqov  barchaga omad tilab duo qildi.  

A.QAYUMOV,  

J.YORBEKOV (surat), O‘zA